Tojikiston istiqlolning 22 yillini nishonladi. O’tgan davrda katta o’zgarishlar bo’ldi, mamlakat besh yillik fuqarolar urushini boshdan o’tkazdi.

Mintaqaning eng qashshoq mamlakati hisoblangan Tojikistonda (o’rtacha yillik maosh 1800-2000 dollar) aholi tez ko’paymoqda va 8,5 miionga yaqinlashgan.

2013-yilga kelib iqtisod yuksalayotgandek ko’rinsa-da, tahlilchilarga ko’ra, bunda mehnat muhojirlarining hissasi katta. Yiliga tovar ayirboshlash 5 millard dollardan ortiq. Bu 2002-yildan uch yarim barobar ziyod.

Rasmiylarga ko’ra, o’tgan sakkiz oy mobaynida ish izlab 610 mingdan ortiq odam respublikadan chiqib ketgan, 100 mingga yaqini xotin-qizlar. Mehnat muhojirlaridan qo’lma-qo’l berib yuboriladigan puldan tashqari, banklar orqali Tojikistonga birgina Rossiyadan yiliga 3 milliard dollardan oshiq pul keladi.

Rasmiy manbalar ishlab chiqarish yildan yilga ko’tarilayotganini ta’kidlasa, mustaqil tahlilchilar bozorlarda molning 90 foizga yaqinini chet el mahsuloti tashkil etishini aytadi.

Maorif sohasini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash maqsadida joriy yilda 2 milliard 13 million somon (1 dollar = 4,85 somon) sarflangan bo’lsa, mahalliy ziyolilar fikricha, soha haligacha jiddiy islohotlarga muhtoj.

Faqat shu yilning o’zida respublikada 60 ga yaqin o’rta maktablar qurib foydalanishga topshirilgan, minglab o’quvchilar uchun qo’shimcha sinf xonalari qurilgan. Maorif vazirligiga ko’ra, ikki mingga yaqin malakali o’qituvchilar yetishmaydi.

Prezident Emomali Rahmon so’nggi chiqishida Rossiyadan to'rt ming rus o’qituvchisini Tojikistonga ishga chorlab, ular uchun yetarli maosh va turar-joy va’da qilgan. Eng oddiy maishiy qulayliklarsiz, olti oy chiroqsiz qanday ishlashi mumkinligini tasavvur qilish qiyin.

Tashqi iqtisodiy aloqalar va moliya sohasida Xitoyning ulushi tobora ko’payib, mahalliy matbuotda “xitoylashmoqdamiz” degan ibora tobora ko’p uchraydi.

Xususan, tashqi qarzning asosiy qismi Xitoyga to’g’ri keladi, aloqa va yo’l qurilishida ham xitoyliklar peshqadam.

Tom ma’nodagi energetik mustaqilikka erishish uchun Tojikiston hukumati bir qancha muhim qarorlar qabul qilgan, ammo energiya manbalari va kommunikatsiya masalalasida qo’shnilarga qaramlik hamon muammo.

Bunga yechim deb ko’rilgan Rog’un GESi qurilishi iqtisodiy loyihadan siyosiy masalaga aylanib, O’zbekiston bilan munosabatlarning yanada sovuqlashuviga sabab bo’ldi.

O’tgan yetti yilda energetika sektori rivojlanishi uchun 12 milliard somon sarflangan, yetmishdan ortiq kichik GESlar qurilgan. Lekin ba’zi rahbarlarning ta’kidlashicha, kichik gidrostansiyalar barpo etishda korrupsiya va puxta rejalanmagan loyihalar to'siq bo'layapti, chetdan olingan mablag’ talon-taroj qilinmoqda.

Shuningdek, tahlilchilar Tojikistonning tashqi dunyo bilan aloqalarida G’arb davlatlarining salmog’i ortib borayotganini qayd etadi. Masalan, USAID loyihalari orqali mustaqillik yillarida ko’rsatgan yordami 900 million dollardan ortgan.

Jamiyat uchun muhim sanalgan mudofaa va sog’liqni saqlash sohasida ham AQSh hukumati va xalqi tomonidan berilayotgan ko’mak salmoqli baholanadi. Faqat shu yilning o’zida Dushanbe, Istravshan, Xo'jand singari shaharlarda minglab odamlarga xizmat ko’rsatadigan tibbiyot va diagnostika markazlari qurilib, jihozlangan. Mahalliy mutaxassislar Fransiya, AQSh kabi davlatlarda malaka oshirib qaytishgan.
XS
SM
MD
LG