Tojik-o’zbek o’rtasida tortilgan tikan simlarni olib tashlang, deydi chegara aholisi


Markaziy Osyioda Sovet davrida chizilgan milliy chegaralar bugunga kelib mustaqil davlatlar va ularda yashovchi xalqlar o’rtasida nizolarga yo’l ochayotgani sir emas.

Mutaxassislar nazarida bugun janubiy Qirg’izistonda ro’y bergan fojiadan barcha saboq chiqarish kerak. Chunki Tojikiston va O’zbekiston chegara hududining ayrim nuqtalarida ham o’zaro ixtiloflar paydo bo’lishi mumkin.

Tojikistonga qarashli qishloqlar hududlarida O’zbekiston fuqarolari istiqomat qiladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra bunday yerlarda asta-sekinlik bilan ixtilof yetishib kelmoqda. Joylardagi fuqarolarning o’z statuslarini aniq tanlamaganliklari bunga sababdek ko’rinadi.

Ikki mamlakat o’rtasidagi chegara muhofazasi hozir ancha qattiqlashgan. Uning yengillashtirilishini har ikki davlat fuqarolari istashadi. Tojikistonlik Karomat Obloqulovning aytishicha buni O’zbekiston tomoni istamaydi.

“O’zbeklar bizning yerimizda bemalol yurishlari mumkin, lekin biz borolmaymiz. Ularning ham kelishi taqiqlab qo’yilsa juda yaxshi bo’lardi”, - deydi u.

Toshkent viloyatining Bekobod shahri bilan chegaradosh Spitamen nohiyasi, Platina qishlog’ida yashovchi Shahodat ismli ayolning aytishicha, o’zbeklar yashovchi hududlar O’zbekistonga o’tkazilsa “yaxshi bo’lardi”.

“Chunki oldingi paytlar juda yaxshi edi. Mahallamizni fayzi bor edi. Odamlar bir-biriga mehr-oqibatli edi. Hozir bir yog’da O’zbekiston odamlari, bir yog’da Tojikiston odamlari bir-biriga allaqachon millatchilik bo’lyapti. Bizni siyosatga aralashishga umuman haqqimiz yo’q. Chunki biz fuqarolar oddiy bir xalqmiz. U siyosatni qiladiganlar teppada. Siyosatni o’zi yurg’izaveradi. Tojik-o’zbek hammasi bitta xalq”, - deydi Shahodat.

Tojikistonliklar hududlar tamoman ajratilib, chegara yopib qo’yilsa yashay olmaymiz deyishadi.

“Oldinlari zo’r edi. Hozir bo’lmaydi. Allaqachon O’zbekiston [chegarani] mustahkamlayapti. Agar berkitib qo’yishsa, bizlar tirikchilik qilolmaymiz”, - deyishadi ular.

Bekobod shahri bilan tutash, Tojikistonga qarashli Plotina, Gorniy va Kazarma qishloqlarida ikki mingga yaqin O’zbekiston fuqarolari bor. Spitamen nohiyasi yer qo’mitasi ma’lumotiga ko’ra, Tojikistonga qarashli 40 gektarga yaqin maydondagi yuzdan ortiq xo’jalik a’zolari O’zbekiston fuqaroligini olishgan.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, bunday holatga chek qo’yilmasa, chet fuqarolarning yerga egaligi masalasiga nuqta qo’yilmasa, vaziyat keskinlashib borishi mumkin.

Masala keskin qo’yilgan taqdirda Shahodat singarilar O’zbekiston tomonga o’tib ketishlarini aytishadi. Chunki u singarilarning ko’pchiligida turmush o’rtoqlari va farzandlari, qarindosh-urug’lari O’zbekiston fuqaroligini olishgan.

“Biz O’zbekiston fuqarosi bo’lib qolamiz. Tojikiston fuqaroligini olmaymiz. O’zi Tojikiston fuqarosi o’ziga yetarli bo’lsa kerak”, - deyishadi mahalliy ayollar.

