Tojikistonda endi 30 yoshdan prezidentlikka saylansa bo'ladi


Tojikistonning amaldagi konstitutsiyasiga umumxalq referendumi orqali uchinchi marta qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritilib, yangidan tahrir etildi.

1994-yili qabul qilingan bosh qomusga 1999 va 2003-yillarda ham o’zgartirishlar kiritilgan edi.

Fuqarolardan 40 dan ziyod o'zgartirishlarga "ha" yoki "yo'q" deb javob berish so'raldi. Har biriga emas, birvarakayiga hammasiga. Asosiylari: Prezident Emomali Rahmonga cheklanmagan marta saylanish huquqini berish; prezidentlikka nomzod bo'lish yoshini 35 dan 30 ga tushirish va dinga asoslangan siyosiy partiyalarni taqiqlash.

O'tgan yili Tojikiston parlamenti Rahmonga "millat peshvosi" unvonini berib, uni va oila a'zolarini umrbod daxlsizlik huquqi bilan ham ta'minlagan edi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishlardan biror bir naf yo’q deb biluvchi ziyoli Shodiyor,yangicha tahrirdagi qonunga ko’ra, kimnidir 30 yoshdan davlat rahbarligiga saylashni ma’qul ko’rmaydi. U referendumda ishtirok etmagan.

"30 yoshdan prezidentlikka saylash, nima bu? Monarxiyami? Nima, bu yerda Shimoliy Koreyamiki, Kim Ir Chenga o’xshab ish tutishadi? Bu meni qarashlarimga butunlay zid narsa. Siyosatmadorlik ancha narsani talab qiladi, 30 yoshda bu yerda oilasini udda qilisholmayapti-ku, prezidentlikka yo’l bo’lsin?! Demokratik davlatga yot narsa bu. Monarxiyaga asoslangan davlatlarda bo’laveradi 15 yoshdan ham. Bu ham kimgadir kerak ekan, shunday qilishyapti", - deydi Shodiyor.

Referendumda ishtirok etgan bo’lsa-da, bundan hech qanday naf yo’q deb biluvchi Karim Hakimovning fikricha, yolg’iz uning ovozi hech narsani o’zgartirmaydi.

"Ovoz berish uchastkasiga borsam odam yo’q ekan, menga nimaga ovoz berasan deyishdi. Ishlaring bo’lmasin dedim, bu meni xohishim-ku! Bundan biror foyda yo’q. Masalan, kim katta bo’ladi, bo’lmaydimi, menga farqi nima? Misol olganda, menga ish topib bersin, xalqni ish bilan ta’minlasin. Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritdimi, nima yangiliklar bo’ladi?", - deydi Karim.

Tojikistonda saylov va umumxalq referundumlari o’tkazish boyicha markaziy komissiya rasmiylaridan biri aytadiki, referendum aholining yuksak siyosiy uyushqoqligini ko’rsatgan.

"Dunyoning 29 davlatida 30 umumxalq so’rovi uchastkalari, umuman olganda jami 3300 ga yaqin ovoz berish uchastkalari tashkil etilgandi. Unda ro’yxatga olingan qatnashchilarning 90 foizdan ortig’i hozir bo’lishdi", - deydi u.

O’rta maktablarda qariyb 30 yil o’qituvchilk qilgan Mamasalim Xidirov o’zi ishlayotgan maktab misolida aytadiki, konstitutsiyaga kiritilgan barcha o’zgartirishlar xalq foydasiga bo’lib, mamlakat ravnaqi uchun xizmat qiladi.

"Maktabimizda 56 o’qituvchi bo’lsak, bu o’zgartirishlar hammamizga ma’qul. Chunki, mana, bironta davlatda yo’qki, 30 yoshdan prezident bo’lsa. Bundan tashqari davlat tiliga ahamiyat qaratilib, bir qancha kalimalar tojikchaga o’girildi. Yana, peshvoi millatimizni ham umrbod bo’ladi deyaptilar, bo’lsalar biz uchun juda yaxshi. Chunki aynan shu kishi qancha yangiliklar kiritdiki, butun sobiq SSSRni olsangiz ham bunaqa yangiligu, bunaqa o’zgarishlarni hech kim kiritmagan", - deydi o’qituvchi Mamasalim ko’tarinki ruh bilan.

Tojikistonda saylov va referendumlar o’tkazish markaziy komissiyasi raisi Baxtiyor Xudoyorzodaning aytishicha, umumxalq referendumiga tayyorgarlik va uning o’tkazilishini 320 dan ortiq mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib borgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotidan yetti, MDH davlatlaridan 107 vakil, shuningdek, poytaxt Dushanbedagi xorijiy elchixonalar xodimlari ham ovoz berish jarayonini kuzatishdi.

Yangi tahrirda qabul qilingan konstitusiyasiga ko’ra, amaldagi prezident, millat peshvosi Emomali Rahmon endi mamlakat rahbarligiga o’z nomzodini cheklovsiz qo’yishi mumkin.

XS
SM
MD
LG