Sharhlovchilar: Xitoy Tojikiston yerini olib, Markaziy Osiyoni qurolsiz zabt etmoqda


Sharhlovchilar: Xitoy Tojikiston yerini olib, Markaziy Osiyoni qurolsiz zabt etmoqda

Sharhlovchilar: Xitoy Tojikiston yerini olib, Markaziy Osiyoni qurolsiz zabt etmoqda

Tojikiston parlamenti Badaxshon viloyatidagi sharqiy Pomir hududidan ming kvadrat kilometr maydonni Xitoyga berish haqidagi hujjatni ratifikasiya qilganiga bir oy bo’ldi. Jamoatchilik orasida bu qaror keng muhokama qilinmoqda.

Muammo XXI asrga, chor Rossiyasi davriga borib taqaladi. Rasmiylarning aytishicha, Xitoy bilan kelishuv bir asrlik tortishuvga nuqta qo’ygan.

Hukumat vakillari yerning Xitoyga berilishi tarixiy zarurat deyishsa, ayrimlar buni konstitutsiyaga zid deb baholaydi.

So’g’d viloyatida o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi tarixchi olimlar, siyosatshunos va ijodkorlarni bir davraga to’plab, munozara o’tkazdi.

Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev yerning Xitoyga berilishini yoqlaganlarni, jumladan parlament vakili, Tog’li Badaxshon liderlaridan bo’lgan Shodi Shabdolovning “bu Tojikiston hukumatining siyosiy yutug’i” degan bayonotini tanqid qiladi.

“Yagona Muhiddin Kabiriygina ochiq qarshilik qildi, respublika manfaatini himoya qildi”, - deydi Yo’ldoshev.

“Lekin bu yerda ikki narsa bor. Biz yutdikmi, yutqazdikmi? Agar shu ming kilometrni bermaganimizda, ertaga mumkin 28 ming kvadrat kilometrni qo’ldan berib qo’yarmidik. Bundan fojea yasamaslik kerak. Mumkin vaqti kelib Qashqaru-Toshqo’rg’on bizga qaytib kelar. Buni tarix deb nomlashadi,”- deydi Yo’ldoshev.

Shoir Odil Ikrom mavzuni tahlil etarkan, vatan tushunchasiga to’xtaladi.

“Qayerda odam o’zini erkin his qilsa, qayerda o’z so’zini ayta olsa, hatto bir hovli ham inson uchun vatan bo’lishi mumkin. Vatan bir parcha tuproq, kindik qoni to’kilgan yer. Toki kindik qoni to’kilgan yerga yurak qoni to’kilmas ekan, vatanni qadriga yetish haqida gap bo’lishi mumkin emas”, - deydi shoir.

“Vatan butun bir vujud, organizm. Faraz qiling, bir odamni bir qo’lini kesib oldingiz. U noqis, u kemtik hisoblanadi, u chala. Unday bo’lishi mumkin emas. Vatan butunligi bilan vatan, o’zining kengligi bilan vatan. Bir parchasi u tomonga ketib qolsa, bir tomon boshqaga ketib qolsa agar u vatan hisoblanmaydi. Boshi, oyog’i ketgan joyni faqat qorni qoladi xolos. Qorinni hech kimga keragi yo’q. Shunga vatanga ham bosh kerak, ham oyoq kerak, yulib olib bo’lmaydi uni”.

Tarixchi olim Inomjon Madaliyev ikki davlat orasidagi yer masalasini bir asrlik tortishuv deb hisoblaydi.

“1895 yildagi delimitatsiya va demarkatsiyaga asoslanib, bizga bugun ba’zi da’volarni qilishmoqda. Biz bu yerda chegaradosh Afg’oniston koridorini aniqlashtirib olishimiz kerak. Xitoyga qo’shilib qolgan Sharqiy Turkiston muammosini aniqlashtirib olishimiz zarur. Shuncha yerni o’zlashtirib olgan, yana nima da’vo qilishlari kerak?”, - deydi olim.

Uning fikricha, Xitoy Markaziy Osiyoni mana shunday qurolsiz zabt etadi.

Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev bu fikrni qabul qilgan holda, “Xitoyning hamma dushmanlari bir bo’lib, bu imperiyani qulatishi mumkin, tarixda imperiyalar ko’p yashamagan”, deydi.

“Uyg’urlar mustaqil davlat bo’ladi, tibetliklar mustaqil bo’lishi mumkin. Xitoyda 8 million mo’gullar bor, yerini Xitoy o’zlashtirib olgan. Ular ham ajralib mustaqil bo’lishi mumkin”.

Ekspert fikricha, o’zga yerlarga ko’z tikayotgan Xitoy bu bilan o’zining kelajagiga bolta urmoqda.

Tojikistonning Zarafshon vodiysidan bo’lgan o’zbek ziyolisi Obloqul Musoyev millatlatlarga e’tibor qaratilib, Xitoyda ham yer millatlarga qarab bo’linishi kerak deb hisoblaydi.

“Bir qarich yerimizni ham birovga berishimiz kerak emas. Xalq albatta bu narsadan norozi bo’lyapti. Matbuotda turli xil bahs-munozaralar ketmoqda. Biz o’z yerimizni ko’r-ko’rona birovlarga hadya qilib bermaylik”.

“Eshitishimga qaraganda, deputatlar orasida shu yerimizni falon davlatga berishimiz mumkinmi deyilganda, deputatlar u yer o’zi qayerda joylashganini bilmagan. Biri turib o’zi qayerda bu yer deb so’raganida, “bir tog’li joyda” desalar “ha bo’lmasa bizga nima kerak, beraveringlar” degan. Uzoqqa arqonni tashlamagan deb o’ylayman. Mumkin o’sha joyimiz ertangi kunda Tojikistonimizni boqadigan joy bo’lib qolishi mumkin”, - deydi Obloqul Musoyev.

Ba’zi mustaqil tahlilchilarga ko’ra, qashshoq Tojikiston katta bosim o’tkazishi mumkin bo’lgan Xitoyga yon berib, o’zining kelajak xavfsizligini ta’minlab olgan.

XS
SM
MD
LG