Bugun chegara hududlarida ilgari kuzatilmagan holatlar ro’y bermoqda. Farg’onaga o’tish yo’llari berkitib qo’yilgan, Mastchoh nohiyasida kuzatuv juda qattiq. Zafarobod va Istravshan nohiyalaridan yuklarni o’tkazmay qo’yishgan.

O’zbekiston zobitlari Bekobodga o’tgan tojiklarni sabab-besabab mahkamaga olib bormoqda. Bunday holatlarga guvoh bo’layotgan chegara hududlarida hammollik bilan kun ko’ruvchi bir mardikorning aytishicha, chegaraning u yog’iga o’tgan tojikistonliklarni MXX yoki boshqa zobitlar ushlab qolishadi.

“Mastchohlik biz hammolni ushlab ketishibdi. 1500 dollar keltirib ber, keyin ketaver deyishibdi”, - deydi u.

Har doim chegarada kun o’tkazuvchi tojik hammollarining aytishlaricha, O’zbekiston chegara hududlariga og’ir harbiy texnikalarni ham olib kelib qo’yishadi.

“Bir vaqti tank, BTRu soldatlarni, hamma narsani olib kelishgandi. Ham bu yerga, ham Zafarabodu-Shahriston mavzelariga, boshqa joylarga haqiqatdan ham olib kelishgandi. Qish oxirida sarhad juda qattiq qo’riqlangandi. O’shanda qandaydir nizolar boshlanadi degan gap-so’zlar Xo’jandda ham tarqalgandi. Xayriyat hammasi tinchib ketdi. Lekin chegaradan o’tish qiyinlashib ketdi”, - deydi Mastchoh nohiyasidan bo’lgan Sadabek Rustamov.

Asli tojikistonlik bo’lgan O’zbekiston fuqarosi Dilbar Manazarova muammo yechimini qo’shni davlatlarning birlashishida ko’radi.

“Birlashishimiz kerak, to’g’ri gap. Birlashishimiz kerak. Nega desangiz, meni misol uchun xo’jayinim O’zbekiston fuqarosi, men Tojikiston fuqarosi. Men ikkita bolamni unga berib, ikkitasini o’zim olib qololmayman-ku, ertaga bular ayrilib ketsa. Yoki hozir mana O’zbekiston Tojikistonni ZAKSdan o’tkazmaydi. ZAKS bo’lmagandan keyin bolalarga ham metrka berilmaydi-ku. Yo otasini nomida ketadi-onasiz, yo onasini nomida ketadi-otasiz”, - deb kuyinadi Manazarova.

O’zbekiston fuqaroligini olgan muqim o’zbeklar o’z yerlarini tashlab chiqishni o’ylashmaydi ham.

“Hech kimni tashlab ketgisi kelmaydi bu yerni. Lekin baribir odamni o’zi tug’ilib o’sgan joyi-ku. Bir-birimizni yer talashishimiz nima, bu umuman musulmonchilikka to’g’ri kelmaydigan narsa. Insholloh, ertaga hammaga ikki metr yer nasib qiladimi yo’qmi? To’g’risi, u yer talashish biz musulmonlarga aytilmagan narsa-da”, - deyishadi mahalliy o’zbeklar.

Chegara hududida yashovchi tojik fuqarolari ham ikki xalqni ajratib bo’lmasligini ta’kidlashadi. Shu yerlik Saidahmad Shodev “tojigu-o’zbek xalqlari qadimdan o’zaro bog’lanib qolgan, ularni hech bir odam judo qilolmaydi” deydi.

Vaziyatni tahlil etib borayotgan ba’zi bir mahalliy ziyoli kuzatuvchilar o’zaro suhbatda bu yerlarda jiddiy nizo o’chog’i yetilib borayotganidan tashvish izhor qilishadi.

XS
SM
MD
LG