Tojikiston xurujlarda mudofaa vazirining sobiq muovinini aybladi

  • Amerika Ovozi

Tojikistonda ro'y bergan ikki hujumda 8 militsiya xodimi halok bo'lgan. Poytaxt Dushanbe va uning atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Hujumlar Islom Uyg'onish partiyasi faoliyatining taqiqlanishi hamda 23 yoshli talaba yigitning kaltaklanishi ketidan ro'y bermoqda. Umar Bobojonovning oilasiga ko'ra, militsiya uni soqol qo'ygani uchun do'pposlagan. Yigit Vahdat tumanidagi kasalxonada vafot etdi.

4-sentabr tongda Dushanbening xalqaro aeroporti yaqinida ikki harbiy va bir DAN xodimi otib ketilgani, yana biri kasalxonaga yotqizilgani xabar qilinmoqda. Qorategin mahallasi qurshab olinib, uch kishi qidirilyapti.

Bu voqeadan bir necha soat oldin Vahdat tumanidagi militsiya bo'limi o'qqa tutilgan edi. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bayonotida hujumni Ziyovuddin Abdulloyev boshchiligidagi jinoiy guruh sodir etgani aytiladi. Abdulloyev ikki sherigi bilan otishmada halok bo'lgan.

Rasmiylar bu hujumlar o'rtasida bog'liqlik yo'q desada, AQShning Dushanbedagi elchixonasi Facebookdagi sahifasida zo'ravonlik avj olishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Elchixona vaqtincha yopiq.

Tojikiston hukumati bu xurujlarni rejalash va amalga oshirishda Mudofaa vaziri muovini Abduhalim Nazarzodani (Hoji Halim nomi ostida tanilgan) ayblamoqda. U bugun Prezident Emomali Rahmonning farmoni bilan ishdan olingan.

Sobiq muxolifatchilardan biri, Islom Uyg'onish partiyasi a'zosi Nazarzoda 2014-yilda lavozimga tayinlangan edi. Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, Nazarzoda terror xurujlarini boshidan oxirigacha o'zi boshqargan.

Vahdat tumanida sobiq mudofaa vaziri muovini va uning sheriklarini qidirish ishlari davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG