Dodojon Atovulloyev qo'yib yuborilgan

  • Amerika Ovozi

Interpol

Interpol

Tojikistonning eng ko'zga ko'ringan jurnalistlaridan va muxolifat yulduzlaridan biri Dodojon Atovulloyev 20-avgust kuni Gruziya poytaxtida hibsga olingan edi. 21-avgust kuni u Germaniyaga yetib borgan.

Arbob Interpol iltimosi bilan ushlab turilgan, chunki Tojikiston hukumati xalqaro politsiyadan buni so'ragan.

Atovulloyev "Charog'i Ro'z" oylik nashri bosh muharriri va noshiri. Shuningdek, u "K+" mustaqil telekanalida o'z haftalik dasturiga ega.

Jurnalist vatanni 2001-yilda unga nisbatan tazyiq kuchaygan bir davrda tark etgan.

"O'lim tahdidi qayerga bormay meni tark etmaydi",- deydi Atovulloyev.

2012-yilning yanvarida unga Moskvada pichoq bilan hujum qilingan edi. Atovulloyev o'shanda qattiq jarohatlangan.

Ayni damda jurnalist Germaniyada qochqin maqomiga ega, ya'ni uni hibsga olib, Tojikiston hukumatiga topshirish xalqaro qonunlarni buzish demakdir.

Shu bois bo'lsa kerak, Gruziya unga Germaniyaga uchib ketishga ruxsat bergan.

Parijda asoslangan "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti rasmiy Tbilisidan Atovulloyevni zudlik bilan qo'yib yuborishni talab qilgan edi.

Emomali Rahmon ma'muriyati nazarida Atovulloyev xalq dushmani va vatani taraqqiyotini ko'ra olmayotgan, chetdan turib olib, prezident va respublika rahbariyatiga qarshi tuhmat yog'dirayotgan shaxs.

Dodojon Atovulloyev

Dodojon Atovulloyev

Atovulloyev esa Tojikiston hukumatini chuqur korrupsiya, vijdonsizlik va irodasizlikda, xalq mulkini o'marib, respublikani yanada qashshoq bir mamlakatga aylantirib qo'yganlikda ayblaydi.

Tojikistonda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, chet eldagi muxolifatga bosim oshgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG