AQSh Suriyada isyonchilarni qurollantirmoqchi lekin vaziyat tobora tang

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Tal Tamr shahrida jihodchilar kurd va nasroniy jangchilar bilan olishmoqda

Suriyaning Tal Tamr shahrida jihodchilar kurd va nasroniy jangchilar bilan olishmoqda

AQSh Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan mo’tadil isyonchilarni qurol bilan ta’minlashga harakat qilarkan, al-Qoidaga aloqador jangarilar hujumga zo’r berib, ularni zaiflashtirmoqda. Tahlilchilar nazarida Pentagonning isyonchilarni qurollantirib, tayyorgarlikdan o’tkazishga qaratilgan dasturi xavf ostida.

Suriyada al-Qoidaga aloqador Nusra fronti jangari guruhi jang maydonida qator muvaffaqiyatlarga erishib, AQShning mo’tadil muxolifatga yordam berish strategiyasiga pand bermoqda. Muxolifat bir paytning o’zida Bashar Assad qo’shinlari va “Islomiy davlat”ga qarshi kurashmoqda.

Nusra fronti jangarilari hujumi oqibatida Halab viloyatida isyonchilar o’z qarorgohini tashlab qochgan. Bu G’arb tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan isyonchi guruhining so’nggi bir necha oyda Nusra tomonidan ikkinchi bor jiddiy zarba yeyishi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi isyonchilarga yashirin tarzda qurol uzatgan edi.

Urushlarni o’rganish institutida Suriya bo’yicha mutaxassis Jennifer Kafarellaning aytishicha, al-Qoida Suriyada qanot yozmoqda.

Nusra tarafdorlari isyonchilar qarorgohini qo’lga kiritgach, ulardan qolgan AQSh qurollari, tankka qarshi raketalarini suratga tushirib, chop etdi.

Obama ma’muriyati qurollar ekstremistlar qo’liga tushishidan qo’rqib, isyonchilarni qurollantirishga shoshilmayapti.

Demokratiyalarni mudofaa qilish jamg’armasida bosh tahlilchi Jonatan Shanzerning aytishicha, bu xavotirlar AQSh ma’muriyatiga anchadan beri ma’lum, shu sababdan isyonchi guruhlarga qurol yetkazilmayapti.

“Biz mo’tadil deb bilgan hech bir guruhda hududni ushlab turish uchun yetarlicha kuch va harbiy salohiyat yo’q. Assad rejimini qulatish uchun zarur ilg’or qurollarni ularga ishonib bo’lmaydi”, - deydi Shanzer.

Ayni damda Pentagon yangi o’quv-mashq dasturiga odam tanlash bilan ovora. 1200 nafar suriyalik ko’rilmoqda. Mashg’ulotlar Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatarda o’tkaziladi. Bir yilda 5000 ga yaqin isyonchini tayyorlash ko’zda tutilgan.

“Isyonchilarni qo’llab-quvvatlashning o’ziga yarasha xavfi bor. Ammo qo’l qovushtirib o’tirishning ham o’ziga yarasha xavfi mavjud. Suriya inqilobini qo’llab-quvvatlamasak, al-Qoida uzoq muddatda kuchayib ketadi”, - deydi tahlilchi Jennifer Kafarella.

Mutaxassislar fikricha, mo’tadil guruhlar G’arb davlatlariga qarab turgani uchun ham Nusra fronti ularni yakson qilmoqchi.

Kafarella al-Qoida jangarilari hujumlarini to’xtatmaydi, deydi.

“Isyonchilar AQSh tayyorgarligidan so’ng harbiy harakatlarga kirishgach, janglar yanada qiziydi, Nusra fronti Suriyada G’arb manfaatlariga hujumlarini kuchaytiradi, al-Qoidaga G’arbga qarshi xurujlar uyushtirishda yordam bera boshlaydi”, - deydi Kafarella.

Yana bir ekspert Jonatan Shanzerning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqda ittifoqchilarni tanlashda xatoga yo’l qo’ymoqda. Masalan, Yamanda hutiylar poytaxtni egallab, AQShdan yuzlab million dollar miqdorda yordam puli olgan hukumat a’zolari qochib ketdi.

Iroqda esa Pentagon xavfsizlik kuchlarini tayyorlash va qurollantirish uchun milliardlab dollar sarflagan, ammo harbiylarning katta qismi islomiy jangarilar hujumiga duch kelib, postlarini tashlab ketishga majbur bo’ldi.

“Yaqin Sharqning markaziy hukumat zaif, korrupsiya chuqur ildiz otgan mamlakatlarida xalq nazaridan qolgan yoki islomiy harakatlar tomonidan qulash ehtimoli bilan yuzlashgan hukumatlar bilan ishlash AQShga ko’p hollarda qimmatga tushdi”, - deydi Shanzer.

Tahlilchining aytishicha, Yaqin Sharq hukumatlarini qurollantirish arab bahoridan oldin xavfsiz edi, biroq mintaqadagi inqilob va isyonlar ketidan vaziyat ancha qaltislashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG