Tojikiston: Islom va musulmonlarga qarshi kayfiyat yaxshilikka yetaklamaydi


Jahon bo'ylab qator mamlakatlarda qonli terror xurujlari bot-bot takrorlanar ekan, musulmonlarga nisbatan salbiy qarashlar ham kuchayib bormoqda. Islom olamida, xususan, aholisi musulmonlardan iborat Markaziy Osiyo davlatlarida bunga munosabat qanday?

Dushanbedan Abdukarim Davlatov islom mo’tabar din bo’lsa-da, bundan ehtiyot bo’lish zarur, deydi.

"Hatto Vladimir Ilich Lenin 1923-yil 21-yanvarda Sovetlar ittifoqida yashayotgan jami millatlar e’tiqodlariga ko’ra o’z dinlarini davom ettiraversinlar deb dekretga imzo chekkan. Lekin qavs ichida “islomga ehtiyot bo’linglar” deb qo’ygan. Bu meni gapim emas, Leninni gapi. Bizning musulmon salgina pul topsa chiroyli xotinlarga, ayshu-ishratga berilib ketadi. Atrofidagi farzandlari bilan ham qiziqmay qo’yadi. O’shaning uchun o’zimizga o’zimiz qilamiz, shaytonni yelkadan tushira olmaymiz", - deydi Davlatov.

Ammo bu kabi fikrlarni Tojikistonda hamma ham qo’llayvermaydi:

"Nega televizorda bir musulmon odam o’ldirsa dod-voy solishadi, yahudiy yo xristian qilgan ishni aytishmaydi? Yoki bo’lmasa, musulmon bolasining yaxshiligini ko’rsatmaydi?" - deya so'raydi bir suhbatdosh.

Sharqshunos Anatoliy Hayimshoyev fikricha:

"Nega G’arb musulmonlarga, islomga salbiy munosabatda? Islom dini yomon emas, musulmonlarning o’zi islomni bulg’amoqda. Bu yerda katta yoshdagi aholining asosiy qismi, o’qimagan, dunyo ko’rmagan yoshlar ham, agar jahondagi urushlarga kim sababchi desangiz, Amerikani bigiz qilib ko’rsatishadi. Xalq orasida mutaassiblik kuchaygan. Tojikiston hukumati islom partiyasini yopib, xato qilmadi. Negaki, siyosatni tushunmagan savodsiz yoshlar aynan islom dini deb u partiyaga kirib borardi. Aslida siyosatni tushunmasdi, bu qaltis vaziyatga olib boradi", - deydi Hayimshoyev.

Abdukarim Davlatovning aytishicha, Tojikistonda ayrim ziyolilarning o’zi xalqni buzmoqda.

"Ayrim ziyolilarimiz o’zlari yakka hokim bo’lib, o’zlariga o’zlari unvon berib yuradilar. Nima qilishdi ular, birorta qashshoq oilaga, biror kishiga bir muruvvat qilishdimi? Bormi shu gap? Yo’q! Faqat to’planishib, bittasiga bittasi orden berib, bittasiga medal berib, o’zlarini o’zlari xursand qilib, gumbur-qars yurishibdi. Ana hozir jindek pullari ko’payib, chiroyli ayollarni topib olishdi, shundan keyin bizning musulmon mamlakatdan kimlar nafratlanmaydi?! Mana musulmonning ishi! Ikkita odamning kasofatiga butun yurtni, yo bo’lmasa butun millatni sharmanda qilayapti-ku bular!" - deydi u.

Yevropada o’qib kelgan tojik yoshlaridan biri G’arb dunyosi ochiq jamiyat, u yerda musulmonlar tobora ko’payib bormoqda, deydi. Yevropa islom dunyosiga hali qo’shilib ketadi, islom butun dunyoda g’alaba qiladi, deb aytadi.

"Lekin u yerda bizga yot qarash kuchaymoqda, shunisi yomon", - deydi u.

Sharqshunos Anatoliy Hayimshoyev nazarida G’arbda islom olamiga nisbatan kayfiyatning yomonlashuvi, dunyoning ikki muqaddas diniga mansub insonlarning to’qnashuvi jahonda mudhish fojealarga yetaklashi mumkin.

Eng asosiysi, targ’ibot vositalarida bir yoqlamalikka barham berish kerak. G’arb ziyolilarinig o’zi buni yaxshi tushunadi, deb aytadi u.

"Facebook" ijtimoiy tarmog’i asoschisi Mark Sukerberg musulmonlar olamiga qarshi harakatlarni qoralab, “barchamizning teng huquqlarimiz uchun kurashamiz. Bir-birimizda yaxshilik ko’rar ekanmiz, birga ekanmiz, o’zaro ishonchni yo’qotmasdan, butun dunyoda har birimiz va hammamiz uchun a’lo dunyoni yarata olamiz” deb yozgandi. Qarang, kuniga millionlab odamlar bu tarmoqda muloqotda bo’ladi, turli din va tabaqadagi millionlab kishilar so’zlashadi. Yaxshi amal va yaxshi xulq hammamizga ibrat bo’lishi lozim", -deydi sharqshunos Hayimshoyev.

XS
SM
MD
LG