Tojikistonliklar: Badaxshon davlati haqidagi gaplar – ig’vo


To'gli Badaxshon

To'gli Badaxshon

"Yangi davlatlar tarixda faqat urushlaru qon to’kishlar orqali tuzilgan, tashvishimiz o’zimizga yetarli”, - deydi mahalliy ziyolilar.

Tojikistonning Tog’li Badaxshon muxtor viloyatida ikki millionga yaqin odam yashaydi. Asosiy qismi baland qorli Pomir tog’laridan iborat bu hudud aholisi sho’rolar davrida ham nisbatan mustaqil bo’lib, markazdan ayri yashashga ko’nikkan.


Badaxshon aslida o’tgan asrlarda Chor Rossiyasi va Buyuk Britaniya o’rtasidagi kelishuvga ko’ra ikkiga bolinib, keyinchalik bir qismi sovet Tojikistonida, qolgani Afg’onistonda qolgandi. Tojikiston Badaxshonida o’tgan yilgi qonli majarolardan so’ng hudud mustaqilligi haqida gaplar paydo bo’ldi. Bu qanchalar haqiqatga yaqin bo’lishi mumkin?

Ming kvadrat kilometrdan ortiq yerlari Xitoyga berib yuborilgani va o’tgan yilgi hukumat kuchlari va mahalliy aholi o’rtasida o’tgan qonli to’qnashuv badaxshonliklar yodida uzoq saqlanadigan bo’ldi.

Keyingi vaqtlarda tarixiy Badaxshon yerlarini qayta birlashtirib, yangi davlat qurish mumkinligi haqidagi gaplar paydo bo’ldiki, buni Tojikiston hukumati navbatdagi provokatsiya deb atamoqda.

Ziyoli Tohir Sultonovga ko’ra, bularning bari shimoldan kelayotgan soxta gap bo’lib, xalq unga ishonmaydi.

Mahalliy ekspert Abujabbor Yo’ldoshev bo’layotgan gaplarni safsata hisoblarkan, xalqning o’zi ikki Badaxshon birlashishini istamasligini aytadi.

“Bu qudratli davlatlarning o’yini. Farg’ona vodiysida xalifalik haqidagi gaplarni oldin ham eshitganman, endi Badaxshonni aytishmoqda. Shimoldan Rossiya, sharqdan Xitoy bunga yo’l qo’ymaydi. Chunki, bu ularga katta kulfat keltirishi aniq, ayniqsa Xitoyga. Negaki, Sharqiy Turkistonda uyg’urlar mustaqillik istab kelishmoqda, u gaplarning hammasi o’ylab topilgan soxta farazdan boshqa narsa emas”.

Sug’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupov bunday farazlar xatarli deydi. U Checheniston, Gruziyadagi voqealarga ishora qiladi. Uning fikricha, Tojikistonda yangi davlat qurilishi uchun hech qanday poydevor yoq.

“Buni maxsus xizmatlar ekperiment sifatida chiqarishi, chuqur yotgan manfaatni yuzaga chiqarish uchun qilishi mumkin. Vodiyga kelsak, qaysidir fitnachilar shunday imkoniyat bor, shunday qilsak bo’ladi, yashash imkoniyatlari bor deyishlari mumkin. Lekin turkiy xalqlar birligini ta’minlaydigan bir mafkura yo siyosatning yo’lini topolmay turganimizda aksincha, uni barbod etish yo’liga borishimiz kerakmi? Bu – fitnachining ig’vosidan boshqa narsa emas”, - deydi u.

Ekspert Yo’ldoshev mustaqil Badaxshon davlati haqidagi gaplarni rus tahlilchilari va G’arb davlatlari qilayotgan o’yin deb hisoblaydi. Tojik va afg’on Badaxshoni birlashib alohida davlat bo’lishiga ishonmaydi u.

“Gеоpolitik nuqtai nazardan bu kimga ma’qul keladi? Mintaqada hech kim buni istamaydi, hech kim urushni istamaydi. Yangi davlatlar tarixda faqat urushlaru qon to’kishlar orqali tuzilgan, tashvishimiz o’zimizga yetarli, biz rivojlanishimiz shart”,- deydi u.

Rossiyalik tadqiqotchi Dmitriy Aleksandrov ham yangi davlatlar haqidagi gaplarni uydirma deya ta’riflaydi:

“Bunday holat Markaziy Osiyoda faqatgina mutlaq tarqoqlik sharoitida yuz berishi mumkin, o’shanda davlatga o’xshash qandaydir birlashuv bo’lishi mumkin. Nazarimda hozircha bu afsonadan boshqa narsa emas”.

Mahalliy tahlilchilar fikricha, fitnali farazlar manfaatdor kuchlar tomonidan oldin mintaqaning o’zida shakllantirilib, so’ng chetdan rivojlantirilmoqda.
XS
SM
MD
LG