Tojikiston: Adolatsizlik, yetishmovchilik g'azab va beqarorlikka yetaklaydi


Xo'jand, Tojikiston

Xo'jand, Tojikiston

So'nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarida ko'plab yoshlar ekstremistik oqim va guruhlarga qo’shilib ketdi. Suriya, Iroq va Afg'onistondagi terrorchilar orasida o'nlab o'zbeklar, tojiklar, qirg'izlar va uyg'urlar bor.

Tahlilchilar deydiki, ularning aksariyati Rossiya orqali jalb etiladi. Tojikiston beqaror Afg’oniston bilan chegaradosh ekani, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz sabab muhojirlardan kelayotgan pul kamaygani, milliy pulning qadrsizlanishi, mintaqadagi og’ir ijtimoiy holat - bularning hammasi yoshlarni yo’ldan urishda qo’l kelmoqda.

Xalqaro terrorizmga qarshi kurash, yoshlarni uning domiga tushishdan saqlash hozir Tojikiston hukumatining asosiy vazifalaridan bo’lib qolmoqda. Mamlakatda yangi ish o’rinlari yaratish, sport inshootlari, turar-joy binolarini qurish kerak.

Targ’ibot-tashviqot ishlariga e’tibor ortmoqda. Bu masalada hatto AQSh Davlat departamenti ham ko’mak ko’rsatmoqda. Ma'lumki, mintaqada Amerikadan eng ko'p ko'makni Tojikiston oladi. Ektremizm va terrorizmga qarshi loyihalar uchun grantlar beriladi.

Sug’d viloyat prokurori, general-mayor Habibullo Vohidov regionda jinoyatchilik aynan ekstremizm va terrorizmga bog’liq ishlar sabab ko’paygan deya, 2015-yilda bu kabi jinoyatlarga daxldor 344 holat ko’rilganini aytgan. Bu oldingi yildagiga qaraganda qariyb ikki barobar ziyoddir.

Turli jinoy to’dalarga qo’shilib qolayotgan yoshlar, jumladan Spitamen nohiyasida ko’paygan. Buni ba’zilar nohiyaning chegara mintaqasi ekanligi bilan izohlasa, boshqalar qashshoqlikni sabab ko’rsatishadi.

Shu nohiyadan Shohida Yusupova bu kabi ko’rishishlar jamiyatni tashvishga solayotganin aytarkan, joylarda tashkil etilgan targ’ibot-tashviqot guruhlarining faoliyati qoniqarli emasligini ta’kidlaydi.

"Nohiyamizda yuqori sinf o’quvchilari va yoshlar bilan ijodkorlar ishtirokida terrorizmga qarshi targ’ibot ishlari olib borilmoqda. Ko’rgazmali vositalardan foydalanilmoqda. Lekin bu kifoya qilmaydi, ekstremistik qarashlar va terrorizmga qarshi har qanday foydali vositalarni ishga solish zarur",-deydi Shohida.

Tadbirkor Akmal fikricha, yoshlarni yo’ldan urayotgan jinoyatchilar ularning moliyaviy qiyinchiliklari, og’ir iqtisodiy sharoiti va tajribasizligidan foydalanadi. Uning aytishicha, ularning to’riga tushgan yoshlar alamga to’lgan shaxslar.

"Mana shu alam qilib yurgan odamlar azob chekib yuribdi. Hozirgi sharoitda yomonlarning zamoni keldiki, och ko’payib ketdi. Ishsizlik, pulsizlik odamlarni qiynamoqda. Bunday sharoit ularga yoshlarni o’z domiga tortishga juda qo’l kelmoqda. Mana shu vaqtda nazoratni kuchaytirish kerak. Har qanday och odamni dushman pul beraman deb yo’ldan urishi mumkin",-deydi Akmal.

Tadbirkor ta’kidlaydiki, mahalliy hukumatning yoshlarni yo’ldan urayotganlarga qarshi zarur harakatlar ko’rmayotgani xalq g’azabini keltirmoqda. Agar hukumat chora ko’rmasa, ish olomonning o’zboshimcha harakatigacha borib etishi mumkin.

Huquqshunos Ra’no Yoqubova tahlilicha, mamlakatda mafkuraning sustligi, qonunning ustuvor emasligi, hukumat idoralariga odamlarning ishonchi yo’qolganligi sabab, kishilar gumrohlikdan ekstremistik to’dalarga qo’shilib kemoqda.

"Prezidentimiz harakat qilmoqda, ammo bir o’zi hech narsa qilolmaydi. Bizda mafkura sust, uni mustahkamlash zarur. Masalan, o’zim bir rayonda yashasam, na nohiya raisiga ishonchim bor, na nohiya prokuroriga, na nohiya milisiyasiga. Chunki, men ularga bir ariza bilan borsam, shu ishni qonun bo’yicha menga hal qilib berishmaydi. Bizda bunga mansabdorlarni o’zi rioya qilmaydi. Shuning uchun odamlarimiz gumroh bo’lib, o’sha ekstremistik to’dalar ularga pul taklif etmoqda, shularga qo’shilib ketmoqda. Shunday qilishsinki, xalq ularga ishonsin, yo’lgiz prezident tribunadan chiqib gapiraveradi, gapiraveradi, qo’l ostidagilar o’sha narsani qilmasa qanday bo’ladi? Qaysi bir davlatda qonun kuch bo’lsa, ya’ni, barcha mansabdorlar, to oddiy xalqgacha hammamiz agar qonunni e’tirof etsak, riyoa qilsak, shu davlat kuchli bo’ladi",- deydi huquqshunos Yaqubova.

Mahalliy ziyolilar ta'biricha, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirib, iqtisodiy-ma’naviy inqirozga barham berilmas ekan, ahvol og'irligicha qolaveradi.

XS
SM
MD
LG