Turkiyada Tojikiston muxolifati vakili o'ldirib ketildi

  • Amerika Ovozi

Umarali Quvvatov Istanbulda otib ketilgan.

Umarali Quvvatov Istanbulda otib ketilgan.

Tojikistondagi "24 guruhi" nomli muxolif guruh yetakchisi Umarali Quvvatov 6-martga o'tar kechasi Turkiyaning Istanbul shahrida o'ldirib ketilgan.

Uni Fotih mavzesida kech soat 22:30 larda noma'lum shaxs to'pponchadan otib o'ldirgan. O'sha payt yonida rafiqasi va ikki nafar yosh bolasi ham bo'lgan. Politsiya Umarali Quvvatov bilan birga bo'lgan Sulaymon Qayumovni voqeaga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olgan.

Quvvatovning oilasi va farzandlari hushdan ketib, kasalxonaga yetkazilgan. Ularning ovqatdan zaharlangan bo'lishi mumkinligi aytilmoqda.

Umarali Quvvatov Tojikiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan edi. Uning "24 guruhi" harakati Tojikistonda taqiqlangan. Muxolifat vakilining o'z vaqtida Prezident Emomali Rahmon oilasi bilan yaqin bo'lgani aytiladi.

Umarali Quvvatov Tojikistonni 2012-yilda tark etgan. Bir muddat Rossiyada yashab, so'ng Turkiyaga kelgan.

Rasmiy Dushanbe Umarali Quvvatovni iqtisodiy jinoyatlarda ayblab qidiruvga bergan, u yetakchilik qilgan tashkilot ekstremistik guruh sifatida e'lon qilingan. Quvvatov bir muddat Turkiyada ham hibsga olingan, ammo biroz o'tib qo'yib yuborilgan.

Ayni paytda "24 guruhi"ning bir necha a'zosi Tojikistonda uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Tojikiston rasmiylari Quvvatovning o'limi yuzasidan bayonot bergani yo'q. Turkiyada qotillik bo'yicha jinoyat ishi ochilgan.

Hodisa Turkiyada parlament saylovlari bo'lib o'tishi ortidan kuzatildi. O'tgan saylovlarda aksariyat o'rinlarni Prezident Rahmonning Xalq demokratik partiyasi qo'lga kiritgan. Muxolifatdan deyarli hech kim parlamentga kirmagan.

So'nggi paytlarda hukumat mamlakatdagi va xorijdagi muxolifat vakillariga tazyiqlarni oshirayotgani aytiladi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti Quvvatovning o'ldirilganini qoralab, Turkiya hukumatini adolatni ta'minlashga, jinoyatga izchil tekshirib, qotilni aniqlashga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG