Rossiya Suriyaga piyoda qo'shin yuborishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh harbiy-havo kuchlari o'tgan hafta Suriya shimolidagi isyonchilarga yengil qurollar yetkazdi. Marea shahrida ularni "Islomiy davlat" jangari to'dasi qurshab olgan. Ekstremistlar bu shaharni bosib olishga harakat qilmoqda.

AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo'mondonligi so'zlovchisi polkovnik Patrik Rayder havodan tashlangan harbiy yuk tarkibida tankka qarshi qurollar borligini inkor etmoqda. "Ozod Suriya Armiyasi" bir necha haftadan buyon AQShdan ko'mak so'rayotgan edi.

Suriyaning Azaz va Marea shaharlari isyonchilar uchun o'ta muhim. Ularni Turkiya bilan bog'laydigan yo'llar shu yerdan o'tgan.

Bu orada, Rossiya Suriyaga katta qo'shin kiritish haqida o'ylanmoqda. Bu haqda tashqi ishlar vaziri sobiq o'rinbosari Andrey Fyodorov "Al-Jazira" telekanali bilan suhbatda ma'lum qildi. Uning aytishicha, Prezident Putin Suriyadagi jang maydoniga askarlarni jo'natish borasida qo'mondonlar bilan maslahatlashyapti. Maqsad - ittifoqchisi Bashar Assadning mutlaq g'alabasini ta'minlash.

Bundan sakkiz oy ilgari Rossiya Suriyada havo hujumlariga kirishganida Putin piyoda qo'shin safarbar etish rejamiz yo'q, deya ta'kidlagan edi.

Hozir jang maydonida rus maxsus kuchlari va tanklari borligi ma'lum, ammo katta miqdorda emas. Assad tomonida jang qilayotgan piyoda askarlar, asosan, Hizbulloh jangchilari, Eron harbiylari hamda afg'onistonlik yollanma jangarilar.

"Ozod Suriya Armiyasi" sobiq qo'mondoni general Salim Idris yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Assadning armiyasiga bas kelolmaymiz, deya tan olgan. Lekin rejim oppozitsiyani ham yenga olgani yo'q. Ruslar qo'shin kiritsa, vaziyat o'zgaradi, deydi u.

Sobiq rasmiy Andrey Fyodorovga ko'ra, Rossiyaning urushga chuqurroq tortilishi va buning oqibatlari harbiylar uchun nozik masala. "Turli guruhlar o'rtasida muzokara murakkab tus oladi, Amerika bilan o'rtada ziddiyatlar oshadi", - deydi u.

Boshqa tarafdan, Fyodorov nazarida, agar Assad kattaroq hududlarni o'z nazoratiga olsa, saylovlar uchun sharoit yaratiladi va saylovda uning o'zi yutib chiqadi.

Rossiyaning Suriyaga qo'shin jo'natish mavzusi ko'tarilayotgani boshqa bir maqsadni ham ko'zlayotgan bo'lishi mumkin. Bu ham bo'lsa, Suriya oppozitsiyasini muzokarada yon berishga ko'ndirish, "Assad ketsin" degan talablardan voz kechtirish.

Mahalliy faollarning aytishicha, bunday taktika ish bermaydi. Qurolli muxolifat ham, oppozitsiyadagi siyosatchilar ham Assadga bo'lajak hukumatda joy berilishiga qarshi. Muzokarachilar Rossiya talabiga ko'ngan taqdirda ham, isyonchilar qurolini tashlamaydi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG