Breaking News

Suriyalik armanlar tarixiy vataniga qaytmoqda


Halabdagi arman cherkovida. 6-yanvar 2016-yil.
Halabdagi arman cherkovida. 6-yanvar 2016-yil.

Suriyada yashab kelgan armanlar urushdan qochib, tarixiy vatanida panoh topmoqda. Armaniston ularga yordam ko’rsatib, uy-joy va fuqarolik berayapti.

Armanlar taqdiri millionlab boshqa suriyaliknikidan keskin farq qiladi.

“Armaniston barcha armanlar uchun vatan. Suriyadan kelayotganlar uchun ham”, - deydi Yerevanda "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan faol Ara Sisseryan.

2011-yilda Suriyada urush boshlaganidan buyon 17 mingdan ziyod arman Armanistonga yo'l oldi. BMT Qochqinlar idorasiga ko’ra, 80 foizdan ortig’iga boshpana berilgan.

Albatta, sarson-sargardon millionlab suriyaliklarga qaraganda bu - kichik raqam.

Arman cherkovlarining 90 tasi vayrona

Arman nasroniylar Suriyada asrlar davomida yashagan. Usmoniylar imperiyasi qirg’inidan qochganlarning avlodlari ham ko’p. Asosan Raqqa, Hasaka va Halabda yashaydi.

Ammo urush boshlanganida armanlar diniy va ijtimoiy ta’qibga uchradi.

“Armanlar soni keskin kamaydi. Ularning huquqlari toptaldi, hayoti xavfda qoldi. Arman cherkovlarining 90 tasi butunlay yoki qisman vayron qilindi”, - deydi Halabda armanlarga yordam beradigan tashkilot rahbari Harutyun Selimyan.

“Islomiy davlat”ga qarashli hududlarda yashaydiganlar ayniqsa og’ir ahvolda.

“Suriyada ekstremizm bosh ko’targanidan buyon musulmon bo’lmaganlarga ancha qiyin bo’lib qoldi”, - deydi Sisseryan.

“Islomiy davlat” to’dasi nasroniylar uchun alohida qoidalarni amalga kiritdi: ular musulmonlarga o’xshab kiyinishi, nomusulmonlar uchun alohida soliq - jizya to’lashi kerak. Ularning yeri ham tortib olindi. Xalqaro koalitsiya Raqqadagi terrorchilar istehkomlariga havodan hujum qilganida ekstremistlar narsoniylardan tirik qalqondek foydalandi.

“Mamlakatdagi eng zaif diniy guruh – nasroniylar”, - deydi “Raqqa sukunatda yo’q qilinmoqda” nomli guruh faoli Hussam Issa.

Erkinlikka yo’llar

Armanistonga birinchi bo’lib halablik armanlar 2012-yil iyul-avgust oylarida keldi. Bu shaharda urushdan oldin 40 ming arman yashagan.

“Ular asosan Halab bilan Yerevan o’rtasida ochilgan reysda keldi”, - deydi AQShdagi Halab vatandoshlari gumanitar tashkiloti vakili Sarkis Balxiyan.

2013-yilda Halab xalqaro aeroporti yopildi.

Endi Suriyadan qochmoqchi bo’lgan armanlar boshqa qochqinlar kabi turli yo’llarni topish, taksi va yuk mashinalaridan foydalanishga majbur.

Aksariyati avval Turkiya emas, Livanga boradi. Sababi – Turkiya va Armaniston murakkab aloqaga ega.

Livanda ular armanlarning ijtimoiy tashkilotlaridan foydalandi, G’arbda yashaydigan armanlar ajratgan mablag’ evaziga safar qiladi.

“Mahalliy arman rahbarlari maslahatiga quloq solmadik, turmush o’rtog’im bilan sabrimiz chidamay, dekabr oxirida Halabdan qochdik”, - deydi yaqinda Yerevanda boshpana topgan suriyalik Adriana Assesyanyans.

“Mashinada chegaragacha bordik. Armanlar yordamida chegarani kesib o’tdik. Uch oy Livanda yashagandan keyin eson-omon Armanistonga yetib keldik”, - deydi ayol.

U turmush o’rtog’i bilan Armaniston fuqaroligini olish uchun hujjatlarni topshirdi. Bir necha oyda masalaning ijobiy hal bo’lishini kutmoqda.

BMTga ko'ra qochqinlarga yordam berish uchun 6,4 million dollar kerak.

Yaqinda Tog’li Qorabog’da arman va ozariylar orasida yuz bergan zo’ravonlik to’lqiniga qaramay, armanlar Armanistonga oshiqmoqda.

“Ular uchun Armaniston baribir Suriya va boshqa notinch joylardan yaxshiroq”, - deydi Sisseryan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG