Xo'jandda xuruj. Rasmiylar O'zbekiston Islomiy harakatidan gumonda

  • Amerika Ovozi

Xo'jandda xuruj. Rasmiylar O'zbekiston Islomiy harakatidan gumonda

Xo'jandda xuruj. Rasmiylar O'zbekiston Islomiy harakatidan gumonda

Bomba solingan mashina Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha bo'limi binosiga urilib, bir militsioner o'lgan, kamida 25 kishi jarohat olgan.

Tojikiston shimolidagi Xo'jand shahrida bomba solingan mashina Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha bo'limi binosiga urilib, bir militsioner o'lgan, kamida 25 kishi jarohat olgan. Portlashdan bino alanga olgan. Xuruj kimning ishi ekani noma'lum, biroq vazirlik xodimlari O'zbekiston Islomiy Harakatini gumon qilmoqda.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Xavfsizlik kengashi raisi Amirqul Azimovni voqeani taftish qilish guruhiga rahbar etib tayinlagan. Yaqinda poytaxt Dushanbedagi Davlat xavfsizlik qo'mitasi qamoqxonasidan islomiy jangarilik aybi bilan qamalgan 25 kishi qo'riqchilarni o'ldirib, qochgan edi.

Chorshanba kuni AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha yordamchisi Robert Bleyk Dushanbeda bo'lib, prezident Emomali Rahmon bilan uchrashgan. Uning aytishicha, ikki davlat ekstremizmga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qiladi.

Tashrif chog'ida bir yilda ikki marta o'tkaziladigan ikki tomonlama konsultativ uchrashuvlarda kelishilgan masalalar samarasi muhokama etilgan. Bleykning aytishicha, Qo'shma Shtatlarning Tojikistonda harbiy baza ochish rejasi yo'q.

O'zbekiston-Tojikiston munosabatlariga to'xtalar ekan, Davlat departamenti ramiysi har ikki davlat AQShga do'st va hamkor ekanini aytib, o'rtadagi munozarali masalalar, jumladan Rog'un GESi bo'yicha, muloqot orqali hal etilishi kerak, degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG