Xalqaro tashkilot: Suriyada bolalar qasddan o'ldirilmoqda

  • Amerika Ovozi

“Bolalar o’z ko’zi bilan ko’rganini hikoya qildi. Ular aka-ukalari va opa-singillarining ko’chada harbiylar tomonidan otib o’ldirilganiga guvoh bo’lgan".

“Bolalar o’z ko’zi bilan ko’rganini hikoya qildi. Ular aka-ukalari va opa-singillarining ko’chada harbiylar tomonidan otib o’ldirilganiga guvoh bo’lgan".

Dushanba kuni Britaniyada e’lon qilingan bir hisobotda Suriyadagi zo’ravonliklar paytida bolalar ham nishonga olinayotgani aytiladi. Yosh qiz va o’g’il bolalar o’ldirilgan, ko’plari jang qilishga majburlangan.

Britaniyaning “Urush farzandi” deb nomlangan nodavlat tashkiloti Suriyadan Livanga qochib o’tgan bolalarga yordam ko’rsatmoqda. Tashkilot rahbari Rob Uillyamsning aytishicha, Suriya mojarosida bolalar qasddan o’ldirilmoqda.

“Harbiy mojaro bo’lganida bolalar aziyat chekadi va nobud bo’ladi. Masalan, urushda bola otishma paytida o’q tegib halok bo’lishi mumkin. Bu urushda esa bolalar atayin nishonga olingan”, deydi u.

Hisobotga xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT va “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti chop etgan hujjatlar asos qilib olingan. Shu bilan birga, “Urush farzandi” tashkiloti vakillari qurbonlar va guvohlar bilan suhbatlashgan.

Tashkilotga ko’ra, Suriyadagi zo’ravonliklar oqibatida 1300 bola nobud bolgan. Ular orasida qatl etilganlar ham bor.

Uillyamsning aytishicha, may oxirida Xula qishlog’ida yuz bergan qatliom 100 dan ortiq odam hayotiga zomin bo’ldi. Ulardan 49 nafari yosh bolalar.

“Bolalar o’z ko’zi bilan ko’rganini hikoya qildi. Ular aka-ukalari va opa-singillarining ko’chada harbiylar tomonidan otib o’ldirilganiga guvoh bo’lgan. Hukumat qo’shinlari muxolifat hukmron hududlarga o’tar ekan, bolalarni o’g’irlab, hukumat tanklari va harbiy avtomobillar oldida tizilib turishga va ularni o’z tanasi bilan himoya qilishga majburlangan”, deydi Uillyams.

BMT tekshiruv komissiyasi xulosasiga ko’ra, Xuladagi qotilliklarni kim amalga oshirganini hanuz aniqlash imkoni bo’lmagan.

Suriya qo’shinlari va muxolifat o’rtasidagi to’qnashuvlar o’tgan yilda boshlangan edi. Britaniyalik faollarga ko’ra, iyul oyida 2750 odam o’ldirilgan. Mojaro boshlanganidan buyon hammasi bo’lib 19 ming odam nobud bo’ldi.

Uillyamsning aytishicha, kelajakda xalqaro donorlar Suriyaga bolalar uchun zarur bo’lgan infratuzilmalarni – maktablar, klinika va kasalxonalarni qayta qurishda yordam berishi lozim.

“Fuqarolar urushidan keyin mamlakat iqtisodiyotini va vayron bo’lgan infratuzilmani qayta tiklash uchun 10 yil vaqt talab qilinadi. Ikki yil yetarli muddat emas. Donorlar Suriyaga yordam berish mas’uliyatini o’z zimmalariga olishlari kerak”, deydi u.

“Urush farzandi” tashkilotiga ko’ra, Suriyada hatto sakkiz yoshli bolalar ham qo’liga qurol olishga majburlangan. Bu bilan Suriya hukumati va muxolifat bolalarni urushga jalb etmaslik haqidagi xalqaro qonunchilik me’yorlarini buzgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG