Tojikiston G’arb bilan yaqinlashmoqchi, Kreml ruxsati kerakmi?


Tojikiston G’arb bilan yaqinlashmoqchi, Kreml ruxsati kerakmi?

Tojikiston G’arb bilan yaqinlashmoqchi, Kreml ruxsati kerakmi?

Iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashgan Tojikiston, ayniqsa, Amerika va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini mustahkamlashga harakat qilayapti.

Lekin, deydi siyosatdonlar, Rossiya tabiiy zaxiralarga boy Markaziy Osiyoni qo’ldan boy bermoqchi emas. Shu sabab region Kremil roziligisiz mustaqil siyosat olib borishi qiyin, deydi ular.

Ekspertlar fikricha, Rog’un GESi qurilishida Rossiyaning pang berishi Tojikistonni Yevropaga yuz tutishga majbur qilgan.

Germaniyada malaka oshirgan jurnalist, Xo’jand Davlat universiteti matbuot xizmati boshlig’i Nabialloh Sunatiy aytadiki:

“Yevropa bilan yaqinlik aslida alohida tashqi siyosat deb tushunilmasligi kerak. Dunyo siyosati bugun global siyosatdir. Yevropa Ittifoqi bizning energetik sektorni qo’llab-quvvatlayotgani biz uchun juda muhim. Ittifoq davlatlari Rog’un qurilishiga ijobiy qarashmoqda”.

Nabialloh fikricha, Tojikistonning Yevropaga muhtojligi haqiqat. “Lekin G’arbning ham bizga muhtojligi bor”, - deydi u.

“Bizdan ma’naviy ozuqa oladilar. Chunki, Yevropa madaniyat va uslub-odoblarimizni e’tirof etadi, unga ta’zim qiladi”, - deydi jurnalist.

So’g’d viloyat O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi o’rinbosari Gavharniso Ergasheva regionga o’tish yo’li sifatida qarayotgani Yevropaning xatosidir deb hisoblaydi. Bunday fikrni G’arb olimlari ham e’tirof etgan.

Italiyalik tahlilchi olim Fabrisio Velmini nazarida ham Yevropa davlatlari mintaqaga avval boshdanoq noto’g’ri qaragan.

“Mahalliy muammolarni standart sxema yoki reseptlar bilan hal qilish mumkinligiga ishonish, Markaziy Osiyo jamiyatidagi turlicha sharoitni e’tiborga olmaslik, bo’shanglik edi”, - deydi olim.

Yevropa mintaqada Rossiya bilan hamkorlikda ish yuritishi ma’qul, deya fikrlaydi u.

“G’arb bugungi kunda Tojikiston regionda Afg’oniston, Pokiston va Hindiston uchun juda zarur energiya manbai ekanini tushunib yetmoqda”, - deydi Ergasheva.
“Shu bois Tojikistonga e’tibor qaratish, ko’proq investitsiya kiritish lozim”, - deydi u.

Nabialloh Sunatiy ham Rossiyasiz ish tutish qiyin, deb hisoblaydi.

“Biz hammamiz Kreml saltanati ostidamiz va o’tayotgan har qanday maslahatu uchrashuvlar Kremlning roziligisiz bo’lmaydi. Zero, biz Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligidamiz. Buning mazmuni shundan iboratki, undagi kelishuvlarga qo’l qo’ygan har bir davlat “katta og’a” ning roziligisiz biron ish qilmasin”.

XS
SM
MD
LG