Breaking News

Suriya BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida asosiy mavzu


Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi binosi
Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi binosi
Kelasi hafta Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi boshlanadi. Unda asosan Suriya masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Suriya BMT muhokamasida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00
Yuklab oling

Suriya prezidenti Bashar al-Assad muxolif kuchlar g’alaba qozonmaydi, bu “terrorchilar” albatta yengiladi, deydi. Ayni paytda Assad oppozitsiya bilan muloqot uchun eshik ochiq deyishda ham davom etmoqda.

Misrning “Al-Ahram al-Arabiy” haftalik nashrida chop etilgan maqolada Assadning da’vo qilishicha, Suriya xalqi hukumatga qarshi qurolli qo’zg’olonni quvvatlamaydi.

Mamlakatdan olinayotgan xabarlarga ko’ra, armiya tinch aholi punktlariga bomba yog’dirishda davom etmoqda. Bugun poytaxt Damashq atrofida ham kuchli portlash ovozlari eshitilgan.

Masala yuzasidan yetakchi davlatlar o’rtasida yakdillik yo’q ekan, BMT yig’inidan biror yechim kutish qiyin. Rossiya, Xitoy va Eron Bashar al-Assadni yoqlasa, arab davlatlari, Qo’shma Shtatlar, Britaniya va Fransiya muxolif kuchlar tarafida.

Chetdan hech kim bu mamlakatning ichki ishlariga aralashmasligi kerak, deydi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yang Jeychi.

“Biz Suriyada siyosiy o’zgarishlar bo’lishini qo’llab-quvvatlaymiz. Ammo buni Suriya xalqining o’zi qilishi kerak. Tashqaridan majburlab qilinmasligi kerak”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha, majburlov kuchiga ega bo’lmagan “quruq qarorlar” qabul qilishdan naf yo’q.

“Majburiyat yuklamaydigan rezolyutsiyalarni qabul qilishdan foyda nima? Chunki ko’ryapmizki, Assad bularga ko’z yumib, o’z odamlarini qirishda davom etadi”, - deydi AQSh rasmiysi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida esa AQSh Suriyani jazolashda bir o’zi harakat qildi, samarasiz ishda endi aybni boshqalarga yuklamasligi kerak.

“Sanksiya tarafdorlari Rossiya va Xitoyni xalqaro kelishuvga erishish yo’lida to’siq bo’layotganlikda ayblamoqda. Lekin siz kimdir bir o’zi qaror qilgan masalaga hamma qo’shilishi kerak deb talab qilolmaysiz”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

Bosh Assambleya sessiyasi oldidan AQSh Rossiya va Xitoy bilan muzokaralar olib bordi, biroq ular biror natija bermadi.

Vaziyatga real ko’z bilan qarash kerak, deydi Xillari Klinton.

“Suriya masalasida Rossiya bilan qarashlarimiz bir emas. Bu shunday davom etsa, hamkorlarimiz bilan Assadni tezroq hokimiyatdan ketkazish uchun Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlashda davom etamiz. Suriyaning demokratik kelajak uchun tayyorlanishiga yordam berishimiz kerak”, - deydi AQSh Tashqi ishlar vazirasi.

Suriya muxolifati orasida ham birdamlik yo’q. Assaddan keyin nima bo’ladi? Bu borada ular turlicha pozitsiyada.

AQSh, Britaniya hamda Fransiya diplomatlarining ta’kidlashicha, Tehron Damashqqa qurol uzatishda davom etmoqda va bu zudlik bilan to’xtatilishi kerak. Eronning Suriyaga qurol yetkazayotgani bag’oyat jiddiy masala, deydi AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays.

“BMT sanksiyalari Eronning har qanday davlatga qurol sotishini taqiqlaydi. Ammo Tehronning battol Assad rejimiga qurol uzatayotgani tashvishlanarli hol. Ekspertlar xulosasiga ko’ra, Eronning noqonuniy qurol-yarog’ eksportida Suriya markaziy o’rinda”, - deydi AQSh diplomati.

Eron Inqilobiy Gvardiyasiga ko’ra, Suriya va Livanga faqat noharbiy jabhalarda yordam berilmoqda. Ammo bir kun o’tib mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni inkor etdi.

Xalqaro axborot agentliklari berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Eron fuqaro samolyotida Iroq orqali Suriyaga harbiy qurol va mutaxassislar yetkazib turibdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG