Joriy yilning 6-noyabrida Tojikistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Yoshlar va kasaba ittifoqlari mamlakatni 21 yildan beri boshqarib kelayotgan Emomali Rahmonni yana nomzod deb ko’rsatmoqda. Unga alternativ ravishda yana olti nomzod bor, lekin ularning markaziy komissiya ro’yxatidan o’tishi gumon ostida.


Saylovga oz qolgan bo’lsa-da, siyosiy hayotda, jamoatchilk orasida faollik sezilmaydi. Odamlar o’z tashvishi bila band.

Uch marta saylangan Rahmon yana qayta tanlanishiga hech kim shubha qilmaydi. Unga muqobil ravishda dastlab islohotchi kuchlar yig’ini huquqshunos Oynixol Bobonazarova nomzodini ilgari surdi.

Yana besh kishi, xususan Kommunistik partiyadan Ismoil Talbakov, Agrar partiyadan Tolibbek Buxoriyev, Demokratik partiyadan Saidjafar Ismonov, Iqtisodiy islohotlar partiyasidan Olim Boboyev, Sotsialistlar partiyasidan Аbduxalim G’afforovlar nomzod sifatida ko’rsatilgan.

Mahalliy ekspert Valentina Doroninaning aytishicha, bu nomzodlarning birortasi Rahmonga munosib raqib bo’la olmaydi.

"Muxolifatdan biror taniqli shaxsni kutgandik, ammo ular birlashgan holda ko’pchilikka tanish bo’lmagan huquqshunos ayolni ko’rsatdi", - deydi u.

“Bu bilan ular ayni siyosiy vaziyatda zarur kuchga ega emasliklarini tan olishgan ko’rinadi, ehtimol bu yerda muxolifat orasidagi biron intriga rol o’ynagandir. Chunki biz Sotsial demokratlar partiyas raisi Rahmatullo Zoirov nomzodi ilgari suriladi deb o’ylagandik. Islomiy uyg'onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriyning saylovda ishtirok etmasligi kunday ravshan edi. U juda zukko siyosatchi, o’zining imkoniyatlari nechog’ligini juda yaxshi biladi. Uning Rahmonga qarshi borishi mutaassiblar ko’paygan jamiyatni ikkiga bo’lishi shubhasiz, uning bu qarorini tushunsa bo’ladi”, - deydi Doronina.

Shoir O’lmas Xol fikricha nomzodlar orasida huquqshunos Bobonazarova saylov shaffof va demokratik tarzda o’tsagina imkoniyatlari kattaroq. Bugungi dunyoda ayollarni davlat tepasiga keltirish tendensiyasi mavjud, deydi u.

“Bunga Margaret Tetcher, Angela Markel, Braziliya, Hindiston, Pokistonda o’tgan rahbarlarni misol keltirish mumkin. Ularning hammasi o’z yurtida taniqli shaxslar bo’lgan. Lekin Oynixol Bobonazarovani Tojikistonda ko’pchilik tanimaydi. Islom aqidalari chuqur ildiz otgan Tojikistonda ayol kishining davlat rahbari etib saylanishiga ko’zim yetmaydi. Biroq bizning jamiyat yangilanishga muhtoj va agar saylov demokratik tarzda o’tsa, hukumat tazyiq o’tkazmasa, Oynixol opa ancha ovoz olishi mumkin, chunki saylovchilarning aksari xotin-qizlardan iborat. Buning ustiga, bugungi davlat qurilishidan ko’pchilikning dili qolgani hech kimga sir emas. Qolgan nomzodlarning barchasi nomiga qo’yilganini ularning o’zlari ham biladi”, - deydi shoir.

Tojikistondagi muxollif partiya faollaridan biri, ismini aytishni istamagan suhbatdosh ayol nomzodi mamlakat tarixida ilk bor prezidentlikka ko’satilganini yoqlamas ekan, jamiyatda ayol oilaga e’tibor qaratishi zarur, musulmon mamlakatida ayol podsholikka o’tirsa, mamlakat xarob bo’ladi, deydi.

Xo'janddagi “Amerika burchagi” rahbari Madina Po’latova bu kabi mulohazani xurofot hisoblaydi. Uning nazarida, bu masalada G’arbdan o’rnak olish shart emas. Qo’shi Qirg’iziston tajribasidan o’rgansa bo'ladi.

Bobonazarova yaqinda matbuot bilan ushrashuvda joylarda uning vakillariga mahalliy hukumat odamlari tazyiq o'tkazayotgani, noqonuniy so'rovlar bo'layotgani, turli vajlar bilan qonunda ko’rsatilmagan hujjatlarni talab qilishayotganini ta’kidladi.

Mahalliy kuzatuvchilar so'zlariga ko'ra, nomzod ko’rsatish vaqti yakunlanar ekan, qator shaharlarda shu kungacha shtablar tuzilmay turib, ba'zilar o’n minglab imzo to’playotgani shubhali.

Bunday vaziyatda, ya'ni tizim bir kishi uchun ishlayotgan sharoitda, adolat uchun kurashib kelgan Bobonazarova o’z nomzodini qaytarib olishi mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG