Breaking News

Suriyalik kurdlar Iroqdan chegarani ochishni so'ramoqda


Suriyalik kurdlar
Suriyalik kurdlar
Suriyalik kurdlar Iroq hukumatidan chegarani ochishni so’ramoqda. Chegara yaqingacha al-Qoidaga aloqador guruhlar qo’lida edi, ammo kurdlar ularni hududdan siqib chiqargan. Endi esa Iroqdan uni ochishni talab qilmoqda.

Hududda vaziyat chigal, chegara yopiqligicha qolishi mumkin. Xususan, Suriyada bir-biriga qarshi kurashayotgan turli guruhlar, Iroq va qo’shni Turkiyadagi ijtimoiy va siyosiy qarama-qarshiliklar bu yo’ldagi katta to’siqlardir.

Suriyalik kurdlar Iroq chegarasidagi Yarubiya shahrini jihodchi jangarilardan oktabr oyida tozalagach, o’z nazoratiga olgan. Kurd yetakchilari Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiydan chegarani savdo va gumanitar yordam uchun ochishni so’ramoqda.

Ayni damda Suriyaning kurdlar yashovchi shimoli-sharqiga Turkiya va Iroq Kurdistonidan ham o’tib bo’lmaydi.

Malikiy va Iroq Kurdistoni rahbari Mas’ud Barzaniy neft savdosidan tushgan daromadni bo’lisholmay jiqqalashmoqda. Bag’dod kurdlar yashovchi shimoldagi neftning markaziy hukumat orqali sotilishini talab qilmoqda, muxtoriyat esa o’z neftini o’zi sotmoqchi.

Kurdiston mintaqaviy hukumati Bag’doddan ko’ra undan neft sotib olmoqchi bo’lgan Anqara bilan yaxshi aloqada ekan, Barzaniy Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning suriyalik kurdlar yashovchi hududda chegarani vaqtinchalik yopish iltimosini yerda qoldirmadi. Suriyalik kurdlarning mamlakat shimoli-sharqida yarim avtonomiya yaratish rejasidan norozi Erdog’an ularni shu tariqa jazolamoqchi bo’ldi.

O’z hududida uzoq yillardan beri kurd jangarilari bilan olishib kelayotgan Turkiya hukumati Suriyaning jangarilar makoniga aylanishidan xavotirda.

"Turkiya va Iroq Kurdistoni bilan chegaralarning yopilgani suriyalik kurdlarga og’ir tushdi", - deydi ulardan biri.

So’nggi oylarda kurdlarning qurollangan qismlari jihodchilarni ayrim rayonlardan siqib chiqarib, Suriyaning Turkiya va Iroq bilan chegaradosh shimoli-sharqida o’z davlatini barpo etishga urinmoqda.

Suriyadagi yekachi kurd partiyasi hisoblangan Demokratik ittifoq partiyasi saylovlar o’tkazib, muvaqqat mintaqaviy hukumat tuzmoqchi ekani haqida e’lon qilgan.

Bu xabar Turkiyani asabiylashtirdi. Anqara Suriyaning bu qismi bilan chegara nazoratini kuchaytirib, uni noqonuniy ravishda kesib o’tishni qiyinlashtirdi.
O’tgan oy uch nafar kurd Suriyadan Turkiyaga o’tmoqchi bo’layotgan payt chegarachilar o’qidan o’ldi. Turk tomoni ularni kontrabandachi desa, nobud bo’lgan yigitlardan birining qarindoshiga ko’ra ular Turkiya janubidagi restoranda ishlar edi.

"Bizda ish yo’q. Ular o’sha yerda pul topib, hayotini yo’lga solmoqchi edi. Kontrabandachi bo’lishmagan. Ular oilasini ko’rish uchun Suriyaga kelib, so’ng ishiga, Turkiyaga qaytib ketayotib otib o’ldirildilar", - deydi Ali Abdulla ismli yigit.

Suriyalik kurdlar, asosan, meva va sabzavot yetishitirib kun ko’radi. Boshqa mahsulotlar esa do’konlarda kam, dorilar, antibiotiklar yetishmaydi.

Turkiya Suriya bilan chegarasining bir qismini ochishi mumkinligi haqida gap-so’z bor, ammo gap uning kurdlar emas, Suriya armiyasi nazorat qilayotgan qismi haqida ketmoqda.

Suriyalik kurdlarning yolg’iz umidi endi Iroq rahbariyatidan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG