Breaking News

Tojikistonda islomiy partiya yopilishiga turlicha munosabat


Islom uyg'onish partiyasiga rahbarlari hibsda. Ularga qurolli guruhga sheriklik, hukumat to’ntarishiga urinish, davlatga xiyonat ayblari qo’yilgan.
Islom uyg'onish partiyasiga rahbarlari hibsda. Ularga qurolli guruhga sheriklik, hukumat to’ntarishiga urinish, davlatga xiyonat ayblari qo’yilgan.

Tojikiston mudofaa vaziri sobiq muovini, isyonchi general-mayor Abduhalim Nazarzoda yetakchiligidagi jangarilar guruhi yo’q qilingach, Islom uyg’onish partiyasi (TIUP) rahbarlaridan bir guruhi hibsga olingan.

Tojikistonda islomiy partiya yopilishiga turlicha munosabat - Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:46 0:00

Bu haqda xabarlar tarqatayotgan turli manbalar mamlakatda vaziyat tobora keskin tus olayotgani, davlat to’ntarishiga urinish bo’lganiga urg’u berishadi.

TIUPning 13 yetakchi rahbarlariga qurolli guruhga sheriklik, hukumat to’ntarishiga urinish, davlatga xiyonat ayblari qo’yilgan. Ba’zi tahlilchilar respublikada vaziyat izdan chiqishi mumkin deb hisoblaydi.

Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev aytadiki, bugungi sharoitda hukumat olib borayotgan siyosat oqibatiga baho berish mushkul, chunki Afg’oniston tomonda ham, Qirg'iziston tomonda ham chegara notinch.

"Hoji general o’ldirildi, lekin aslida nima bo’lgan, buning ortida nimalar bor, hammasi taxminiy gaplar. Buning ortidan islomiy partiya berkitildi desa ham bo’ladi. Bularning oqibati nima bilan tugaydi, hisob berib bo’lmaydi, rejim esa endi borgan sari qattol bo’lib boraveradi", - deydi Yo’ldoshev.

Huquqshunos Fayziniso Vohidova respublikada keskinlik yanada zo’raysa zo’rayadiki, aslo kamaymaydi deb fikr yuritadi.

"Bu yo’l bilan hukumat vaziyatni yanada keskinlashtirsa keskinlashtiradiki, aslo yaxshilamaydi, buning oqibatlarini aytishga til bormaydi. Fuqarolarimizdan bir qanchasi Suriya va Iroqdagi janglarda ishtirok etmoqda, qanchasi o’lib ketdi. Yana qanchasi bu yerda tish qayrayapti hech kim bilmaydi, mana shuni o’ylash kerak", - deydi Vohidova.

Tojikistonlik o’zbek olimi, dotsent Ilhom Yusupov TIUP faollari qamoqqa olingani va ularning faoliyatiga barham berilishiga xayrixohligini yashirmas ekan, vaqt oliy hakam, xalq ham vaqti bilan hukumat to’g’ri yo’l tutganini tushunib yetadi, deb hisoblaydi.

"Ularning pirovard asosiy maqsadi baribir tanqid qilib yurib, islom davlati qurish. Buni o’z nomi bilan aytib turibdi. Ochiqchasiga yurib, tarafdorlarini ko’paytirib yurgani yaxshimi yoki radikallashib, noto’g’ri faoliyat olib borayotganini isbotlab, ularni to’xtatganimiz yaxshimi? Ularga ochiqchasiga yurib, tarafdorlarini ko’paytirishga imkon bergandan ko’ra, uning falsafasi cheklangani ma’qulroq ko’riladi", - deydi Yusupov.

Ekspert Valentina fikricha, Doronina TIUP lideri Muhiddin Kabiriyning siyosiy hayotiga nuqta qo’yildi, respublika Bosh prokuraturasi ochgan jinoiy ishda jiddiy ayblovlar bor.

"Partiyaning barcha yirik faollari bir-ikki kun orasida qamoqqa olindi. Shuncha qurolli to’qnashuvlardan so’ng hech kim ularni oqlamaydi, himoya ham qilmydi", - deydi Doronina.

Rasmiylarga yaqin turuvchi diniy ulamolardan biri, qori Orifjon aytadiki, Tojikistonda aslan islom partiyasiga hojat ham bo’lmagan. Negaki, din davlatdan ajratilgan, shunday ekan, ularning siyosatga daxolati bo’lmasligi kerak.

"Buni siyosat olib borish deyiladi. Bu davlatga egalik qillish uchun talashib-tortishishning o’zi, buni islom diniga bog’lash kerak emas. TIUP shu yo’ldan bordi, ularning alal-oqibat maqsadi o’zi islom davlati qurish. Nima, xalq shunga ko’nadi deb o’ylaysizmi? Hukumatimiz to’g’ri ish tutmoqda", - deydi qori Orifjon.

Jamiyatshunos Ne’matullo Mirsaidov fikricha, mamlakatda siyosiy tazyiqlar kuchayar ekan, bosim har tarafdan ortib boraveradi, natija esa portlashga olib borishi mumkin.

"Qanchalar tazyiq o’tkazsalar, qarshilik shu qadar kuchayib boradi. Ichki vaziyat, ba’zilar o’ylayotgandek, hozir barqarorlashdi deb bo’lmaydi. Ozodlikni bu qadar cheklayaptilarki, u qadar bo’lmasligi kerak. Bosim ortgan sari portlash xavfi kuchayib boraveradi, bu qonun. Endi oldinda bizni nimalar kutyapti, aytish qiyin, oxiri baxayr bo’lsin", - deydi Mirsaidov.

TIUP siyosiy boshqaruvi a’zosi Hikmatullo Sayfullozoda qamoqqa olinishidan oldin partiyani berkitish harakatida bo’lgan Adliya vazirligi chiqishlarini noqonuniy hisoblab, rasmiylarning ishini asossiz deb baholagan edi.

Ilhom Yusupov fikricha, islom partiyasi faollarining hibsga olinishi siyosiy nuqtai nazardan to’g’ri bo’lishi mumkin, buni vaqt ko’rsatadi.

"To’g’ri yo’l tutilganini xalq keyinroq tushunadi, chunki boshqa yo’l yo'q, boshqa imkoniyat yo’q. Ularni hibsga olinib, tergov qilinishida qancha asos bor, vaqt ko’rsatadi. Biz ularning qanaqa gaplar qilganini bilmaymiz, ularni ushlab so’roqqa olishlariga, faoliyatlarida qanchalar to’g’ri-noto’g’ri yo’l yurganligini tekshirishlariga maxsus tuzilmalarning asosolari bordir", - deydi Yusupov.

Tojikistonning tog’li nohiyalaridan birida yashovchi Shoislom Pirnazarovning aytishicha, ularning hududlarida hech qanday diniy oqimda turuvchilar yo’q va bo’lmagan ham, turli vahimalarga asos yo’q.

"Bizlarda biron bir diniy o’qimlar yoq, bechora xalq borib namozini o’qib, chiqib ketaveradi. Bizda unaqa ishlar, vahobiy, salafiy degan gaplar yo’q, bo’lmagan ham. Ko’p vahima qilishga nima hojat bor, men tushunmayman", - deydi to’g’li tojik.

Tojikistonda hozir barcha rasmiy va norasmiy manbalar hukumat tutgan yo’lni qo’llab quvvatlovchi xitobu-chaqiriqlarga to’lgan, hech kim ularga alternativ fikrlarni ochiqlamaydi.

XS
SM
MD
LG