BMT: Suriyadagi vahshiyliklarni to'xtatish uchun chora ko'raylik

  • Amerika Ovozi

Suriyalik qochoq ayol, 16-iyun, 2015-yil.

Suriyalik qochoq ayol, 16-iyun, 2015-yil.

Suriya bo'yicha BMT Tekshiruv komissiyasi rahbari Suriyada vahshiylik va qatliom davom etayotganini bildirdi. Paulo Pineyroning "Guardian" gazetasiga yozishicha, mamlakatdagi ixtilofga siyosiy yechim topish salohiyatiga ega davlatlar tinchlik sari qadam tashlash o'rniga, qonli kurashni yanada kuchaytirmoqda.

Suriyadagi fuqarolar urushidan qochib 4 million odam mamlakatni tark etgan. Yana 7,6 million fuqaro mamlakat ichida sargardon yuribdi. Muxolif tomonlar o'rtasidagi to'qnashuvlar oqibatida maktab va shifoxonalar vayron qilingan.

2011-yil mart oyida Prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi tinch namoyishlar tarzida boshlangan norozilik muxolif guruhlar va hukumat o'rtasida qonli urushga aylanib ketdi. Shu paytgacha 220 mingdan ortiq odam halok bo'lgan.

"Bu uqubatdan hech bir jins, etnik elat yoki din vakili xoli emas, - deya yozadi Pineyro. - Sunniy yoki shia, kurd yoki falastinlik, nasoro yoki druz bo'lishidan qat'i nazar, barcha suriyaliklar bu qonli urushning qurboni".

O'tgan yili Jenevada ikki bor tinchlik muloqoti o'tkazilgan edi, ammo ulardan kutilgan siyosiy yechim topilmadi.

Pineyroning aytishicha, dunyo hozir hamdardlik bildirishdan nariga o'tmayapti va muammoni yechishda bundan hech qanday naf yo'q. Suriyadagi jinoyatlar Xalqaro Jinoiy sudga oshirilishi kerak hamda bu yerdagi turli guruhlarga ta'sir o'tkaza oladigan davlatlar muzokaralarni boshlash uchun jiddiy choralarni ko'rishi lozim, deya fikr bildiradi BMT rasmiysi.

"Xalqaro hamjamiyat tomonidan qat'iy bir qarorning yo'qligi bois tomonlarda o'zini aybsiz his qilish madaniyati shakllandi", - deydi Pineyro.

Yaqinda BMT qochoqlar agentligi e'lon qilgan hisobotda Suriya eng ko'p qochqinlar kelayotgan davlat sifatida tilga olingan. Ayni paytda dunyo bo'ylab mojarolar oqibatida uyini tark etganlar soni eng yuqori ko'rsatkichga yetgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG