Breaking News

Suriyada kurd ayollari faol jang qilmoqda


Kurdlarning Suriya shimoli-sharqida olib borayotgan harbiy harakatlarida ayollar ham faol ishtirok etmoqda.
Suriyaning ayol jangchilari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:41 0:00
Yuklab oling
Iroq chegarasiga yaqin Derik shahriga kiraverishda Suriyadagi jihodchilar bilan bo’lib o’tgan janglarda halok bo’lgan 300 jangchining surati osib qo’yilgan. Eng tepa qatorning chapidagi 13 surat ayollarniki.

Tahlilchilarga ko’ra, Suriyaning ikki yarim yildan beri davom etayotgan qonli urushida boshqa biror diniy yoki etnik guruh kurdlar kabi faol ayol askarlarga ega emas. Xalq himoya guruhi deya atalayotgan kurd harbiy yig’inining 20 foizi ayollardan tashkil topgan.

Ichki xavfsizlik va politsiya kuchlariga qo’shilayotganlar orasida ham ayollar ko’p. Ular ko’chalarda tartib o’rnatish, strategik binolarni va nazorat punktlarini jihodchilar hujumidan himoya qilish kabi vazifalarda ishtirok etadi.

27 yoshli Jamila Abbos Suriyaning kurdlar yashovchi eng katta shahri bo’lgan Qamishlida ichki xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi 50 kishilik guruh a’zosi. Ikki yil avval u harbiylarga qo’shilganida, ko’pchilik erkaklar, hatto ayrim ayollar ham uning ustidan kulgan edi.

“Odamlar men haqimda yomon gaplarni aytishini kutgandim. Lekin men parvo qilmadim. Chunki o’z ishimni sevaman. Biz odamlarning fikrini o’zgartira oldik. Ular hozir bizni hurmat qiladi”, - deydi u.

Jamilaning guruhidagilar 18 dan 40 yoshgacha bo’lgan ayollar. Ularning uch nafari oilali. Guruh qo’mondoni ikki o’g’il va bir qiz onasi.

Agar Suriya armiyasi yana qaytadigan bo’lsa, Kurdistonni himoya qiluvchi kuchlarga qo’shilishga tayyorman, deydi Jamila. U, shuningdek, kurd va Suriya jamiyatida ayollarga bo’lgan munosabatni o’zgartirish niyatida ekanini aytadi.

“Vatanimni sevaman. Uni himoya qilishni istayman. Lekin yurtimdagi ayollarni ozod qilishni ham xohlayman”, - deydi u.

20 yoshli Nagbir Qamishli kengashi tomonidan tuzilgan olti kishilik politsiya guruhiga qo’shilgan ayollardan biri. U ham ayollarning zaif ekani haqidagi qarashlarni o’zgartirish niyatida ekanini aytadi. Ilgari politsiyachi bo’la olishim mumkinligi haqida hech o’ylamagandim, deydi.

“Politsiyachi bo’lish tasavvurimizga sig’maydigan narsa edi. Bu faqat o’tgan yili ro’yobga chiqdi. Ayollar ham politsiyaga qo’shilishi mumkinligi haqida qaror qabul qilingach, biz labbay deb javob berdik. Ilgari bu haqda hech o’ylamagan edik”, - deydi Nagbir.

Xavfsizlik idoralarining ayol xodimlari Afrin shahrida tashkil etilgan lagerda bir oy tayyorgarlikdan o’tadi, deydi 26 yoshli Sana Adnan.

“Biz Kalashnikov avtomati va boshqa rus qurollaridan foydalanish bo’yicha harbiy ta’lim oldik. Dastlab o’tirgan holimizda qanday nishonga olishni o’rgandik. Keyin tik turgan holda mo’ljalga olish ustida ishladik”, - deydi u.

Janglarda halok bo’lgan ayollarning suratlari shaharlardagi do’kon, idora va kafelar devorlariga osib qo’yilgan. Ularning xotirasi shu tariqa yod etilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG