Jon Kerri: Suriyada hech kim g'alaba qilayotgani yo'q

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg bugun Suriya yuzasidan muzokara o’tkazgan.

Ixtilofni faqat siyosiy, diplomatik yo'l bilan yechish mumkin, deydi ular. Kerrining aytishicha, hozir Suriyada biror tomon g'alaba qilayotgani yo'q. Shu zayilda ketaversak, faqat yutqizamiz, suriyaliklar mag'lub bo'ladi, dedi Amerika bosh diplomati.

Bu orada, faollarning aytishicha, isyonchilar sharqdagi Deir al-Zo’r viloyatida o’nlab shialarni o’ldirgan.

Britaniyada asoslangan Suriya inson huquqlari idorasining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Xatla shahrida kecha nobud bo’lgan qariyb 60 odamning aksariyati hukumatga xayrixoh shia jangchilar bo’lgan. Binolarga o’t qo’yilgan, shaharning tinch aholisi bosh olib chiqib ketgani aytiladi.

Suriya hukumati voqeani qoralab, uni tinch fuqarolarga qarshi qatliom deb ta’riflamoqda.

Vashingtonda muloqot qilayotgan Jon Kerri va Vilyam Xeyg Suriyada muvaqqat hukumat tuzish haqida gaplashayapti. Maqsad davlatni ikki yildan beri davom etayotgan urush domidan olib chiqish.

Britaniya va Amerika Suriya muxolifatini faqat noharbiy yordam bilan ta’minlaydi va oxirgi paytlarda qurol-aslaha berish masalasi muhokama qilinayapti.

Oq uyning bildirishicha, Qo’shma Shtatlar va ittifoqchi mamlakatlar mojaroga tinch yechim topishga urinmoqda, ammo tinimsiz zo’ravonliklar isyonchilarni qo’llab-quvvatlash zaruratidan dalolat beradi.

Prezident Barak Obama Suriyaga qo’shin jo’natish niyati yo’qligini avval boshdan ma’lum qilgan.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti ham oppozitsiya, ham Bashar al-Assad hukumatidan gumanitar yordamning erkin qatnashi uchun imkoniyat yaratishni so’rayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG