75 ming suriyalik ajal iskanjasida

  • Amerika Ovozi

Qariyb 75 ming qochqin Suriya-Iordaniya chegarasi yaqinida oziq-ovqat va tibbiy yordam ololmayapti va bari nobud bo'lishi mumkin, deya ogohlantirmoqda "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti.

Faollar qo'lga kiritgan videoda chegara hududida toshlar uyulganini ko'rish mumkin. Bu - yangi go'rlar. U yerda suriyalik qochqinlar ko'milgan. O'nlab ming qochqin butun dunyo tomonidna unutilgan va o'z muammolarini o'zi hal qilishga majbur, deydi inson huquqlari tashkiloti.

"Gapira olgan qochqinlar nihoyatda ayanchli vaziyatni ta'riflab berdi. Oziq-ovqat qolmagani, kasalliklar tarqalayotgani, odamlar davolash oson bo'lgan kasalliklardan o'lib ketayotgani haqida hikoya qildi. Eng katta fojea shunda-ki, agar bu odamlarga oddiy tibbiy yordam ko'rsatilganida, ular omon qolishi mumkin edi", - deydi "Xalqaro Amnistiya" tashkilotidan Sara Hashash.

Shu yil iyun oyida olti nafar iordaniyalik askar "Islomiy davlat" terror xurujida o'ldirilganidan buyon chegara yopiq. "Bunday xavfsizik chorasini tushunsa bo'ladi, ammo Iordaniya rahbariyati gumanitar qonunlarga bo'ysunishi kerak, - deydi Hashash. - Ular Suriya-Iordaniya chegarasida gumanitar ishlarning davom ettirilishiga ruhsat berishi zarur".

"Bunday xavfsizik chorasini tushunsa bo'ladi, ammo Iordaniya rahbariyati gumanitar qonunlarga bo'ysunishi kerak, - deydi Hashash. - Ular Suriya-Iordaniya chegarasida gumanitar ishlarning davom ettirilishiga ruhsat berishi zarur".

Suriyalik qochqinlar Iordaniyaga kirishni kutmoqda. 2016-yil yanvar.

Suriyalik qochqinlar Iordaniyaga kirishni kutmoqda. 2016-yil yanvar.

Kranlar yordamida yetkazilgan yordam

Avgust boshida BMTning Oziq-ovqat dasturi odatda qurilishda ishlatiladigan katta kranlar yordamida bir oyga yetarli oziq-ovqat va tibbiy yordamni bu hududga tashlagan edi. Ammo hozirga kelib, u yordam tugagan.

BMT maxsus elchisi Anjelina Joli shu hafta boshida Iordaniyaga yo'l olgan suriyalik qochqinlar taqdiriga e'tibor qaratdi.

"Mana bir necha yildirki, Iordaniya shunday ahvol yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirib keladi. Jahon hamjamiyati ham bu vaziyatdan xabardor, ammo hech qanday chora ko'rmadi. Bu katta muammoning bir qismi", - dedi Azraq qochqinlar lageriga borgan Joli.

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti xalqaro hamjamiyatni kelasi hafta BMT Bosh Assambleyasining yig'ini doirasida qochqinlarga bag'ishlab o'tkaziladigan sammitda ushbu inqirozga yechim topishga da'vat etmoqda. Sammitga AQSh Prezidenti Barak Obama mezbonlik qiladi.

"Agar biz qochqinlar inqirozini hal etishni istasak, unga xalqaro yechim topish lozim. Shu bois biz kelasi hafta sammitda qatnashadigan barcha davlat rahbarlarini konkret va'dalar berib, ko'proq qochqinlarni qabul qilish va muammo uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga da'vat etamiz", - deydi Hashash.

Iordaniya-Suriya chegarasidagi ayanchli ahvol esa dunyo hamjamiyati qochqinlar inqirozini hal qila olmayotganidan darak beradi, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG