Ziyolilar: Nazarboyev ham G’arb, ham Sharq bilan puxta siyosat olib borayapti


Ziyolilar: Nazarboyev ham G’arb, ham Sharq bilan puxta siyosat olib borayapti

Ziyolilar: Nazarboyev ham G’arb, ham Sharq bilan puxta siyosat olib borayapti

Xorij va mintaqa axborot vositalarida Qozog’istonda o’tayotgan saylovlar, bu mamlakat kelajagi va prezidenti haqida turli fikrlar yangramoqda.

Ayrimlar bu davlatda arab dunyosidagi singari inqilob bo’lishini bashorat qiladi. Boshqalar Qozog’iston misolida regionda mustahkam demokratik qadriyatlarga asoslangan kuchli davlatni ko’radi.

Tojikistonlik tahlilchilarga ko’ra, prezident Nursulton Nazarboyev hozir “juda oqilona siyosat yuritmoqda va ham G’arb, ham Sharq orasidagi oltin o’rtalikni topgan”.

Qozog’iston prezidenti o’zgaruvchan dunyo siyosatida juda puxta ish ko’ra olayotgani ta’kidlanadi.

Tahlilchi Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, Qozog’istonda rus aholisining ko’pligi Nazarboyev siyosatiga sezilarli ta’sir o’tkazadi.

Qozog’istonda ruszabon uch yirik viloyat mavjud, shuning uchun ham u Rossiya siyosiy tazyig’idan qutulishni istasada, buni qilolmaydi, deydi u.

“Bu ta’sirdan uzoqroq turish uchun Nazarboyev G’arb bilan yaqinlikni istaydi. Aynan shu maqsadda u avval boshidanoq Yevrosiyo haqidagi taklif bian chiqqan edi. U Rossiya bilan teng huquqli muloqot olib borarkan, har doim va hamma yerda G’arb davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlab borishga intilib kelmoqda”.

Yo’ldoshevning aytishicha, bir mamlakatda tub aholi miqdoriga nisbatan o’zga millat vakillarining ko’p bo’lishi siyosatga albatta ta’sir o’tkazadi.

“Qaysi bir davlatda agar aholisining qariyb yarmi boshqa millatlardan iborat ekan, uni idora qilish og’ir bo’ladi. Uning rahbari buni hisobga olgan holda adolatli siyosat olib borishga majbur bo’ladi. Qozog’iston, ham Rossiyaga nisbatan, ham ichkarida, tashqi aloqalarda ana o’sha faktorni hisobga olgan holda siyosat tutishga majbur”.

Tadbirkor Obloqul Musoyevga ko’ra, ham G’arb, ham Sharq bilan puxta siyosat olib borayotgan Nazarboyev region lideriga aylangan.

“Bu mamlakatda katta miqdorda qazib olinayotgan neft, uni Rossiya va Yevropa davlatlariga pullayotgani, Qozog’istonni Yevropaga yaqinligi tufaylidir”, - deydi u.

Qozog’istondagi yana bir nozik masala - uyg’urlar muammosidir.

“Qozog’istonning Xitoy bilan chegaradosh yerlarida uyg’urlar istiqomat qilishadi. Bugungi kunda Xitoyda uyg’urlar ham alohida jumhuriyat bo’lib chiqishni rejalashtirmoqda. Bu ham Nazarboyev oldidagi yana bir murakkab sinovlardan deb hisoblayman. Nazarboyevga siyosatni, davlatning tinch-totuvligini ushlab turish qiyin, murakkab masala”, - deydi Obloqul Musoyev.

Yillar mobaynida davlat rahbarligida tajriba orttirgan Nazarboevning o’zi davlatni boshqarib borishi maqsadga muvofiq, deydi suhbatdosh.

“Boshqa kishi prezidentlikka o’tadigan bo’lsa, u atrofdagi davlatlarning tashqi va ichki siyosiy jarayonlarini o’rganguncha ancha vaqtni yutqazib qo’yishi mumkin. Bu borada Nazarboyev juda katta tajribaga ega. Chunki shimolda Rossiya, janubda Xitoy, qolaversa Afg’oniston kabi siyosiy muhitga ega bo’lgan davlatlar bilan muzokara olib borishni Nazarboyevdan boshqa odam uddasidan chiqa olmaydi degan fikrdaman”.

Tahlilchi Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, hozirgi sharoitda Qozog’iston lideriga qiyin bo’lsada, u xorij bilan aloqalarda pragmatik qarashlarga asoslanadi.

Nazarboev o’zining Xitoy va Rossiya singari ikki kuchli qo’shnilari bilan til topisha olishi juda muhim. Shuning uchun ham ular bilan ehtiyotkorona siyosat olib boradi.

“Darhaqiqat, Nazarboevga hozir og’ir. Mushkullik shundaki, u mamlakat xavfsizligi uchun kuchli ikki qo’shnisi bilan til topishish va shu bilan birga G’arb ko’nglini ovlay bilishni uddalashi kerak bo’ladi”, - deydi Yo’ldoshev.

Nazarboyev, deydi ekspert, hozir juda odilona siyosat yuritmoqda va ham Ga’rb, ham Sharq orasidagi oltin o’rtalikni topa olgan rahbar.

XS
SM
MD
LG