Tojikistonda oziq-ovqat o'zi qimmat, ro'za oldidan narxlar yanada ko'tarildi


Iqtisodi qishloq xo’jaligiga asoslangan Tojikistonda oziq-ovqat tanqisligi sezilmoqda. Ramazon oldidan asosiy yegulik mahsulotlari narxi yanada ko’tarilib ketdi.

Aholi nafaqat mehnat muhojirlari jo’natayotgan pulga, balki chetdan kiritalayotgan oziq-ovqat mahsulotlariga ham muhtoj. Ramazon oldidan mamlakatda go’sht va go’sht mahsulotlari, mahalliy aholining asosiy yemishiga kiruvchi kartoshka, sabzi, piyoz singari poliz mahsulotlari ham kutilganidan ancha qimmat.

Narx-navoning balandligi sabab choyxonada o’tirish ham kamayib qoldi, deydi Хo’jandda mardikorlik qilayotgan oliy ma’lumotli Rahmatjon Qodirov.

“Go’sht narxi 40 somonga chiqib bormoqda, choyxonada o’tirolmaydigan bo’lib qoldik hozirgi zamonda. Bodom, tog’pista 60 somon. Molbozorga borsangiz mol yo’q, sababi chorvaga yem-xashak qimmat. Bir kilo kunjara 3 somon, bir dona somon press 15 somon, bir bosh molni dalada boqib kelishga oyiga 150-200 somon pul olishadi. Dushanbedan kelib, bozordan sigiru-qisiriga qaramasdan dehqondan ko’tarasiga molni sotib olishmoqda, Ramazondan oldin arzon bo’lishi o’rniga mahsulotlar qimmat bo’lib ketmoqda”, - deydi Qodirov.

Dushanbeda ham go’sht narxi oldingi 34 somondan (1 AQSh dollari = 5,3 somon) 40 somonga yetgan, viloyatlarda 35 somonga ko’tarilgan.

Mahalliy hukumat savdo bo’limi xodimi, molshunos Voris Haydarov qimmatlashuv vaqtincha ekanini aytadi.

“Sabab shuki, chorva oziqlari o’zi qimmatlashib ketgan. Adirlarda yog’ingarchilik bo’lmay, lalmi yerlarda o’t-o’lanlar qovjirab, xashak qimmatlashib ketdi, hammasi o’tib ketadi”, - deydi u.

Poytaxt bozorlarida Ramazon oldidan narxlar ko’tarilganidan norozilikni har qadamda eshitish mumkin. Nima ham qilardik, qimmat bo’lsada olishga majburmiz, cho’chqa go’shti yemaymizku, nimayam qilardik, toqat qilamizda kabi so’zlar doimiy gap.

“Shaharning u burchagi Giprozemdan markaziy bozorga keldim. Yog’ qo’shib olmasangiz, yaxshi go’sht berishmaydi. Tokaygacha Amerikaning “nojka Bushka”sini yeymiz, hukumat qayerga qaraydi, bilmaymiz”.

Ramazon oldidan qimmatchilikka aholi o’rganib qolgan. Ilgarilari Dushanbe hukumati qassoblarga go’sht narxini tushirishga buyruq bersa, qassoblar do’konlarni yopishgan va go’sht kamayishiga sabab bo’lgan. Bu yil poytaxtda boshqacha yo’l tutishga qaror qilishdi.

Dushanbening iqtisod va savdo boshqarmasi boshlig’i Sayfullo Omonov kerakli mahsulotlar bozor uchun oldindan yig’ib qo’yilganini, muhtoj bo’lgan tadbirkorlarga esa zarur miqdorda moliyaviy yordam uyushtirish ko’zda tutilganini bildiradi.

“Omborda mahsulotlar zaxirasini qildik. Bundan tashqari to’rtta davlat molbozori bor, unga arzon narxda mol chiqaramiz. Pulga muhtoj tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beramiz, shu bilan bozorni to’ldirishga umid qilamiz”.

Hukumat vakili fikricha, narxlarning ko’tarilishi aholi qo’lida pul miqdorining ko’payishiga ham bog’liq. Uning aytishicha, 760 ming aholi Dushanbeda kuniga 15 tonna mol go’shti iste’mol qilarkan.

Xalqaro sog’liqni saqlash qo’mitasi volontyorining ta’kidicha esa buncha aholi kuniga 45 tonna go’sht iste’mol etishi zarur.

Markaziy Osiyo bo’yicha go’shtning eng qimmati Dushanbeda, Toshkentda 32-34 somon, Bishkekda 27-28, Kobulda esa 25 somonga bir kilogram go'sht xarid qilish mumkin, deydi volontyor. Uning aytishicha, Tojikistonda iste’mol qilingan go’sht miqdori jon boshiga o’tgan yili o’rtacha 14 kilogrammni tashkil etganki, bu juda ham ozdir. Dunyo bo’yicha bu ko’rsatkich o’rtacha 55-60 kilogrammni tashkil etsa, Avstraliyada 110 kilogrammga etadi.

O’g’illari Rossiyada, o’zi uch kelin va yetti nevarasi bilan uyda qolgan nafaqaxo’r o’qituvchi Latifa Ibragimova kamovqatlikka o’rganib qolganini aytadi.

“Hozir go’sht qimmatligi uchun faqat okorochka yeymiz, o’zimiz ham okorochka bo’lib ketdik. Hademay ro’za boshlanadi, asli ro’za tutmasak ham o’zi o’tgan kunimiz ro’za, durust narsa yemasak… hamma narsa qimmat bo’lsa, hayronman qanaqa qilib ro’za tutamiz bunaqada? Odam hayron qoladi, o’zimizda yetishtiriladigan sabzining kilosi 4 somon bo’ladimi?”

Mutaxassislarning aytishicha, mahalliy aholining vaqtida va yetarlicha ovqatlanmasligi, iste’mol taqchilligi xalq orasida asoratli kasalliklarning ko’payishiga sabab bo’lmoqda.

XS
SM
MD
LG