Tojik-qirg’iz chegarachilari o’q almashgan, yaralanganlar bor


Minomyotning portlagan qoldig'i

Minomyotning portlagan qoldig'i

Qirg’izistonning Botken viloyatida Tojikiston bilan chegarada ikki mamlakat chegarachilari o’rtasida otishma yuz berib, Bishkek chegara va bojxona punktlarini vaqtinchalik yopishga qaror qildi.

Otishmada yaradorlar bor. Bishkek tojik tomoni birinchi bo’lib qurolni ishga solgan desa, Dushanbening rasmiy bayonotida aytilishicha, tojik chegarachilari noqonuniy yo’l qurilishini to’xtatmoqchi bo’lganida qirg’iz askarlari tomonidan o’qqa tutilgan.

Ikki davlat chegarasining uzunligi salkam 1000 kilometr bo’lib, chegara hududlarda 70 ga yaqin bahsli rayonlar bor.

Tojikistonning shimoliy Sug’d viloyati va Qirg’izistonning Botken viloyati chegarasida bo’lgan otishma tufayli har ikki davlat chegara qo’shinlari orasida yaralanganlar 10 nafardan oshadi.

Ikki mamlakat o’rtasida bahsli hududlar bor. Aynan ana shu yer, yo’l va suvdan foydalanish muammolari o’zaro ixtilofga sabab bo’lmoqda.

Qirg’izistonlik ekspert Shohruh Soipov deydiki, butun muammo aslida mamlakat rahbarlarining nouddaburonligida.

“20 yildan oshibdiki, haligacha chegaralar aniq belgilanmagan. Kim-qaysi manfaatdorlarning tegirmoniga suv quyilishiga imkon berilmoqda. Oddiy odamlar, soldatlarda ayb yo’q”, - deydi u.

Tojikistonlik Gulchehra Saymo’minova necha yillardan beri tinchgina yashab kelgan aholi bugunga kelib yer-suv, yo’l talashib qo’n to’kishgacha borayotganligini taassuf bilan qayd etadi.

“Mana bular bir parcha yerni deb janjal boshlab o’tirishbdi. Qo’ysinlar biz tinchgina yashaylik, bu yerlar kimlardan qolib ketmagan. Qirg’izlarni tomi ketib qolgan, bular yerga to’ymas ekanlar-da”, - deydi u.

“Faqat avtomat otishmadi, bir nimalar gumbirladi. Biz endi qo’rqib qoldik. Rahbarlar tezroq kelishib, hammasini aniq-tiniq kelishib olishlari shart”, - deydi Baxtiyor ismli yana bir fuqaro.

Tojikistonning vaziyat taranglashgan Isfara nohiyasiga qarashli Chorko’h qishloq jamoatining Hojia’lo qishlog’i erkaklari xotin va bola-chaqalarini uzoqroq, xavfsizroq joylarga, qarindosh-urug’nikiga jo’natishgan. Ular katta mojarolar boshlanib ketishidan hadiksirashadi.

Qonli to’qnashuvlar haqida xabarlar tarqalibdiki, bunda Rossiyaning qo’li bor deguvchilar topildi. Mahalliy huquqshunos Munavvar Hamroyeva bunday fikrlarga qo’shilmaydi.

“Darrov bunda Rossiya foyda topadi, deyishdi. Bunaqa gaplarni tarqatayotganlar yaxshi bilib olsinlarki, agar bir sabab bo’lmasa, o’zimizdan kimdir nimadir qilmasa, bizni hech kim urushtirolmaydi. Kim birinchi bo’lib qurol ishlatdi, nega, nima sababdan bu darajada otishma bo’ldi, albatta bularning tagiga yetish shart. Bo’lmasa, alal oqibat eng yaxshi qo’shnimiz bilan yovlashib qolamiz”, - deydi mutaxassis.

Bir haftacha muqaddam ikki davlat hukumat va chegara qo’shinlari rahbarlari sarhadlarni o’zaro tinch qo’riqlash borasida shartnoma imzolagan edilar. Unga ko’ra, har ikki tomon kuch ishlatmaslikka kelishgan edi.

Mahalliy jurnalistlardan biri bu kabi voqealar bo’rttirilmasligi, ilgari zamonlarda bo’lgani kabi, har yoqqa xabar tarqatilmasdan, hamma narsa imi-jimida hal etilgani ma’qul, deydi.
Qirg'iz chegarachilari ashyoviy dalilni ko'rsatmoqda

Qirg'iz chegarachilari ashyoviy dalilni ko'rsatmoqda


“Negaki, bu kabi xabarlarni tarqatish yaxshilikka emas, aksincha, ikki tarafni johillikka undaydi”, - deydi u.

Voqea ro’y bergan hududga qo’shimcha armiya kuchlari tortilib, qattiq nazorat o’rnatilgan. Respublikaning Qirg’iziston bilan boshqa chegara hududlarida o’rnatilgan kuchli nazorat birmuncha yengillashtirilgan.

Ikki qo’shni davlat o’rtasidagi orasini berkitib bo’lmas qishloqlar aholisi kundalik turmush tashvishlari bilan band. To’qnashuv o’tgan hududda esa har ikki tomon tegishli mahkama xodimlari tafsilotlarni o’rganishmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG