Suriyadagi mojaro sog'liqni saqlash tizimini ishdan chiqargan

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi kasalxona, Halab shahri, 6-avgust, 2012-yil.

Suriyadagi kasalxona, Halab shahri, 6-avgust, 2012-yil.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Suriyada tibbiy tizim ishdan chiqayotganidan xavotirda. Hukumat kuchlari va muxolifat o’rtasida janglar tobora shiddatli tus olar ekan, farmatsevtika sanoati ancha sustlashgan, dorilar yetishmayapti.

Suriyada dorilarning 90 foizi mamlakat ichida tayyorlanadi. Zo’ravonliklar kuchaygan sari esa dori-darmon ishlab chiqarish uchun kerakli xom-ashyo tanqis, yonilg’i qimmat, xalqaro sanksiyalar ham umumiy ishlab chiqarishga putur yetkazgan.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti hisobiga ko’ra, dori ishlab chiqaruvchi korxonalarning 90 foizi qonli mojarolar kechayotgan Halab, Damashq va Hims shaharlarida joylashgan. Hujumlarda ko’plariga zarar yetib, hozirda yopilgan.

Tashkilot rasmiysi Tarek Yazarevichning aytishicha, mojaro zonalaridagi tibbiy markazlar va kasalxonalar ham vaqtincha yopilgan yoki vayron bo’lgan. Ishlab turganlari esa hukumat yoki isyonchilar nazorati ostida. Natijada oddiy aholi u yerlarga borishdan qo’rqadi.

“Kasalxonalarda oddiy bemorlarga nisbatan zug’um bo’layotgani haqida ma’lumotimiz yo’q. Ammo har bir mojaroda tibbiy muassasalar odatda nishonga olinadi. Agar tomonlardan biri kasalxonani qo’lga olsa, undan harbiy baza sifatida foydalanishi mumkin, shu sabab bemorlar murojaat qilmasligi tabiiy", - deydi Yazarevich.

Uning aytishicha, bunday sharoitda shoshilinch tibbiy va jarrohlik amaliyotlarini bajarish qiyinlashadi. Tibbiy xizmatchilar ham ishga borishga qo’rqadi, ham yonilg’i tanqis.

BMT rasmiysi Suriya Sog’liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotni keltirar ekan, vazirlik so’nggi bir necha haftada 200 tez yordam mashinasidan ayrilganini aytadi. Ayrimlari o’g’irlangan bo’lsa, qolganlari vayron qilingan.

"Dori-darmonga ehtiyoji katta odamlar, xronik kasalligi bor bemorlar, ruhiy kasallar, mojaro paytida jarohat olib ayni paytda antibiotiklar bilan davolanayotganlarga qiyin bo’ldi", - deydi Yazarevich.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG