Bashar al-Assad askarlar qoni uchun o'ch olmoqchi

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi zo'ravonlik aks etgan surat, 7 iyun 2011

Suriyadagi zo'ravonlik aks etgan surat, 7 iyun 2011

Suriya shimolida armiya shafqatsiz reydlar rejalayotgani taxmin qilinar ekan, aholi hududni tark etmoqda.

Rasmiylar hisobicha, o’tgan shanba va yakshanba Jisr al-Shugur shahrida 120 askar va politsiyachi o’ldirilgan.

Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati buni qirg’in deb aybdorlarni jazolamoqchi.

Hukumat izohiga qaraganda, jinoiy to’dalar qatliomga qo’l urgan.

Huquq faollari bu gaplarga shubha bilan qaraydi.

“Tajribali, qurollangan askarlar shuncha talofat ko’rgani gumon”, - deydi ular.

Daraa shahridagi namoyishlar

Daraa shahridagi namoyishlar

Vahimaga tushgan Jisr al-Shugur ahli esa boshpana izlab qo’shni viloyatlar yoki Turkiyaga qocha boshlagan.

Qolishga jur’at etgan fuqarolar qo’rquvda.

Suriyaga xorijlik muxbirlar kirishi man etilgan va vaziyatni xolis baholash qiyin.

Axborot vaziri Adnan Mahmudning aytishicha, jinoiy to’da aholidan qalqon sifatida foydalanmoqda.

“Armiya tinchlik va barqarorlikni ta’minlay oladi”, - deydi vazir.

Mart oyidan beri isyon ko’tarib, prezident Bashar al-Assad iste’fosini talab qilayotgan ayrim fuqarolar quroli borligini tan oladi, lekin maqsad faqat mudofaa ekanini aytadi.

Namoyishlar ketidan namoyishlar

Namoyishlar ketidan namoyishlar

Hukumat esa qo’zg’olonda terrorchi va ajnabiy kuchlarni ayblaydi.

Huquq himoyasi bilan mashg’ul guruhlar hisob-kitobiga qaraganda, namoyishlarda 1300 odamning yostig’i qurigan. Assad ma’muriyati g’alayonni kuch bilan bostirib keladi.

Xabarlarga ko’ra, ba’zi zobitlar namoyishchilarni o’qqa tutishdan bosh tortgan. Ular jazolanib, qatl etilgani taxmin qilinadi.

Fransiya masalani BMT Xavfsizlik Kengashi muhokamasiga olib chiqib, Bashar al-Assad va uning safdoshlarini qoralovchi rezolyutsiyani olg’a surmoqchi. Suriya faollari esa Xalqaro jinoiy sudga arz qilib, hukumatni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblash niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG