Breaking News

Rahmon bir umrlik prezident? Referendum


Tojikistonda Emomali Rahmonga bir umrlik prezident maqomini berishga qaratilgan referendumga tayyorgarlik boshlangan. Tadbir mamlakatda kuzatilgan qurolli to'qnashuvlar, muxolifatdagi Islom uyg'onish partiyasining ekstremist tashkilot sifatida e'lon qilinishi ortidan o'tkazilmoqda.

Emomali Rahmon nomzodini cheklanmagan marta prezidentlikka ko'rsatish, nomzodlar yoshini 35 dan 30 ga tushirish bo'yicha referendum 22-mayga belgilandi. Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, 68 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Referendumga nisbatan norozilik bildirgan muxolifatdagi Sotsial-demokratlar partiyasi tadbirda qatnashmoqchi emas.

Islom uyg'onish partiyasi ustidan esa sud ishi davom etmoqda. Hukumat bu partiyani ekstremistik tashkilot deb e'lon qilgan, qator a'zolari hibsda. Ular davlat to'ntarishida, general Abduhalim Nazarzoda yetakchiligida kuzatilgan qurolli to'qnashuvlarda aloqadorlikda ayblanmoqda.

Tojikistondagi fuqarolik urushi davrida tashkil topgan Islom uyg'onish partiyasining siyosiy maydondan yo'qotilishi, shu asnoda boshlangan ommaviy hibslar va bosimlar kuchayishi xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan qoralagan.

Bu borada bayonot tarqatgan Human Rayts Uotch (Human Rights Watch) tashkiloti xalqaro jamoatchilikni Tojikistonda fuqarolik urushi bartaraf etilgan davrdan keyingi inqirozli holat yuzaga kelagani haqida ogohlantiradi. AQSh va Yevropa Ittifoqini bu inqirozni jim kuzatmaslikka, keskin pozitsiya bilan chiqishga chaqiradi.

Yevropa Ittifoqi va Tojikiston o'rtasidagi munosabatlar 17-fevral kuni Bryusselda muhokama qilingan. Tashqi ishlar vazirliklari darajasida o'tgan majlisda Yevropa Ittifoqi rasmiylari quyidagini ta'kidlagan: Ekstremizm tahdidi kuchayib borayotgan bir sharoitda Tojikiston hukumatining konstutsiyaviy tuzumni himoya qilish harakatini tushunish mumkin, ammo siyosiy maydonni cheklamaslik zarur.

Rossiyada ishlayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev muhojiratdagi tojikistonliklar himoyasi bilan ham shug'ullanib keladi.

Uning aytishicha, repressiya to'lqini nafaqat mamlakatdagi, balki Rossiyadagi tojikistonlik faollarni ham chetlab o'tmayapti.

“Rossiyadagi tojikistonliklar mamlakatdagi vaziyatdan, tojik hukumatidan norozi. Afsuski, Tojikiston ham O'zbekistondagi kabi repressiyalar yo'nalishini tanladi. Islom uyg'onish partiyasining taqiqlanishi o'zi bir holat bo'lsa, mamlakatdan tashqaridagi tojiklar ham repressiyaga tutilayotgani boshqa bir holat. Bu Moskvada yashayotgan, hatto Rossiya fuqaroligi bor tojiklarni ham chetlab o'tayotgani yo'q. Hukumat ularni Tojikistondagi uylarini tintuv qilayapti, qarindosh-urug'larini tergayapti. Hozirgi holat menga O'zbekistonda 1997-98 yillar davomida kuzatilgan ommaviy repressiylar davrini eslatmoqda”, - deydi u.

Hamroyevga ko'ra, mayga belgilangan referendum natijalari hozirdan ma'lum. Prezident Rahmon o'z oilaviy sulolasi hukmronligini mustahkamlamoqchi.

“Lekin sulolani tanklar yordamida, siyosiy partiyalarni yopish, qatago'nlar bilan mustahkamlab bo'lmaydi. Hozir dunyo o'zgargan, dinastiyalar hukmronligi qaytmaydi. Tojikiston hukumati keskin bu vaziyatni yumshatish uchun o'z xalqini ichiga kirishi, xalq nimalar bilan yashayotgani bilan qiziqishi kerak. Aks holda, Rahmon nafaqat sulolasi, balki o'zining hukumatini ham saqlab qola olmaydi”, - deydi Bahrom Hamroyev.

Prezidentlik uchun nomzodlar yoshi 35 dan 30 ga tushirilishi prezident o'g'li, 2020-yilda 33 yoshga to'ladigan Rustam Emomaliga poygada qatnashish imkonini beradi.

Avvalroq Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi ham Tojikistonda avj olgan hibslar natijasida yuzlab siyosiy mahbuslar paydo bo'lishi mumkinligi haqida bayonot tarqatgan edi.

Tojikistonda fuqarolar urushi bartaraf etilishi ortidan prezidentlikka kelgan Emomali Rahmon referendum natijasida bir umrga prezidentlik uchun nomzod bo'lish huquqini qo'lga kiritishi mumkin.

Turkmanistonda ham prezidentlik muddatini besh yildan yetti yilga uzaytirish yuzasidan muhokamalar boshlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG