Tojikistonda prezidentlik saylovi yaqinlashgani sari yurt muhim o’zgarishlar ostonasida turgandek ko’rinadi. Ziyolilar fikricha, noyabr oyida rejalangan saylov ko’p narsani hal qilishi mumkin.


Amaldagi prezident Emomali Rahmon unda qatnashishini bildirmagan va uning demokratik o’tishiga kafolat berishini ta’kidlagan. Ammo ko’pchilik uning parlamentga yillik murojaatining o’rinsiz targ’iboti, yoshlar bilan uchrashuvda ularga sovg’a, planshetlar tarqatishi, hukumatning muxolifatga qarshi ayovsiz harakatlari zamirida keskinlikni ko’rishadi.

Taqvodor ziyolining aytishicha, prezidentning Oliy Majlisga murojaati juma namozlarida qayta-qayta tilga olinishi odamlarning me’dasiga tekkan.

Mahalliy ekspert, taniqli tojik jurnalisti Jo’ra Yusufiy bunda hech qanday yomonlik ko’rmaydi.

“Jamiyat – musulmon jamiyati, ustiga-ustak din ta’siri kuchayib ketmoqda, hukumat diniy maskanlardan foydalanar ekan, bir hisobda ekstremizm va radikalizm oldini oladi”, - deydi u.

Hukumat vakillari joylarda prezident ma’ruzalarining tashviqoti har yerda joiz, chunki prezident millat lideri, mamlakat rahbari, bu uning prerogativasi deyishadi.

Tojikiston islom uyg’onish partiyasi Sug’d viloyati raisi Naimjon Sa’miyev hukumat vakillarining firklariga qarshi turarkan, prezident vakolatini suiiste’mol qilmoqda deb hisoblaydi. U qonunga ko’ra, din davlatdan ajratilgan va biri-birining ishiga aralashmaydi, shuning uchun ham masjidlarda davlat rahbarining chiqishi targ’ib qilinishiga qo’shilmayman, deydi. Uning so’zlariga ko’ra, bu chiqishlar juda ko’p, uzundan-uzoq ma’ruzalarning amalga oshirilishi ham qiyin bo’ladi.

“Albatta, u barcha fuqarolarning prezidenti. Qonunga xilof bo’lmagan so’zlari aytilaverishi kerak. U aytadiki, SSSR davrida 20-30 kishi hajga borganu, istiqlol davrida 200 ming kishi bordi deb. 200 ming kishining hajga borishi bu – haqqimiz, haliyam kam boribdi, ko’p xaridor bor bu yo’lga. Yoki qancha masjidlar ochiq, yoki urushni esga solaverish. Masjidni ochish bu – davlat vazifasi. Vazifasini bajargan odam qanday maqtaladi? Rejalar bajarilsa, ortiqcha ishlar qilinsa, maqtasa bo’ladi. Ammo davlat rejani ham bajarmayapti”, - deydi u.

Taqvodor student Valijon Hakimov masjidga siyosatni eshitishga roki yoshlarga planshetlar tarqatganini eshitishga kelmaganmiz, deydi. Din-maslak o’z yo’liga, siyosat o’z yo’liga.

Ekspert Yusufiy fikricha, mamlakat liderining chiqishlarini masjidlarda targ’ib etayotgan imom-xatiblar to’g’ri qilishadi. “Har qanday davlatda hukumat jamiyatga yot aqidalarga qarshi kurashadi. Aynan saylov arafasida bu kurash yanada zo’rayishi tabiiy. Tojikistonimizda diniy aqidaparastlik kuchayib, radikal qarashlar zo’raygani hech kimga sir emas”, - deydi u.

O’rta maktab o’qituvchisi Nigora Mamadaliyeva mustaqil televizion kanallar va internetda prezident Rahmonga qarshi targ’ibotlarni eslatadi.

“Prezidentning to’yini ko’rsatib gapirishdi, yoshlarga sovg’a berib o’ziga qaratmoqda deyishdi. Bolalarga internet bersa yaxshimasmi? Prezidentga qarshi gaplarni ham yoshlar internetdan oladiku! Demak, prezidentimiz oqil, dono yo’ldan bormoqda, uni qo’llashimiz kerak, aqlli odamlar shunday qiladi”, - deydi u.

Ba’zi kuzatuvchilar Tojikistonda jamiyat anglab bo’lmas g’alati ta’sir ostida turibdi va bu ko’p o’tmay o’zini ko’rsatadi deyishadi.
XS
SM
MD
LG