Tojikiston rahbari fikricha xorijiy diniy ta'lim dargohlari yoshlar miyasini zaharlaydi

  • Amerika Ovozi

Emomali Rahmon televideniye orqali uzatilgan murojaatida ota-onalarni dinga berilgan farzandlarini xorijdan qaytarishga chaqirgan.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon nazarida xorijda diniy ilm olayotgan yoshlarda terrorchiga aylanish ehtimoli baland.

Davlat rahbari kecha Farxor rayonida aholi bilan uchrashar ekan, yoshlar xorijiy madrasalarda dindan emas, ekstremizmdan saboq oladi, deb aytib, ota-onalarni farzandlarini chet eldagi madrasalarga yubormaslikka, yuborganlarni esa farzandlarini qaytarishga chaqirgan.

"Bolalaringiz u yerdan ekstremist, terrorist va tojik xalqi xoini bo'lib qaytadi," - deya ogohlantirgan prezident.

Emomali Rahmonning aytishicha, hukumatning diniy masalalar bo'yicha qo'mitasi mamlakatga qancha diniy arbob kerakligini hal qilib, yoshlarni ekstremizm va terrorizmga aloqasi yo'q xorijiy diniy maskanlariga o'zi yuboradi.

Tojikiston prezidentining nutqi mamlakatda diniy ekstremizm tahdidi kuchayayotganidan dalil, deydi ba'zi kuzatuvchilar. Ular dushanba kuni Dushanbedagi qamoqxonadan 25 nafar islomiy jangarining qochganiga ishora qiladi. Mahbuslar qamoqxona qo'riqchilarini o'ldirib, qurollarini qo'lga kiritgan va qo'shni Afg'onistonga yo'l olgan bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG