Tojikiston yoshlarining bugungi muammolari - ishsizlik, erta oila qurish


Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar qatori Tojikistonda ham yoshlar muammosi dolzarb bo’lib, ishsizlik muammosini hal etish hukumatning asosiy vazifalaridan biri bo’lib qolmoqda.

Bu borada Tojikiston hukumati maxsus qaror va dasturlar ishlab chiqqan. Ammo amalda yoshlar uchun keng imkoniyatlar mavjudmi, ularning asosiy muammosi nimalardan iborat?

O’rta maktablar va oliygohlarni bitirayotgan 300 mingga yaqin yoshlarning aksari ishsizlar safini to’ldirishadi, mehnat muhojirligiga yo’l olishadi.

Yosh qizlarni esa oilada tezroq turmushga chiqarib yuborishga intilishadi. Mavzu haqida fikr yuritgan oliy o’quv yurti talabasi, bo’lajak sharqshunos Sohiba Turdimurodova bu holatni yoshlarning asosiy muammolaridan biri deb hisoblaydi.

Uning fikricha, aynan shu sabab yosh oilalar buzilishi ko’paymoqda, chunki yoshlar hali katta hayotga tayyor emas, qobiliyatlilarning barchasi ham qashshoqlik sabab o’qishni davom ettira olmaydi.

"Qizlarni yosh turmushga chiqarib, oilani buzilib ketishi hozirgi paytda bir muammo bo’lib qoldi. Yana bir muammo shuki, hozirgi shart-sharoitlarda qiynalib o'sgan bolalar o’zi istagan oliy o’quv yurtlariga bora olmaydi, ilm sohibi bo’lolmaydi. O’zim qishloqda o’sib katta bo’lganman, iqtidorli qizlar bor edi-yu, ammo shart-sharoiti tufayli bu orzulariga yetolmagan, muyassar bo’lolmaganlarni ko’rganman", - deydi Sohiba.

Yoshlar bilan ishlaydigan tashkilot ma’sullaridan biri sharoitni yaxshi tushunishini tan oladi, lekin ularni hal etishga ojizligini, juda ko’p narsa hukumatdorlarga bog’liq ekanini aytadi. Bu muammolar ortidagi sabablarni izohlashdan o’zini olib qochadi, “meni tinch qo’ying, ertaga ma’sul rahbarlardan gap eshitib qolmay” deb, gapni buradi.

O’qib, mutaxassis bo’lgan yoshlardan biri Ozodjon Meliboyev. U hozir vatanidan qariyb 100 kilometr uzoqda, shaharda ijarada yashab, ishlaydi. Ozod ishsizlikni yoshlarning eng asosiy muammosi deb biladi, hukumat bu borada yetarli tadbir ko’rolmayapti, deydi.

"Umumta’lim maktablarini, ham oliy o’quv yurtlarini bitirgan yoshlar mamlakatda munosib ish o’rinlari topolmay qiynalishadi. Natijada oliy ma’lumotlilar ham chet ellarga mehnat muhojirligiga otlanishadi. O’ylaymanki, ishsizlik darajasini kamaytirishga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti. Ishsizlik ortidan kelib chiqayotgan muammolar anchayin jiddiy masala. Yoshlarning mehnat muhojirligida "Islomiy davlat" kabi terroristik guruhlar domiga tushayotganini olaylik. Dono xalqimizda “o’zga yurtda shoh bo’lgancha o’z yurtingda gado bo’l” degan bir maqol bor. O’zi ham Rossiya Federesiyasida mehnat muhojirligida bo’lgan yosh o’zbek shoirlaridan Shuhrat Shokir "qullar chiqar o’z tuprog’ida, qorni nonga to’ymagan eldan!” deb bejiz yozmagan", - deydi Ozodjon.

Rossiyadan rizq terishning o’zi yaxshilik alomati emas, deydi u. Suhbatdosh fikricha, Rossiya Markaziy Osiyo mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlar ekan, bu bilan o’z ta’sir doirasini tutib turadi.

Ozodjon Rossiya siyosatida mustabidlik, asoratga solish harakatini ko’radi, yoshlar buni yaxshidek qabul qiladi-yu, zamirida qullik yotadi, deydi u.
"Bu yerda yana jiddiyroq bir muammo bor. Bu - millat o’zini, o’zligini yo’qotib borishi. Rus adibi Dostoyevskiyning ruslar Markaziy Osiyoni bosib olishi haqidagi fikrlari bilan tanishsangiz, u o’zi mansub bo’lgan millatni Yevropaga borishini istamaydi, balki O’rta Osiyoga kelishini istaydi. Sabab - ruslar Yevropaga borsa qul bo’lardi, O’rta Osiyoga kelsa esa xoja!"

Afsuski, bugungi kunda minglab yoshlarimiz o’zga yurtlarda goh pulga, goh puldorga qul bo’lib yurishibdi, aslida ular ham Cho’lpon iborasi bilan aytganda hur tug’ilgandi, deydi Ozodjon. Uning fikricha, mamlakatda kasb-hunar bilim yurtlariga e’tibor qaratilayotgan bo’lsa-da, uni bitiruvchilar uchun ham yetarli darajada ish o’rni mavjud emas, ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish, yangi korxonalar tashkil etish zarur.

Sartaroshlik qilayotgan Shavkat ismli yigit hunarim yomon emas, lekin juda ko’plar uchun ish o’rni yo’qligidan hamma bekorchi, mardikor, ishlayotgan zavod-fabrikaning o’zi yo’q, yo bormi, deb savol qo’yadi.

"Hamma sohadan o’qimishli mutaxassislar bo’lishi kerak, shu yerda zavod-fabrikalarda ishlab chiqarish bo’lishi zarur", - deydi u.

Respublika yoshlarinig aksari ishsiz ekan, oliy ma’lumot olib ishlayotgan ziyoli yoshlardan Naimjon Boboyev hukumat yoshlar uchun hamma imkoniyatlarni yaratib qo’ygan, ularning o’zlari ham intilishi, tanbal bo’lmasligi kerak, deydi.

"O’zini ko’rsata olgan yoshlar borki, hammasi hukumat, prezident tarafidan qo’llab-quvvatlanmoqda. Hech kim chetda qolib ketgan emas, barcha narsa insonning o’z qo’lida, harakat qilgan borki, jamiyatda o’z o’rnini topmoqda. Yoshlarni hunari bo’lsa, harakati bo’lsa ishsiz qolmaydi, nimaiki muammo bo’lsa o’ziga bog’liq. Ilmi bo’lsa-yu hayotga tadbiq etolmasa, ishlamasa, bunga ham hukumat aybdor emas, odamni o’zida ham intilish bo’lishi kerak. Ishi yurmasa, hunar egallamasa, pul topolmasa nonni ham og’ziga chaynab solib qo’ysinlarmi? Amerikada, Germaniyada, Xitoyda ishlab, nainki oilasini, balki Tojikistondagi qarindoshlarini ham ta’minlayotgan yoshlar yo’q emas, hamma narsa odamni o’ziga bog’liq", - deydi Naimjon.

Uning fikricha, bugungi qiyinchiliklar, mehnat muhojirati ham yoshlarni chiniqtirmoqda. Ular dunyo ko’rmoqda, tajriba orttirmoqda, vaqti kelib bular hammasi vatan ravnaqi uchun xizmat qiladi.

XS
SM
MD
LG