Tojikiston ahli Suriya xususida qanday fikrda?


Suriyada prezident Bashar al-Assad va muxolif kuchlar o’rtasidagi janglar kuchayar ekan, xalqaro jamoatchilikdan rasmiy Damashq hukumatiga qarshi kuchlarga yuborayotgan yordami ham oshmoqda. Masalan, AQSh hukumati muxolifatni himoya qilishini ochiq ma’lum qildi. Bir vaqtlar Suriya bilan yaqin hamkor – sobiq SSSR tarkibida bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlari Suriya masalasida ko’proq Rossiya matbuoti ta’sirida. Lekin mahalliy ziyolilar orasida Damashq hukumatining umri oz qolganiga ishonuvchilar ko’p.


Suriyadagi vaziyat, u yerda hukumat kuchlari va muxolifat o’rtasida ketayotgan qonli to’qnashuvlar Tojikiston ziyolilari orasida turlicha tahlil qilinmoqda. Sho’rolar davri ta’limini olgan katta yoshdagilar Suriya hukumatiga moyilligini izhor etsa, yoshlarning aksariyati mamlakatda yangi hukumat o’rnatilishi tarafdori.

Tojikistonda dindor musulmonlar orasida ham Suriya hukumatini xushlamaydiganlar ko’p. Ramiqjon Jo’raevning aytishicha, Bashar al-Assadning vaqti o’tdi va mamlakatda aholini qirg’in qilayotganlar hokimiyatdan ketishi kerak.

Suriyani yaxshi bilgan va u yerda bo’lgan Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi faoli Hoji Naimjonga ko’ra, Suriya oppozitsiyasi ozodlikni xohlaydi.

“Assadni Rossiya o’z manfaatlari uchun qo’llasa, Eron mahzabdoshlik qilmoqda. Shuning uchun u yerda mahzab talashib ham qon to’kilmoqda, - deydi u. - Assadning insofi bo’lganda edi, islohotni yo’lga qo’yar edi. Amerika ham bu yoqqa yordam qilmoqda, Rossiya esa hukumatni qo’llayapti. Oppozitsiya ham biron joydan mablag’, qurol olmasa bo’lmaydi”.

Ziyoli Maksim Husratulloyevning fikricha, Yaqin Sharq, jumladan, Suriyadagi tartibsizliklarga hukumat mas’ul emas. Uning fikricha, ularga birinchi galda Isroil dushmanlik qiladi, so’ng qo’shni Turkiya. AQSh ham bunga aloqador, deydi u.

“Rossiya Suriya hukumatini bejiz qo’llamayapti. Suriya hukumatini qirg’inda ayblayotgan, unga qarshi sanksiyalar joriy etayotganlar yanglishadi, ular o’z muammolarini o’zlari hal etishlari kerak”.

Hoji Naimjon singari faollar bu kabi fikrlarga qo’shilmaydi. Suriya hukumatidagilar kibru-g’urur va takabburlik bilan ish yuritmoqda, xalqni terrorchi, ekstremist deb hisoblamasin, deydi u.

“Axir, o’zlari hukumatda islohotlar o’tkazmasdan, bittasi pochchasi, bittasi tog’asi, bittasi amaki… Bu bilan bo’ladimi? U ham, masalan, hukumatda terroristlik qilmoqda”, - deydi Naimjon.

Mahalliy ekspert Obloqul Musoyev Suriya masalasi bo’yicha Tojikiston aholisining munosabati, asosan, Rossiya ommaviy axborot vositalari ta’sirida shakllanayotganini aytadi. Rossiya davlat va nodavlat telekanallaridagi dunyo voqealariga berilayotgan sharhlar mahalliy xalq fikriga ta’sir o’tkazadi, deydi u.

“Suriyada xalqning katta noroziligi bor, ko’chalardagi otishmalar… Xalq noroziligi sabab Assad ketishi mumkin, albatta. Buni endi faqat vaqt ko’rsatadi”, - deydi ekspert.
Ko’pchilik fikriga ko’ra esa, Asad hukumatining taqdiri allaqachon hal bo’lgan. Oliy hakam bo’lmish vaqtning o’z hukmini chiqarishi qoldi, xolos, deydi ular.
XS
SM
MD
LG