Breaking News

AQShda tojik muhojirlari maktab ochmoqda


AQSh – muhojirlar o’lkasi. Bu yerda turli millat va elat vakillari yashaydi. Ular orasida o’z tilini, madaniyatini saqlab qolishga intilayotgan jamoalar, madaniyat markazlari bor. “Amerikadagi tojikistonliklar” nomli guruh ham shu maqsadda tashkil etilgan. AQShdagi muhojirlar orasida tojik tili va madaniyatini asrab-avaylash, targ’ib etish hamda vatandoshlarni bir joyga jamlab, turli madaniy tadbirlar o’tkazish bilan shug’ullanadi.

Mardon Sharipov AQShdagi tojikistonlik muhojirlar jamiyatining faol yetakchilaridan. Uni Amerikaga yetaklagan narsa musiqa olamidagi noyob iqtidori. Mardon Tojikistonda maxsus musiqa maktabini tamomlagach, Ogayo shtatida joylashgan dunyoning nufuzli Oberlin konservatoriyasida o’qigan. Bugun u Amerikada o’z ish faoliyatini davom ettirmoqda.

“Asosiy maqsadimiz boy tojik madaniyati, tili va urf-odatlarini targ’ib qilish, o’rgatish va nishonlash. Shuningdek, AQShda Amerika-Tojikiston aloqalarini mustahkamlash yo’lida ham faoliyat olib boramiz”, - deydi Mardon Sharipov.
Tashkilot turli madaniyat, san’at va xayriya tadbirlari o’tkazadi. Poytaxt Vashingtonda har yili Navro’z bayrami katta tantana qilinadi. Havaskor oshpazlar o’rtasida yaqinda o’tkazilgan palov qilish musobaqasi amerikaliklarning ham diqqatini tortdi, deydi Mardon Sharipov.

“Madaniy tadbirlarimizdan yana biri bu har yili o’tkaziladigan Osiyo festivali. Unda biz barcha Osiyo xalqlarini ishtirok etishga, o’z madaniyatlarini namoyish etishga chaqiramiz. Jamiyatimizning sadoqatli va mehnatkash a’zolari yordami bilan biz tojik madaniyatining eng qiymatli namunalarini, masalan, qo’lda yasalgan hunarmandchilik buyumlarini, mumtoz musiqamizni muvaffaqiyatli namoyish etyapmiz”, - deydi tojikistonlik faol.

Jamiyat a’zolari xayriya tadbirlaridan tushgan mablag’ni Tojikistondagi yetimxonalarga jo’natadi. Tadbirlar, asosan, poytaxt Vashington atrofida o’tkaziladi. Tojikistonlik muhojirlarning aksariyati esa Nyu-York shtatida joylashgan. Biz hozirda boshqa shtatlarda yashayotgan vatandoshlarimizni ham qamrab olishga harakat qilyapmiz, deydi Mardon Sharipov.

“Hozirda biz Kolumbiya okrugi, Virjiniya va Merilend shtatlarida ish olib boryapmiz. Boshqa shtatlarga ham chiqishga harakat qilyapmiz. Nyu-Yorkda vakillarimiz bor. Kolorado va Nebraska shtatlarida ham ish olib boryapmiz”, - deydi tojik faoli.

Mardon Sharipovning aytishicha, Vashington atrofida 2000 ga yaqin tojikistonlik istiqomat qiladi. Nyu-Yorkda esa ular soni 10 mingdan ortiq ekani taxmin qilinadi.
AQShning boshqa shaharlarida ham tojikistonliklar uyushib o’z jamiyatlarini tuzmoqda.

“Nyu-York atrofidagi bir guruh yosh tojikistonliklar 2009-yili “AQShda tojik jamiyati” nomli assotsiatsiya tashkil qilishgan. Ular ham Navro’z kabi madaniy tadbirlar o’tkazib turishadi. Biz ular bilan aloqadamiz. Nebraskada ham yana bir uyushma borligini bilamiz. Ular va boshqa tojik jamiyatlari bilan muntazam aloqa qilib turishga harakat qilyapmiz,”, - deydi “Amerikadagi tojikistonliklar” jamiyati faoli.

Mardon Sharipovning aytishicha, jamiyat Markaziy Osiyoning boshqa muhojir jamoalari bilan hamkorlik qilish niyatida. Masalan, bir xil madaniyat va tarixga ega o’zbek birodarlarimiz bilan turli madaniy tadbirlarni birga o’tkazishni istardik, deydi u.

“Bugungacha ular bilan aloqa yoki to’g’ridan-to’g’ri munosabat o’rnatganimiz yo’q. Ammo ular bilan, bajonidil, aloqa o’rnatishni, turli tadbirlarni birga o’tkazishni xohlardik. Bilasiz, Tojikistonda salmoqli o’zbek aholisi bor. Jamiyatimizning direktorlar kengashida ham tojikistonlik o’zbeklar bor. Ya’ni, biz barchani birga hamkorlik qilishga, birga ishlashga chaqiramiz”, - deydi Mardon Sharipov.
AQShda tojikistonliklar ko’p emas. Shunga qaramay, ular bir jamoa bo’lib uyushishga qaror qilgan. Mardon Sharipov kabi faol yoshlar esa Amerikada tug’ilib voyaga yetayotgan tojik farzandlarining o’z madaniyati va tilini unutishini istamaydi.

“Hozir Vashingtonda va Nyu-York shahrida madaniyat maktabi ochishni rejalashtiryapmiz. Ular bolalar va oilalar markazi bo’ladi. Ma’lumki, Amerikada tug’ilgan va shu yerda maktabga borayotgan yoshlar tojik tilini, tarixini, madaniyatini bilmaydi. Biz ularga til o’rgatishni, tariximizdan, madaniyatimizdan saboq berishni niyat qilganmiz. Ko’ngillilar dars berishga tayyor turishibdi. Hozir til va tarix darslari uchun dastur tuzyapmiz. Tez orada rejalash ishlarini tamomlagach, grant olish uchun loyihani bir necha joyga taqdim etmoqchimiz”, - deydi Mardon Sharipov.

“Amerikadagi tojikistonliklar” jamiyati 17-mart kuni poytaxt Vashingtonda Navro’z tantanasini o’tkazmoqda. Biz bilan suhbat bahonasida Mardon Sharipov AQShdagi barcha o’zbekistonliklarni ushbu bayramda qatnashishga taklif qildi.

Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:16 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG