Qirg’iziston janubidagi etnik fojea “buyurtmali urushning o’zidir”


Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston viloyatlari tutashgan Farg’ona vodiysi, deydi ekspertlar, o’zida har doim ixtiloflar manbaini saqlab kelgan. Qirg’iziston janubidagi etnik mojarоdan so’ng ba’zilar uning qo’shni davlatlarga yoyilish ehtimolini tilga olishadi.

“Ferghana.ru” veb saytining tahlilchi tojik jurnalisti Tilav Rasulzoda fikricha ana shunday fikrlayotganlarning o’zi voqealarning bunday rivojidan manfaatdor.

“Bunday gapirishayotganlar, menimcha, bu konfliktga masalan, shimoliy Tojikistonni ham qo’shib yuborishdan manfaatdorlar. Ularning fikricha shimoliy Tojikistonda o’zbekzabonlar ko’p va ular qashshoq yashayotganlari uchun, agar ularning zaif tomonlari qo’zg’atilsa, mahalliy aholiga qarshi turadilar, deb o’ylashadi. Bunday fikrlayotganlar xato qilishadi”, - deydi Rasulzoda.

O’zbek jurnalisti Alisher Ahmedov hamkasbining fikriga qo’shiladi. U ta’kidlaydiki, “Tojikiston o’z boshidan dahshatli fuqarolar urushini o’tkazganini nazarga olsak, bu yerda etnik asosda biror bir nizo bo’lmaydi”.

Tilav Rasulzoda nazarida O’zbekistonga qochib o’tgan yuz mingga yaqin qochqin yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

“Bu butun boshli nohiya. Ular O’zbekistonda ijtimoy-maishiy qiyinchiliklarni tug’dirishlari mumkin. Shuning o’zi ham bir ixtilof o’chog’iga aylanishi mumkin. O’zbekistonga xalqaro tashkilotlar tezlik bilan yordam ko’rsatishlari kerak bo’ladi. Ahvol shunday ekan, hali Qirg’iziston janubida bardavom osoyishtalik o’rnatilgan deb bo’lmaydi”, - deydi u.

Qirg’iziston janubidagi Qorasuv nohiyasi hokimi Yusupovning mahalliy aholi bilan kuni-kecha o’tkazgan ushrashuvi oson o’tmagan. Yer masalasi haligacha mojaroga sabab bo’lmoqda. Nohiya hokimining “15 yildan beri kutyapsizlar, muvaqqat hukumat buni darrov hal qilib berolarmidi axir” degan asosli e’tirozi aholida bezovtalikni kuchaytirgan xolos.

Quloq tutishni istashmagan bolali ayollar “u yerdan 10 gektar olsin, bu yerdan 10 gektar bersin, u yerdan 15 gektar olsa, bu yerdan 15 gektar bersin” deb o’z gapini o’tkazmoqchi bo’lishadi. Manzara shunday ekan, tojik tahlilchilariga ko’ra, Qirg’izistonda mahalliy hokimiyat janubiy hududlarda nazoratni to’la o’z qo’liga olishiga ishonish qiyin.

Tojik siyosiy sharhlovchisi, jurnalist Jo’ra Yusufiy hozir Qirg’izistonda ro’y bergan fojea negiziga emas, kelajakka qarash zarur deb hisoblaydi.

“Hozir masalaning ildiziga emas, kelajakka qarash kerak bo’lmoqda. Regionda geopolitik manfaatlari to’qnashayotgan Rossiya ham, AQSh ham Qirg’izistonga harbiy kuch kiritmasligi har qanday aqlli siyosatshunosga ma’lum edi. Vaziyat og’irligicha qolmoqda. U erda qandaydir referendium o’tkazish, nazarimda, oddiy ovsarlikdan boshqa narsa emas”, - deydi Yusufiy.

Jurnalist Tilav Rasulzoda fikricha Qirg’iziston janubidagi etnik fojea “buyurtmali urushning o’zidir”. Unga ko’ra, har ikki millat vakillari qurbon bo’layotgan bu urushni Belarusdan turib Qurmanbek Bakiyev muvofiqlashtirib turmoqda. Qirg’iziston janubiga, deydi u, kimlardir istayotgan Rossiya harbiylarini kiritish maqbul ko’rinmaydi.

“Masalan faqat Rossiya tinchlikparvar kuchlarini nazarga oladigan bo’lsak, praktika ko’rsatmoqdaki, ular harbiy nizolarni hal qilishda yo o’zlari unga qo’shilgan bo’ladilar, yoki faqat bir tomonning tarafini oladilar. Shuning uchun ular betaraf bo’lolmaydilar. Qirg’izistonga BMT nazoratidagi tinchlikparvar kuchlar kiritilgani yaxshi bo’lardi. Chunki bu regionda ular yangi odamlardir. Faqat ulargina betaraf bo’la oladilar”.

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti yoki MDH … bu safar ham ular yana bir bor keraksiz tashkilotlar ekanini ko’rsatdi. Ular qandaydir iqtisodiy, ijtimoiy masalalarni hal qilishar balkim. Ammo umummamlakat taqdirini hal qiluvchi nozik va og’ir ishlarda layoqatsiz ekanliklarini namoyon etdilar”, - deydi tahlilchi Tilav Rasulzoda.

XS
SM
MD
LG