Rog'un GESi Tojikiston uchun nimaga kerak?

  • Amerika Ovozi

Rog'un GESi Tojikiston uchun nimaga kerak?

Rog'un GESi Tojikiston uchun nimaga kerak?

Tog'li hududda joylashgan Tojikiston gidroelektrostansiyalar qurilishiga jiddiy e'tibor qaratib, Markaziy Osiyoning "Shveysariya"si bo'lishga intilar ekan, loyiha iqtisodiy jihatdan daromadli tuyulsa-da, qo'shni davlatlar bilan munosabatlarni buzishi mumkin.

Loyihaga zo'r berayotgan prezident Emomali Rahmon xalq orasida bunyodkor sifatida tanilmoqchi. Uning kaska kiyib tushgan suratlari shundan dalolat.

Sentabr oyida Dushanbeda dunyodagi eng baland flagshtok bunyod etilib, Ginnesning Jahon rekordlari kitobiga kiritildi. Unda Tojikistonning ulkan milliy bayrog'i hilpirab turibdi.

Kelasi yili esa Rahmon dunyodagi eng yirik to'g'on qurilishini boshlamoqchi. Balandligi Nyu-Yorkdagi eng novcha osmono'par binoga teng bo'lishi kutilayotgan va qiymati ikki milliard dollarlik Rog'un gidroelektrostansiyasidan maqsad Tojikistonning elektr quvvatiga bo'lgan ichki ehtiyojini qoplabgina qolmay, Markaziy Osiyo, Afg'oniston va Pokistonga ham eksport qilib, valyuta ishlash.

Tojikistondagi yetakchi muxolif guruh, Islom Uyg'onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriyning aytishicha, hukumat aholiga to'g'on aksiyalarini sotib, 200 million dollar ishladi.

"Qurilish boshlanmasa, unga ishonch yo'qoladi", - deydi Kabiriy.

Suv mintaqadagi eng muhim va kamyob strategik resurs hisoblanar ekan, respublikalar orasida janjalga sabab mavzu hamdir. Sovet Ittifoqi paytida suv markaz orqali taqsimlanar edi. Mustaqil bo'lgach, davlatlar bunga kelisha olmayapti.

Tojikiston qishda O'zbekistondan elektr quvvati uzilib kelayotganidan nolib, paxta va mevazorlarga suv kerak, deydi. O'zbekiston esa Rog'un ishga tushsa, yozda paxta uchun suv kamayib, qishda ekin dalalari toshqinga uchraydi, deya loyihaga qarshi.

Ammo tojik jurnalisti Izzatmand Salomov suv uchun urush bo'lmaydi, deydi.

"O'zbekistonning da'volari va shikoyati asossiz. Ular raqobatdan qo'rqyapti, Tojikiston va Afg'oniston elektr quvvatini ortiq sotib olmasligidan", - deydi Salomov.

Mart oyida hukumat elektr quvvatini tejash maqsadida xonadonlarga oqshomda ikki soatga tok berishga o'tgani aholini g'azablantirdi. "Elektr quvvati o'zimizga yetmas ekan, boshqa davlatlarga sotib nima qilamiz" deya xalq norozi bo'ldi. O'tgan oy Tojikiston elektr quvvatini Afg'onistonga uzata boshladi. O'zbekistonga qaraganda ikki baravar arzon narxda.

Zafar Abdullayev ismli yigit esa internet orqali odamlarni davlatga qarashli energetik kompaniya idorasi yonida namoyish qilishga da'vat etdi.

"Rog'un juda ham muhim. Usiz taraqqiyot bo'lmaydi, O'zbekiston bekorga xavotir olyapti", - deydi u.

Vaxsh daryosi bo'yidagi GES qurilishi 35 yil burun Sovet davrida boshlanib, so'ng to'xtab qolgan edi. Mustaqillikdan keyin esa Tojikistonning o'zida uni qurib bitkazish uchun pul bo'lmadi. Davlat aksiyalaridan 200 million dollar tushgan xolos. Bu ikki milliard dollarlik loyihaning atigi o'ndan biriga yetadi. Rossiya bilan imzolangan shartnomalar ish bermadi. Tojikiston GES aksiyalarining kontrol paketini qo'ldan chiqargisi kelmadi.

O'zbekiston bilan ham muzokaralar samara berganicha yo'q. Rasmiy Toshkentning asosiy e'tirozi shuki, Rog'un GESi mintaqa xavfsizligiga tahdid, chunki kuchli seysmik zonada qurilmoqda, to'g'on asoslari puxta emas va buncha ko'p suvni ushlab tura olmaydi. O'zbekiston yirik suv toshqini ehtimolidan xavotirda.

Bu o'rtada tojikistonliklar bu yil ham elektr quvvatini tejashga majbur bo'ladi. Tok ta'minoti sentabr oyidan boshlab yana kamaytirildi. Yirik inshootlar bundan mustasno, deydi rasmiylar. Rayonlarda chiroq kuniga 2-4 soatga yonyapti xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG