Breaking News

Saylov arafasida Tojikiston muxolifati adolatsizliklardan shikoyat qilmoqda


Xo'jand, Tojikiston
Xo'jand, Tojikiston

Tojikistonda shu yakshanba parlament quyi palatasi - Majlisi Namoyandagon va mahalliy boshqaruv idoralariga saylovlar bo’lib o’tadi. Quyi palatadagi 63 o’ringa hozir 185 nomzod da’vogar; ularning saksontasi nomzodini o’zi qo’ygan vakillar. Saylovning borishini ikki yuzga yaqin xalqaro kuzatuvchi nazorat qilayapti. Aksariyati (qariyb 160 nafari) Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi vakillari.

Tojikistonda parlament saylovlari, Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:28 0:00

Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Saidboy Zokirov saylovchilar bilan uchrashuvlarda partiyalar o’rtasida adolatsiz taqsimot bo'lgani haqidagi e'tirozlarni inkor etib, hammaga teng sharoit yaratilganini ta’kidladi.

"Markaziy komissiya barcha uchrashuv-majlislarda ishtirok etishga vazifador emas-ku, - deydi u. - Xo'jand shahriga taklif etishdi, u yerda sakkiz siyosiy partiya uchrashuv o’tkazdi, bironta monelik, hech qanaqa gap bo’lmadi, hamma narsani yaxshi tomonini ham ko’ra bilish kerak".

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi faoli Ilhom Yoqubov, qonunbuzarliklar mavjud, biz kechirmoqdamiz, oqibati ishqilib yaxshi bo’lsin, deydi. Yoqubovning aytishicha, partiyaning oddiy a’zolaridan boshlab, partiya raisi Muhiddin Kabiriygacha tazyiqlar bo’lgan, bosim o’tkazilgan.

"Varaqalarimizni qasddan yo’q qilib yuborishdi, biz hammasini kechirdik, lekin Xalq demokratik partiyasidan birontasiga til tekkizishsa, sud qilib yuborishadi, tarafkashlik shu darajada bo’ladimi, bu adolatdanmi?” - deb kuyunadi u.

Xalq demokratik partiyasi vakillari esa bu iddaolarni inkor etadi.

"Bir joyga ikki-uch suratlarni yopishtirgan edik, yo’q! Ularni kim olib tashlaydi, kim yirtib tashlaydi? Kechirasiz-u, bu biron partiya a’zosi yoki katta odamning emas, o’yinqaroq bolalarning ishi", - deydi hukmron partiya vakili.

Saylovning tenglik asosi haqida gapirarkan, Sug’d viloyat saylov komissiyasi a’zosi Muattar Raxmonova parlamentga partiyaviy ro’yxat bo’yicha Xalq demokratik partiyasidan ham, TIUPdan ham yigirma yettitadan nomzod, sotsial demokratlardan 17, agrar partiyadan 13, kommunistlardan atigi 7 nomzod qatnashmoqda, qolganlari to’rt-oltitadan, demokratiya bo’lsa, shunchalik bo’ladi-da, deydi.

Saylov uchastkalari oldida va ko’chalarda nega bir partiya targ’iboti ko’rinadi-yu, boshqalari ko’zga tashlanmaydi, degan savolga komissiya a’zolaridan biri, “Qo’ying, meni yozib olmang, man bilmasam buni, yuqorida kattalar bilishadi”, - deydi sekingina.

Bosim o’tkazilgan nomzodlardan arzu-shikoyatlar olgan huquqshunos Fayziniso Voxidova aslan, barcha muammolar joyida hal qilinishi mumkin bo’lgan masalalar deydi.

"Menga kelgan barcha arzu-shikoyat, takliflarlarning barchasini joyida hal qilish mumkin bo’lgan muammolar. Mushkullik, asosan, ba’zi partiyalar orasidagi ayirmachilikda, ba’zilari esa davlat tili imtihonidan qasddan o’tkazilmaganini aytishadi. Lekin bularning hammasi tuzatiladigan narsalar, - deydi huquqshunos.

TIUP faoli saylov xalq farovonligi yo’lida qoyiladigan qadam bo’lishiga ishonamiz, mamlakatimiz prezidenti aytganidek, bu saylov tinchlik garovi, birligimiz omili bo’lib qoladi, islom partiyasi butun harakatini bu saylov tinch va osoyishta o’tishiga, el yagonaligi ramzi bo’lib qolishiga qaratib kelmoqda, deydi.

Tojikistondagi saylov jarayoniga oid fotolavha bilan "Amerika ovozi"ning "Yoshlariston" blogida tanishishingiz mumkin:

Tojikistonda saylov jarayoniga tayyorgarlik qizg'in

XS
SM
MD
LG