Tojikistonda matbuot qay darajada erkin? Uch gazeta ustidan sud


Tojikistonda matbuot qay darajada erkin? Uch gazeta ustidan sud

Tojikistonda matbuot qay darajada erkin? Uch gazeta ustidan sud

Xalqaro tashkilotlarga ko’ra Markaziy Osiyo, jumladan Tojikistonda matbuot va so’z erkinligi bosim ostida.

Tojikiston Oliy Sudi va Dushanbe shahar sudi bir qancha mustaqil gazetalar ustidan tergov boshlagan.

Qishloq xo’jaligi vazirligi “Millat” gazetasini tuhmatda ayblab, bir million somoni, Davlat Standard Boshqarmasi esa “Paykon” gazetasidan 300 ming somoni jarima to’lashni talab qilmoqda.

Siyosiy-ijtimoiy hayotni ochiqchasiga yoritishi bilan o’quvchilarni o’ziga jalb qilgan “Faraj”, “Aziya-Plyus” va “Ozodagon” gazetalari boshiga ham shu qismat tushgan.

“Vzglyad” nomli mustaqil ruscha gazeta bosh muharriri Bobojon Ikromov fikricha matbuotda qaltis mavzular o’rtaga tashlanayotgani o’lkada so’z erkinligidan dalolat beradi.

“Markaziy Osiyo jumhuriyatlarida islom davlatini tuzish imkoniyati bormi-yo’qligi haqida ozod so’z yuritishimiz mumkin. Masalaning bu taxlit qo’yilishiyoq bir daraja so’z erkinligiga erishganimizdan darak beradi”, -deb fikr yuritadi u.

“Qiyoslab ko’rganda, bu sohada Tojikiston O’zbekistondagiga qaraganda ancha oldindadir. Lekin bu Tojikistonda matbuot erkinligi to’la ta’minlangan degan ma’noni bermaydi. Bu masalada Tojikiston dastlabki demokratik qadamlarini qo’yib bormoqda”, - deydi Ikromov.

Shoir Jamshid Pirimov So’g’d viloyat o’zbek jamiyatining “Qadriyat” gazetasida muharrirlik qiladi. Ikki ming nusxadan sal ko’proq nashr etiladigan viloyat hukumatining “So’g’d haqiqati” gazetasi faoliyatiga shoir achingan kayfiyatda baho beradi.

“Jurnalistlarimiz bir katta iroda ko’rsatib, bir jur’at, jasorat ko’rsatib, o’zlarini kasblariga bir sadoqat ko’rsatib, shu gazetani chiqishini ta’minlab turibdilar”, - deydi u.

Jurnalist Mahmudi Ashurmuhammad o’zining tahliliy maqolasini birorta gazeta chop etmaganini bildirar ekan, “matbuot erkinligi haqida yuqoridan pastgacha har qancha javraganlari bilan, matbuot erkinligi yo’q hisobida deb o’ylayman” deydi.

“Erkin matbuot respublikada mavjud deb o’ylab, katta bir tahliliy maqola yozib, “Aziya-Plyus” gazetasiga jo’natdim, chop etilmadi. “Zindagi”, “Millat” gazetalarida ham sayr etib chiqdi va nihoyat faqat “Centrasia” saytida chop etishga muyassar bo’ldim”, - deydi Ashurmuhammad.

So’g’d viloyatida tanilgan yosh siyosatchi Ilhom Yoqubov Tojikistonda uch gazeta ustidan yuritilayotgan mahkama jarayoniyoq matbuot erkinligiga baho bo’ladi deb hisoblaydi.

“Qarangki, hatto uch nashriyani sudga berishdi. Tanho janob Saidovning gapi bilan qishloq xo’jaligi tanqidi uchun sudga torishmoqda. Mana sizga aqidalarning erkin bayon etilishiga munosabat”, - deydi Ilhom Yoqubov.

Mahalliy va qo’shni O’zbekiston davriy nashrlari sotuvini tashkil etib kelayotgan jurnalist Egamqul Sheraliyev va uning xaridorlari fikricha, respublikada o’zbekcha matbuotga nisbatan siquv seziladi. Tojikistonning bir milliondan ortiq o’zbeklar istiqomat qiladigan So’g’d viloyatida o’zbekcha gazetalarga ehtiyoj anchagina.

“Obuna paytida o’zbekcha gazetani taqiqlab qo’yishadi. Demak bu majburlash bo’ladi. Unaqada gazetani hech kim o’qimay qo’yadi”, - deyishadi ular.

Tahlilchi jurnalist Jo’ra Yusufiyning fikriga ko’ra, mustaqil nashrlar asosan pulsizlik tufayli turlicha qonunbuzarliklarga yo’l qo’yishadi.

“Masalan bizning ko’plab haftanomalarimiz istiqloldan so’ng mustaqillikni olgan bo’lsalarda, afsuski ularning ko’pchiligi ichkaridagimi, xorijdagimi, u yoki bu pul beruvchilarga qaram bo’lib qolishgan. Aynan iqtisodiy poydevorning kuchli emasligi, moliyaviy zaiflik ba’zi nashrlarni moliyaviy qalloblikka undayotganligi sir emas. Shu tufayli mustaqil matbuotga qarshi mahkama jarayonlari olib borilgani, gazetalar berkilib qolganiga guvoh bo’lganmiz. Bu holatni o’zimiz bir necha mustaqil tojik gazetalar qismatida kuzatdik”, - deydi Yusufiy.

Nomi tilga olinishini istamagan o’zbek jurnalistining aytishicha, aynan moliyaviy qalloblik va o’zaro ixtiloflar sabab “Tong” nomli mustaqil ijtimoiy-siyosiy-badiiy o’zbekcha gazeta faoliyati to’xtab qolgan.

Jurnalist Sheraliyev matbuotda nizolarga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan maqolalar chop etayotgan mualliflarni qoralaydi.

“Ba’zi bir millatchilik ruhidagi maqolalarni Tojikistonni gazetasida o’qiganman. “O’zbekistoni xurd yoki tojiklar bormi?” degan maqolani o’qiganman. Konibodomlik Niyozovnikimidi? O’ta millatchilik qiyofasida yozilgan narsa u, to’g’risi. Bu o’zbegu-tojikni orasiga nizo soladigan narsa. Bunday narsani qiladiganlar, meni fikrimcha, xalq dushmanlari hisoblanadi”, - deydi Sheraliyev.

“Varorud” gazetasi mas’ul kotibi Jo’ra Yusufiy matbuot ozodligida iqtisodni birlamchi hisoblaydi.

“Agar haqiqatni aytadigan bo’lsak, har qanday ozodlik iqtisodiy poydevorga ega bo’lishi shart. Matbuot mustahkam iqtisodiy poydevorga ega bo’lmas ekan, o’zini ozod hisoblay olmaydi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG