Breaking News

Tojikiston: Prezidentlikka nomzodlar turli qiyinchiliklardan nolimoqda


Tojikistonda prezidentlik saylov kampanyasi sust davom etmoqda. Emomali Rahmon chetida ro’yxatdan o’tgan nomzodlarning barchasi respublika bo’ylab saylovchilar bilan uchrashishda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Tojikistondagi saylovoldi manzara, siyosiy ta’qiblar/Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:53 0:00
Yuklab oling

Saylov jarayonida “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotining Tojikiston borasidagi navbatdagi hisobotida ham nima ko’p - tanqid.

6-noyabrda o’tadigan poygada Rahmon qatorida yana besh kishi ishtirok etishi kutilyapti. Birlashgan muxolifatdan nomzod Oynihol Bobonazarova ta’qiblar kuchliligidan nolib, bellashuvni tark etgan.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” saylovning tashkiliy jihatlari borasida tashvish izhor etarkan, hukumatni siyosiy ta’qiblarni to’xtatib, uni adolatli va shaffof tarzda o’tkazishga chaqirgan.

Tashkilot xulosasida saylovchi va nomzodlar uchun teng sharoit yaratilmagani, oppozitsiya namoyandalariga qarshi o’tkazilayotgan sud mahkamalari, ularni zo’ravonlik bilan ajratib qo’yish, siyosiy raqiblarni ta’qib etish faktlari isbotlab berilgan.

Tojikistonda bir necha bor bo’lgan va mahalliy sharoit bilan yaqindan tanish “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Stiv Sverdlov deydiki, bunday sharoitda adolatdan gapirib bo’lmaydi.

“Bunaqada saylovlar dunyo jamoatchiligi oldida adolatsiz va noqonuniy ko’rinadi. Barcha nomzodlarga bir xil sharoit yaratilishi shart. Poygadan chiqib ketgan Oynihol Bobonazarova vakilimizga qarindoshlari va tarafdorlariga o’tkazilgan ta’qiblar haqida gapirdi. Bu sharoitda tenglik va adolatdan gapirib bo’lmaydi”, - deydi u.

“Human Rights Watch” xulosasini Tojikistonda ba’zilar respublika ichki ishlariga aralashish deb hisoblaydi. Huquqshunos Munavvar Hamroyevaning aytishicha, xalqaro tashkilotlar Tojikistonda buzg’unchilik bilan shug’ullanadi.

“Rossiyada to’g’ri qilishyapti bunaqalarni dumini tugib. O’z uyimizida o’zimiz tartib o’rnataylik axir”, - deydi u.

Tojikiston Sotsial demokratik partiyasining navbatdan tashqari o’tkazilgan sakkizinchi syezdida saylov jarayoni qoniqarsiz topilib, hukumat tutgan yo’l qattiq tanqid qilingan edi. Partiya faollari Emomali Rahmonning saylovda ishtirokini noqonuniy hisoblab, boykot e’lon qilishgan. Lekin partiyaning ba’zi faollari ham bizning qo’limizdan hech nima kelmaydi, deyishadi.

Sharqshunos jurnalist Tilab Rasulzoda respublikani yangi liderga muhtoj deb hisoblaydi.

“Bizga, tojik millati uchun shunday shaxs kerakki, siyosat maydonida obu-tobida chiniqqan bo’lsin. Hozirgi saylovda ishtirok etayotgan alternativ nomzodlarni xalq tanimaydi hisob, saylov sahna asariga o’xshaydi”, - deydi u.

Yana bir jurnalist Rajab Mirzo bo’lajak saylov unga 1992-yilni eslatishini aytarkan, regionda Tojikiston uchun kurashayotgan tashqi kuchlar ortganini ta’kidlaydi.

“U vaqtlarda Tojikistonda Rossiya o’z manfaatlarini himoya qilardi, hozir esa bu yerda AQSh, Yevropa, Eron va Xitoy ham o’z musiqasini chalishni istaydi. Emomali uchun ovoz berarkanmiz, biz o’zimizni o’zimiz tang ko’chaga tiqib qo’yamiz. Men saylovga chiqaman, lekin byulletenda barcha nomzodlar ismini o’chirib tashlayman. Bu qog’ozlarni yaroqsiz hisoblayverishsin, chunki men aynan shunday hisoblayman”, - deydi Mirzo.

“Human Rights Watch” vakili Stiv Sverdlov saylovoldi jarayonini sharhlarkan, Tojikiston hukumati xalqaro qoidalarga hurmat bilan qarashi lozimligini uqtiradi:

“Xalqaro tamoyillarga mos o’tkazilgan durust saylovlar ovozlarning to’g’ri hisoblanishigina bo’lib qolmay, butun jarayon, axborot vositalari erkinligi, turli yig’inlar o’tkazish huquqi himoya qilinishi va kafolatlanishi hamdir. Hukumatning harakatlari tashkilotlar faoliyatini chegaralaydi, fikr bildirish erkinligini bo’g’adi, saylovning ozod va adolatli o’tishini savol ostiga qo’yadi”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG