Tojikistonda OITSning ko’payishi muhojirat bilan bog'liq


OITS, orttirilgan immunitet taqchilligi sindromi Tojikistonda xalq orasida dahshat uyg'otadigan SPID nomi bilan tanish va xalq bemorlardan irganadi.

Kasallik profilaktikasi bilan shug’ullanadigan markazlardan birida ishlovchi mutaxassisning aytishicha, respublikada bemorlar yiliga ikki barobar ortmoqda. Bu juda achinarli va xavfli holat, jamiyat bundan katta zarar ko’radi, deydi mutaxassis.

Jamiyatshunos Valentina Doronina aytadiki, muammoni faqat sog’liqni saqlash vazirligi, tabiblar bilangina hal etib bo’lmaydi, masala ancha jiddiy.

“OITS inyeksiya va jinsiy yo’llar bilan tarqaladi, buni chuqur o’rganish kerak, bu fohishalik ham… Yana bilishimcha, regionda o’n sakkizdan 30 yoshgacha bo’lganlar orasida narkomanlar soni ortib bormoqda. Ularni nech kim nazorat qilmaydi. Noqonuniy migratsiya haligacha bartaraf etilmagan. OITSning tarqalishi uchun keng sharoit bor”, - deydi u.

Rossiyada ikki yil eri bilan yashab, undan kasallik yuqtirib kelgan ayolning aytishicha, bemorligini bilgan qaynonasi uni bolasi bilan ko’chaga haydagan, mahalla-ko'y undan yuz o’girgan, bemorga xalqning munosabati salbiy.

"Men hozir odamlarga yomon ko’rinmay, kasal yuqtirmay deb ko’chaga chiqmayman, biron yerga ham ishga olishmaydi. Maxsus markazdan yordam berib turishibdi", - deydi bemor.

Ziyoli O’tkir Turaboyev aholi orasida ma’rifatning pastligi sabab tushunchalar juda oz, xalq orasida profilaktika ishlari olib borilmaydi, sog’lom turmush tarzi targ’iboti juda kam, OITSga chalinganlar bilan maxsus ish ko’rilmaydi, deydi.

“Anonim markazlarga qon topshirishga xalqimiz hali ham tayyormas. Bizda meditsina xizmati taraqqiy etgan davlatlardagidek rivojlangan emas”, - deydi u.

Tahlilchi Abdujabbor Yo’ldoshev kasallikning tarqalmasligi uchun Tojikistonda ham G’arb davlatlaridagi singari sanitariya-nazorat o’rnatish kerak deb hisoblaydi.

“Afrika mamlakatlarida Ebola virusi tarqalganidan so’ng Yevropa qattiq nazorat o’rnatdi. Bizda ham shunday qilishimiz kerak. OITSni ham vaqtida qattiq turib, oldini olishganida edi, kasallik bu darajada ko’paymasdi, endi nog’ora chalishadi, kim qanaqa loyihalar ishlab ciqishadi, hammasi befoyda”, - deb hisoblaydi tahlilchi.

Turaboyevning fikricha, kasallikni ko’p hollarda respublikaga mehnat muhojirlari keltirmoqda, buning oldini olsa bo’ladi.

“Mamlakatdan xorijga kirib-chiqishda aeroportlar, temiryo’l vokzallarida ketishda bo’lmasa ham, odamlarni qaytishlarida qon olib tashxisdan o’tkazishni yo’lga qo’ysa bo’ladi. Bizda bunday qilishmaydi. Rivojlangan mamlakatlarda kasalliklar ko'payishi munosabati bilan shunday qilishadi. Endi bu katta pul talab qiladi, mamlakat byudjetda bunga pul ajratadimi-yo’qmi, qorong’i, lekin bajarsa bo’ladi”, - deydi u.

Doronina bemorlarning ko’payishi Rossiyaga mehnat muhojirligi bilan bog’liqligini inkor etmasdan, kasallikning epidemiya shakliga o’tmasligi uchun qattiq nazorat, kuchli targ’ibot-tashviqot, ommaviy ko’riklar tashkil etish zarur, deb biladi.

Tojikistonda OITSga chalinganlarning 60 foizdan ortig’i erkaklar bo’lib, ko'pini 40 yoshgacha bo’lganlar tashkil etadi.

Bemorlarning 50 foizdan ortig’i virusni shprits orqali, 35 foizi jinsiy aloqada, qolganlari qon quyish va onasidan nasl orqali orttirgani ta’kidlanadi.

XS
SM
MD
LG