Suriyalik qochoqlar oilasi AQShda yangi hayot boshladi

  • Amerika Ovozi

Iordaniyada vaqtincha yashayotgan suriyalik bolalar

Iordaniyada vaqtincha yashayotgan suriyalik bolalar

Suriya aholisining yarmidan ko'pi, aniqrog'i 11 million odam yo o'ldirildi yoki vatanini tashlab qochdi. Indiana shtatidamiz.

Bir qarashda ular oddiy amerikalik oilaga o'xshaydi. 13 yoshli bola singlisi bilan divanda smartfon o'ynayapti. Ikki ukasi esa o'yinchoqlar bilan band. Ammo ularni odatdagi oila deb bo'lmaydi. 2011-yil fuqarolar urushidan qochib Suriyani tark etgan qochoqlar ular.

"Boshida urush bizga yaqin emas edi. Ammo borgan sari shahardan shaharga o'tib, bizga ham yetib keldi. Ortiq bunga chiday olmadik. Shundan so'ng safar qilish lozimligini tushunib yetdik", - deydi suriyalik qochqin ona.

Vaid Alhamudning turmush o'rtog'i Fadi Lababidi kichik biznes egasi edi. U Iordaniyaga borib, oilasi uchun xavfsiz joy topdi.Ammo ayoli va farzandlarini olib kelish oson bo'lmadi. Ular to'rt marta urinib, nihoyat pora berib Iordaniyaga o'tishdi.

Ular Iordaniyada turib vatanlaridagi uylari va bizneslari vayron bo'lishini kuzatib o'tirishdi. Shu tariqa ortga boshqa yo'l yo'q ekanini tushunishdi. Qochoqlar ko'paygan sari Iordaniyada ham hayot o'g'irlashib, Lababidi BMTga qochoqlik maqomini so'rab murojaat qildi.

"Qayer bo'lsa ham, oilamni yaxshi joyga olib borish tashvishim edi", - deydi u.

Oilaning uch yillik umri kutish bilan o'tdi. Oxirgi yil ular har biri besh soat davom etgan oltita suhbatdan o'tdi. Nihoyat "Exodus" qochoqlar immigratsiyasi deb nomlangan tashkilot ularni Indianaga ko'chirishda yordamlashadigan bo'ldi. Olti kun o'tib oila okeanortiga yo'l oldi.

Ijtimoiy yordam tashkiloti vakili Sara Hindi tarjimon sifatida ularni aeroportda kutib oldi va shundan beri oilaning do'sti va mentoriga aylandi.

"Ular uchun do'st, oila a'zosi bo'lish imkoniyatiga ega bo'ldim. Shu yerda tug'ilib o'sgan odam sifatida AQShda arab va musulmon bo'lish nima ekanini yaxshi bilaman", - deydi Hindi.

Bolalar inglizchani tez o'rganishdi, maktabga borishayotganidan xursand. Lababidi ishlayapti. Mahalla-ko'y ularni ochiq kutib oldi.

Bu orada Fransiyada terror xurujlari yuz berdi. Shundan so'ng AQShning 30 ga yaqin shtati, xususan, Indiana gubernatori Suriyadan qochoqlarni qabul qilmaslik talabi bilan chiqdi.

Lababidi xavfsizlik yuzasidan gubernator xavotirini tushunishini, ammo barcha suriyaliklarni ajratib qo'yish to'g'ri emasligini aytadi.

"Suriyadagi muammo faqat suriyaliklarniki emas. Unga faqat Suriya xalqi aralashmaganini bilasiz. Har bir davlatdan, xalqdan odam bor. Eron, Amerika, Yevropa, Livan, Iordaniya, hamma joydan odamlar bor", - deydi u.

Oila terrorizm va Suriya qochqinlari o'rtasida bog'liqlik bor, degan qarashga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Istalgan odamni uyimizga taklif qilamiz; biz bilan o'tirib, bir piyola choy ichishsin, deydi Lababidi.

"Islom nomidan bunday dahshatli ishlarni amalga oshirayotganlar Islomni mutlaqo bilmas ekan. Islom o'ldirishga buyurmaydi. Ular musulmonlarni ifodalamaydi", - deydi u.

Suriyalik oila kun kelib shtat gubernatori Mayk Pens ularning uyiga tashrif buyurishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG