Xalqaro guruh Tojikistonni erkin saylovlarga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Oynihol Bobonazarova, inson huquqlari faoli

Oynihol Bobonazarova, inson huquqlari faoli

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotining bildirishicha, Tojikistonda 6-noyabrda bo’ladigan prezident saylovlaridan oldin hukumat muxolif arboblarni tazyiqqa olmoqda. Guruh Dushanbeni erkin va raqobatli saylovlar uchun sharoit yaratishga chaqirmoqda.

Xalqaro tashkilotga ko’ra, hukumat raqobat va munozarani bo’g’gan. Yagona haqiqiy nomzod hisoblangan Oynihol Bobonazarova bosimga uchrab, 11-oktabr kuni poygadan chiqishga majbur bo’ldi. U ikki muxolif guruh – Sotsial-demokratlar partiyasi va Tojikiston Islom uyg’onish partiyasidan yagona nomzod sifatida ko’rsatilgan edi.

“Human Rights Watch” ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Xyu Uilyamsonning aytishicha, saylovdan oldin muxolifat rahbarlarini do’pposlash, ularga qarshi jinoiy ishlar ochish, tashqi dunyodan ajratib qo’yish kabi usullar keng qo’llanmoqda.

“Saylovchilar erkin tanlash imkonidan mahrum”, - deydi mutaxassis.

21-oktabrga qadar olti nomzod ro’yxatga olingan, jumladan mamlakatni 1994-yildan beri boshqarayotgan Emomali Rahmon. U to’rtinchi muddatga saylanish umidida. Qolgan besh nomzod qo’g’irchoq arboblar bo’lib, Rahmon siyosatini qo’llab-quvvatlaydi, deyiladi “Human Rights Watch” bayonotida.

Tashkilotga ko’ra, mamlakatda matbuot qattiq nazoratga olingan, muxolifat o’z fikrini keng ommaga yetkaza olmayapti, ular uchun davlat matbuotiga yo’l to’silgan, respublikada mustaqil telestansiyalar yo’q.

Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar prezident Rahmonni saylovlar arafasida inson huquqlariga e’tiborliroq bo’lishga chaqirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG