BMT elchisi Suriya sulhini muhokama qilish uchun Rossiyaga keldi

  • Amerika Ovozi

Suriyada urishayotgan taraflarni sulh shartlariga qayta ko'ndirish maqsadida BMT elchisi Staffan de Mistura Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ko'rishyapti, 3-may, 2016-yil.

Suriyada urishayotgan taraflarni sulh shartlariga qayta ko'ndirish maqsadida BMT elchisi Staffan de Mistura Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ko'rishyapti, 3-may, 2016-yil.

Suriyada urishayotgan taraflarni sulh shartlariga qayta ko'ndirish maqsadida BMT elchisi Staffan de Mistura Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ko'rishyapti.

Prezident Bashar al-Assadga xayrixoh kuchlar va isyonchilar fevral oxirida otishmani to'xtatishga ko'ngan, zo'ravonliklar ancha kamaygan edi. Lekin sekin-asta tomonlar bir-birini sulhni buzganlikda ayblab, yana quroliga yopishdi.

Janglar, ayniqsa, Halab shahri atrofida qaqshatqich tus olgan. So'nggi bir haftada armiya va isyonchilarning otishmalari yuzlab odamlarni hayotdan olib ketdi.

Lavrov va Amerika bosh diplomati Jon Kerri dushanba kuni telefonda gaplashgan. Muloqotda sulh ahamiyatini har ikkisi birday e'tirof etgan.

Kerri Jenevada de Mistura va boshqa ittifoqchi davlatlar vakillari bilan ko'rishib, urushni bas qilish yo'llarini muhokama qilgan edi. Aynan qanday yo'llar, rejalar haqida gap ketgani ma'lum emas.

Matbuotning ismini oshkor etmagan AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, Amerika otishmadan xoli, tinch aholi va muxolifat uchun xavfsiz joylarni belgilashni taklif qilmoqda.

Kerri Rossiyaning qo'llab-quvvatlovini istayapti, biroq hozircha biror natija yo'q. Suriya rahbari Assad armiyasini qurolini tashlashga, isyonchilar nazoratidagi Halab shahrini bombardimon qilishni bas qilishga aynan Moskva ko'ndirishi mumkin.

Amerika diplomatining aytishicha, Halab yuzasidan kelishuv yaqin kunlarda e'lon qilinishi mumkin.

Qo'shma Shtatlar uchun besh yildan oshiq davom etayotgan tanazzulni hal qilishdan umidini uzmaganini namoyish qilish muhim. Lekin tanqidchilar nazarida Amerika yetarlicha jonbozlik ko'rsatmayotgani oqibatida Rossiya qo'llovini olgan Suriya armiyasining qo'li baland kelmoqda.

Suriya qo'shinlari Halabga ikki hafta oldin hujum qila boshladi. Rossiya esa bu amaliyotni aksil-terror harakatlari, al-Nusra frontiga qarshi amaliyot deya ta'riflamoqda.

Sharhlovchilar so'zlariga ko'ra, Amerika rasmiylari Halabga uyushtirilgan hujumga e'tiroz bildirmagan. AQSh harbiylari al-Nusra fronti jangarilari Halabda katta kuchga aylanganini aytgan.

Biroq shaharda Chegara bilmas shifokorlar yordamida ishlayotgan al-Quds kasalxonasi bombardimon qilinib, bolalar va shifokorlar nobud bo'lgach, munosabat o'zgargan.

Kerri voqeadan g'azabda. Tahlilchilarning aytishicha, bu Amerika uchun ixtilof yechimiga zo'r berish uchun imkoniyat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG