Markaziy Osiyo bolalari mehnatda katta bo'ladi - Tojikistondan fotolavha


Bolalar hozir pul topadi: paxta teradi, ipak qurti boqadi, loy qoradi, g’isht tashiydi, guvala kesak quyadi, yuk ko'taradi, mashina yuvadi, oshxonalarda dastyor.

Yaqinda Amerika farmasevtika kompaniyalari tomonidan Tojikistonga ajratilgan 15,6 million dollarlik gumanitar ko’mak AQSh davlat departamenti yordamida mamlakatga keltirildi.

Bular orasida qoqshol va bo’g'ma singari kasalliklarga qarshi 10,2 million dollarlik vaksinalar borki, bu asosan yosh avlod salomatligi uchun juda zarur. Tojikiston aholisiga tekin tarqatiladi.

Bolalar shifokori Mavjuda Hakimovaning aytishicha, 1-iyun Bolalarni himoya qilish xalqaro kuni oldidan bu ko’mak juda vaqtida bo’lib, Tojikistonda go’daklar orasida xavfli bo’lgan turli yuqumli kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.

Tojikiston aholisining 50 foizdan ortig’ini yoshlar tashkil etadi va aholi yiliga qariyb chorak millionga ko’payib bormoqda.

Ishsizlik, maosh ozligi, qashshoqlik va demografiyaning tez sur'atda yuksalishi bolalar mehnatining rivoj topishiga sabab bo’lmoqda.

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, o’rta yoshdagi maktab o’quvchilarining qariyb 70 foizi salomatligiga salbiy ta’sir yetkazuvchi og’ir jismoniy mehnat bilan mashg’ul.

Tojikistonning janubiy tog’li nohiyalarida qizlarni 15-16 yoshdan turmushga berib yuborish oddiy holdek ko’riladi. Yoshlar orasida nashavandlik, narkotrafikka qo’shilib borayotganlar ko'paymoqda.

Ota-onasi Rossiyada mehnat muhojirligida bo’lgan bolalar joylardagi yollanma ustalarga arzimagan ish haqi uchun yordamchi bo’lib ishlaydilar: paxta terishadi, pilla qurti uchun baland tut novdalarini kesishadi, loy qorishadi, g’isht tashishadi, guvala kesak quyishadi, hatto beton ham qorishadi.

“XXI asr farzandlari” nodavlat bolalar tashkilotining “Yangi hayot” loyihasi rahbari Farzona Sohibovaning aytishicha, yoshlarni barkamol shaxs sifatida voyaga yetkazish nafaqat maktab va ota-onaning, balki jamiyatning ham vazifai bo’lishi lozim.

Ichki ishlar vazirligi rasmiylari keyingi yillarda bolalar orasida jinoyatchilik o’sib borayotganini ta’kidlaydilar. Mamlakatda har uch jinoyatning birida yoshlarning qo’li bor. Mayda o’g’rilik, bezorilik qatorida o’smirlarning og'ir jinoyatlarga ham qo’l urish hollari qayd etilmoqda.

Bular orasida odam savdosi, fohishalik, qotilliklar ham uchraydi.

Tojikiston hukumati yosh avlodni sog’lom voyaga yetkazish borasida maxsus davlat programmasiga ega. Unga ko’ra, o’smir qizlar, homilador ayollar, yosh onalar, harbiy chaqiruv yoshidagi o’g’il bolalarga bepul medisina xizmati ko’rsatiladi.
XS
SM
MD
LG