Tojikistonda ham paxta terimi avjida, u yerda ham dehqonga qiyin


Tojikistonda ham Markaziy Osiyoning boshqa jumhuriyatlarida bo’lgani singari paxta terimi avjida. Paxta respublikaning asosiy daromad manbalaridan biri.
Sho’rolar davrida Tojikistonda yiliga 700 mingdan 900 ming tonnagacha yuqori sifatli paxta hosili olingan bo’lib, uning tola uzunligi eng sifatli va qimmatbaho hisoblangan.
Hozir yiliga 250 ming tonnadan sal ko’proq paxta teriladi, sabab ekin maydonlari qisqarib ketdi, yerlar sho’rlanib yaroqsizlandi, yerga ishlov sust, mineral o’gitlar tanqis, markazlashgan ta'minot yo’q.
Hosilni mashinada terish allaqchon tushga aylangan, paxta qishgacha qo’lda teriladi.

O’zbekistondan farqli ravishda bir necha yildirki ommaviy terimga o’quvchilar jalb qilinmaydi. Idora va tashkilotlardan har kuni o’n minglab hasharchilar ixtiyoriy-majburiy ravishda dalaga chiqariladi.

Terilgan har kilogram paxta uchun mavsum boshida 9-10 sentdan, qishga yaqin to 20 sentgacha haq beriladi. Erkaklari mardikorlikda bo’lgan xonadonlarning qiz-juvonlari uchun bu pul ishlashning yaxshi vaqti sanaladi.

Birinchi terimda kuniga 300 kilogrammdan ortiqroq paxta terib, kechga yaqin ro’zg’origa 37-40 dollar pul ishlab kelish ko'plab oilalar uchun quvonchli hol.
Dehqon xo’jaliklari terimchilarni jalb etish uchun terilgan paxta pulini o’sha kunning o’zida naqd berishmoqda, lekin dalalarda hosil ko’p bo’lsada ishchi yetishmaydi.
Terimda aksar yosh qiz-juvonalar bo’lib, ularning eng chaqqoni kuniga 160-180 kilogrammgacha paxta teradi.
Juda ko’p hollarda termchilarning tushlik ovqatlari o’zlari bilan bakalashkada olib kelgan sovuq choy, non, oqqand, yangoq-mayiz va kuzgi mevalar bo’ladi xolos, issiq ovqat bo’lmaydi.

Terim kuniga 10 soatgacha boradi, tushlik uchun 30 minut atrofida vaqt ajratiladi. Buni terimchilarning o’zi ham istashadi, shunki imkoniyat borida ko’proq paxta terib, yaxshiroq pul ishlash kerak.
Baquvvatroq tashkilot yoki korxona ishchilari yuqoridan berilgan “tavsiya”ga ko’ra dalaga chiqarilar ekan, ma’muriyat o’z ichilari uchun dalaning o’zida mazali va yog’li issiq ovqat tashkil etadi.
Tadbirkorroq yordamchi ayollar terimga chiqishar ekan, erta tongdan o’zlari bilan hovlisidagi chorvani yetaklab, yonida ularni ham boqadi, qaytishda esa, pushta chetidagi tut barglaridan 1-2 qop sidirib olishadi.

Tut barglari chorva uchun juda to’yimli ozuqa hisoblanadi. Bu ham terimchilarni dalaga undovchi bir jihatdir. Chunki, kolxozlar tugatilib, yerlar dehqon xo’jaliklariga bo’lib berilgan ekan, har qarich yer hisobda va o’z egasini topgan, ilgarilaridek hamma ham qoramolni dalada emin-epkin boqa olmaydi.
O’z ishiga puxta sarmoyador dehqon xo’jaliklari terimning dastlabki 10-15 kunidayoq yillk rejani uddalab, yerni kuzgi bug’doy ekiniga tayyorlab qo’yishadi, almashlab ekish va agrotexnika qoidalariga amal qilinadi. Ammo xo’jaliklar orasida bunday ilg’orlar ko’p emas.
Qo’lda terilgan birinchi terim paxtaning zavodda ishlangan tolasi pishiqligi va uzunligi bilan xaridorgir hisoblanadi va dunyo bozorida tonnasi 1700-1800 dollargacha baholanadi.

Tajribali dehqon xo’jaliklari raislarining fikricha, xususiylashtirilgan paxta zavodlari egalari terim boshidanoq har kilogramm paxta uchun o’sha kunning o’zidyoq 25-30 sentdan haq to’lashni yo’lga qo’ysalar hosil yog’in-sochin kunlarga qolib ketmaydi

Ba’zi agranomlarning hisobicha, zavod egalari hozir har kilo paxtadan 3-4 baravar foyda ko’rishmoqdayu, dehqonlar ta’minotiga jon kuydirishmaydi.
Mutaxassislarning fikricha, qimmatbaho xom ashyo respublikaning o’zida tayyor mahsulot darajasiga yetkazilmas ekan, paxta yetishtirish dehqonlar uchun mashaqqatli mehnat bo’lib qolaveradi.
XS
SM
MD
LG