AQSh Suriyaga qarshi harbiy harakatga tayyor

  • Amerika Ovozi

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, agar prezident Barak Obama buyruq bersa, Qo’shma Shtatlar Suriyaga qarshi harbiy harakat boshlashga tayyor.

Xeygel bu haqda Malayziyaga safari chog’ida so’zlagan. Vashington va ittifoqchi davlatlar Suriyada kimyoviy qurol ishlatilgani haqidagi da’volarni o’rganmoqda va qanday chora ko’rish xususida o’ylanmoqda, deydi Xeygel.

Kecha AQSh harbiy qo’mondonlari va milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari Obamaga Suriya bo’yicha harakat dasturini taqdim etgan.

Oq uy bayonotida aytilishicha, razvedka qo’shimcha ma’lumot to’plashga kirishgan ekan, Obama Britaniya bosh vaziri Deyvid Kameron bilan maslahatchilari rejasi bilan o’rtoqlashgan. Har ikki rahbar Suriyada kimyoviy qurol qo’llanganidan afsus bildirgan, deyiladi bayonotda.

Davlat kotibi Jon Kerri masalani Suriya tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim bilan muhokama qilib, agar Damashq qurolni ishga solmagan bo’lsa, BMT tergovchilari ishiga halaqit bermaslikni so’ragan.

Kerri Arab Ligasi, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya rasmiylari bilan ham shu mavzuda gaplashgan.

Suriya hukumati fuqarolarini kimyoviy quroldan nishonga olganini inkor etar ekan, aybni isyonchilarga to’nkamoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Suriya hukumati bugun inspektorlar ishini davom ettirish haqida kelishib olgan. Dushanba kuni BMT ekspertlari 21-avgust kuni Damashq yaqinida sodir etilgan kimyoviy xurujni tergov qilish uchun Guta shahriga yo'l oladi. Suriya hukumati bu ishda ularga yordam berishga va inspektorlar xavfsizligini ta'minlashga rozi bo'lgan.

Isroil xurujni qoralab, Bashar Assad hukumatiga qarshi harbiy chora ko'rishga tayyor ekanini aytgan. Fransiya prezidenti ham masalani AQSh va Britaniya bilan muhokama qilmoqchi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G'arb davlatlarini BMT inspektorlariga o'z so'zi va fikrini o'tkazishga harakat qilayotganlikda aybladi. Rossiya parlamentining Xalqaro aloqalar qo'mitasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, prezident Obama borgan sari sobiq hamkasbi Jorj Bushga o'xshab ketmoqda.

"Bush Iroq urushini soxta dalillar asosida boshlagani kabi Obama ham Suriyada shunday xatoga yo'l qo'yishi mumkin" deyiladi bayonotda.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Suriyada kimyoviy qurol qo’llanganini qoralagan, ammo hech bir tomonni bunda ayblamagan. Eron qurolli kuchlar bosh shtabi rahbarining o'rinbosari Masud Jazoiriy esa Suriyaga qarshi harbiy harakat boshlansa, Tehron chetda qarab turmasligini bildirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG