Tojikiston konstitutsiyasiga kiritilayotgan o'zgartirishlar


Tojikiston o’z mustaqilligining 25 yilligini yangicha tahrirdagi konstitutsiya bilan nishonlamoqchi. 22-maydagi umumxalq referendumida bosh qomusga 60 dan ziyod o’zgartirishlar kiritilishi mo’ljallangan.

Bu mustaqil Tojikiston konstitutsiyasining uchinchi bor tahrir etilishi. Oldingi o’zgartirishlar 1999 va 2003-yillarda kiritilgan edi. Uch oydirki, hujjatning yangi loyihasi xalq orasida muhokama qilinmoqda.

Umumxalq referendumi markaziy komissiyasi rasmiylaridan birining aytishicha, respublikada va Rossiyaning yirik shaharlarida hamda chet ellardagi Tojikiston elchixonalarida uch yarim mingga yaqin so’rov uchastkalari tashkil etildi.

"Hamma ishlar uyushqoqlik bilan davom etmoqda, barcha uchastkalarda zarur qo’llanmalar bor. Respublikada 68 umumxalq so’rovi komissiyasi va 3239 so’rov uchastkalari tashkil etilgan bo’lib, faoliyat yuritmoqda", - deydi rasmiy.

Hozircha hech qanday muammo bo’lgani yoq, deya qo'shimcha qiladi poytaxt Dushanbedan nomi keltirilishini istamagan respublika umumxalq so’rovi komissiyasining ma’sul xodimi.

Kundalik tashvishlari bilan band oddiy fuqarolar konstitutsiyaga kiritilayotgan o’zgartirishlardan deyarli xabardor emas, bu haqda og’iz ochishni ham istashmaydi.

Yangiliklardan xabardor ba’zi bir ziyolilar fikricha o’zgartirishlar shart emas edi. Mamlakat rahbariyati o’zi uchun harakat qilmoqda, masalan, millat peshvosi unvonini olgan prezident Emomali Rahmon o’z qarindoshlarining vorisligi uchun poydevor qo’ymoqda, yangi konstitutsiyada shuning uchun hukumat a’zolari yoshi kamaytirilgan, deb iddao qilishadi.

G’onchi nohiyasidan bo’lgan o’zbek ziyolisi Sayxon Qayumiy respublikada oliy rahbarlikka tayinlanadigan kishilar yoshining konstitutsiyada kamaytirilishini zamon talabi deb biladi.

U qadim tarixdan misol keltirib, rahbarlikda yoshni emas, bilim va iqtidor hamda tajribaga takya etish kerak, mamlakat prezidenti yoshlarga yo’l ochmoqda deb aytadi.

"Aleksandr Makedonskiy dunyoni titratganda necha yoshda edi? Keksalarimiz 70 yil sho’rolar ta’limini yedi, ular dogma bo’lib, qotib qolishgan. Ularda ijodiylik yo’q. Nima uchun millat peshvosi, mamlakat prezidenti yoshlarga e’tibor bermoqda? Bosh vazirni yoshi bir joyga bormoqda, boshqa vazirlar ham. Mamlakat kimni qo’lida qoladi? Peshvoning g’amxo’rligiki, shu yoshlarni sekin-sekin tarbiyalab borish kerak. Qo’zg’alayotgan ba’zi bir gaplar ig’vo, fitna. To’g’ri, aytishadiki, yoshlar o’zini tuta olishmaydi, ba’zan xatoga yo’l qo’yishi mumkin deb. O’zi siyosat bexato bo’lmaydi. Qarindoshchilik maslasiga kelsak, ko’ryapmiz, ishlashyapti, obod qilishmoqda", - deydi Sayxon Qayumiy.

Respublika nohiyalaridan biridagi umumxalq so’rovi uchastkasi kotibi Ibrohim Mirsaidov aytadiki, konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritishning uch-to’rt asosiy sabablari bor. Bular: taraqqiy etayotgan jamiyatning o’zgarayotgani, inson haqlarini xalqaro me’yorlarga yetkazish, davlat asoslari konstitutsion tuzumini mustahkamlash va davlat tiliga e’tibordir. Jahonda hech narsa o’zgarishsiz qolmaydi, deydi u.

"Zamon, vaqt keldiki, shu o’zgartirishlarni kiritish kerak. Endi bu dogma emas. 21 yil davomida uchinchi marta o’zgartirish kiritilyapti. Asosiy o’zgartirishlar - Sarqonun so’zi aytilmaydi, oddiy konstitutsiya aytiladi, tamom! Ikkinchi o’zgarish shuki, davlat odamlari, parlament a’zolari, deputatlar - Oliy Majlis, Milliy Majlis deputatlari qasamyod qabul qiladi. Qasam berilgach, ma’suliyat ko’tariladi. Yana, bolalarini tashlab, Rossiyaga ketayotgan ota-onalar ko’paygan. Ta’lim-tarbiyada ularning mas'uliyatini ko’tarish konstitutsiyaga kiritilib, mustahkamlanmoqda. Farzandlar ham qarigan ota-onalar qaramaog’i uchun javobgarligi konstitutsion asosda qonunlashtirilmoqda. Ayrimlarning konstitutsiyani bu darajada o’zgartirish shart emasdi deyishlari… Qanday qilib o’zgartirmaslik mumkin, bu Qur'on masku, o’zgartirib bo’lmasa? Yashashga qarab o’zgarishlar bo’ladi, busiz mumkin emas", -deydi referendum uchastkasi kotibi Ibrohim.

O’zgartirishlar loyihasiga ko’ra, Tojikistonning amaldagi konstitutsiyasi bir bo’limi va 11 moddasidagi 13 band yangicha tahrir qilinmoqda. Oltita moddaga qo’shimcha bandlar kiritilib, bir moddadan ortiqcha hisoblangan band olib tashlanadi.

Almashtirilayotgan so’z va tinish belgilari bilan qo’shib hisoblaganda, 63 o’zgartirish bo’ladi.

Ziyoli Sayxon Qayumiy referendum o’tkazilishiga tanqidiy qarayotganlarning e’tirozlarini qabul qilmaydi, butun dunyo mamlakatlarida bu taxlit o’zgarishlar bo’ladi, deydi u.

"Ba’zan ta’na toshini otib aytishadiki, mana, Amerikada bitta konstitutsiya qabul bo’lgan-u, 200 yildan beri o’zgartirilmaydi, hadeb konstitutsiyani o’zgartirmaslik kerak deb. Yo’q! Amerika ham necha bor moddalarini o’zgartirgan, bandlariga qo’shimchalar kiritgan. Bizni ham o’sha 1994-yilda qabul qilingan konstitutsiyamiz! Faqat tahrir etib, qo’shimchalar kirityapmiz. Bu hozirgi kundagi xalqaro siyosiy ahvoldan kelib chiqyapti, xalqning ichki iqtisodiy-ijtimoy talobotidan kelib chiqyapti. Bu yaxshi narsa. Referendum bu - xalqning siyosiy uyg’unligi, uyg’oqligi, bu-demokratiyaning bir nishonasi", - deydi Qayumiy.

Uning fikricha, mamlakat rahbariyati dunyodagi ba’zi bir diktator davlatlaridagidek hukumat a’zolarining o’zi bilan kelishib, konstitutsiyani referendumsiz o’zgartirib yuborishi ham mumkin edi. Lekin, deydi u, bizda xalqchillik bilan, demokratik yo’lda, bohamjihat ish ko’rilmoqda.

XS
SM
MD
LG