Breaking News

G'arb BMT ruxsatisiz Suriyaga qarshi urush rejalamoqda


Damashqning Jobar mahallasi portlashlardan so'ng, Suriya, 25-avgust, 2013-yil
Damashqning Jobar mahallasi portlashlardan so'ng, Suriya, 25-avgust, 2013-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerri Damashq teveragidagi kimyoviy hujumda Suriya qurolli kuchlarining qo’li bor, demoqda. Britan matbuoti xabariga ko’ra, Amerika va ingliz qo’shinlari Suriyaga qarshi harbiy amaliyot rejalamoqda.

AQShning har ikki yirik partiyasidan ko’zga ko’ringan qonunchilar hukumatni Suriyaga qarshi dadil chora ko’rishga chaqirmoqda.

Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi, demokrat Eliot Engelning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Suriyada yuzlab odamlarning kimyoviy quroldan qirilishiga ko’z yummasligi kerak.

"Tez harakat qilishimiz lozim", - dedi kongressmen.

Respublikachi senator Bob Korker ham Engelni qo’llab-quvvatladi. Biroq qonunchilar Suriyaga askar yuborishni tavsiya qilgani yo’q. Ayrim xabarlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Suriyani havodan nishonga olishi mumkin.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kerri bilan kecha gaplashib, harbiy harakatlar haqidagi xabarlardan tashvish bildirgan.

Suriya prezidenti Bashar Assad Rossiya gazetasiga intervyu berib, Amerikaning harbiy yurishi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi haqida ogohlantirgan.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygning aytishicha, Suriyaga qarshi operatsiya uchun BMT Xavfsizlik Kengashining roziligini olish shart emas. Uning fransiyalik hamkasbi Loren Fabius nazarida kengashda Suriyaning ittifoqchilari bo’lmish Rossiya va Xitoy fotihasini olib bo’lmaydi, biroq bunday vaziyatda qo’l qovushtirib o’tirish ham yarashmaydi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’lining aytishicha, Xavfsizlik Kengashi hamfikr bo’lmasa ham Anqara Suriyaga qarshi harbiy koalitsiyaga qo’shilishga tayyor.

Bu o'rtada Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lum qilishicha, Suriyada BMT inspektorlari ketayotgan mashinalardan biri snayper hujumiga uchragan. Inspektorlar o’tgan hafta Damashq tevaragidagi Guta shahrida ro’y bergan kimyoviy hujumni tergov qilmoqda.

Isyonchilar va faollar hukumatni bu ishda ayblasa, rasmiy Damashq aybni isyonchilarga to’nkamoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga ko’ra, aybdor aniqlansa, bu kabi hujum takrorlanishining oldini olsa bo’ladi.

"Haqiqatning qaror topishidan Suriyadagi barcha tomonlar manfaatdor. Kimyoviy qurol tahdidi jahon hamjamiyatini xavotirga solishi zarur. Shuning uchun ham hammaning ko’zi hozir Suriyada", - dedi bosh kotib.

Qo’shma Shtatlar Damashqni xalqaro inspektorlarga hujumdan besh kun o’tib joyni ko’zdan kechirishga ruxsat berganini tanqid qilmoqda.

G’arb davlatlari nazarida bu vaqt ichida dalillar yo’qolishi hech gapmas.

Assad Gutadagi fojiaga aloqasi yo’qligini aytgan. Unga ko’ra, hujum sodir etilgan payt hududda askarlar bo’lgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG