Tojikiston Islomiy partiyasi hukumat bosimidan shikoyat qilmoqda


Markaziy Osiyoda islomiy yo’nalishdagi yagona legal partiyasi bor Tojikistonda muxolifatga tazyiqlar kuchaygan. Hukumat qariyb 40 ming a’zosi bo’lgan Islom uyg’onish partiyasi vakillarini ayrim ayblar bilan chetlamoqda, ularni radikallikda ayblamoqda.

Necha kundirki, partiyaning Spitamen nohiya bo’limi mahalliy hukumatning o’zlari ijaraga olgan binoni bo’shatib qo’yish haqidagi talabi ustida tortishib kelmoqda.

Bo’lim raisi Safarmahmad Abdulloyev ilgarilari nohiyada maorif bo’limi idorasi binosida ijarada turganliklarini, unda ham kabinetlarni o’z hisoblaridan ta’mirlab, ularga pul berib turganliklarini, ammo keyinchalik hukumat maorif binosida siyosiy partiyalar faoliyati man etilganligi haqidagi qonunni ro’kach etib u yerdan chiqarib yuborishganini ta’kidlaydi.

“Adabimizni yeganimizdan keyin pishiq bo’ldik. Nohiyadagi kinoteatr direktori bilan maslahatlashib, ularning binosini ta’mirlab, jihozlab necha yildan beri duppa-durust ishlab kelayotgandik. Direktorning o’zi shartnomaga qo’shimchalar kiritgandi, hammasi qonuniy edi. Aslida bularning maqsadi bizning ishga halal yetkazish, boshqa gap yo’q bu yerda”, - deydi Abdulloyev.

Mahalliy hukumat rasmiylari esa bu yerda hech qanaqa siyosat yo’q, gap faqat mulkdan noto’g’ri foydalanishayotganida, deyishadi. Ularning aytishicha, Islom partiyasi masalani siyosatga aylantirmoqda va g’avg’o chiqarishga urinmoqda. Ammo rasmiylar bu haqda mikrofonga gapirishni istashmadi.

Hukumatga muxollif partiya faollari Spitamen nohiyasi hukumatining talabini noqonuniy hisoblasharkan, bu ish aynan siyosiy ma’noga ega deb aytishadi. Buni Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi Sug’d viloyat raisi Ilhom Yoqubov ham ta’kidlaydi.

“Biz Spitamen nohiya davlat ijroqo’mi idorasiga bu ishlari g’ayriqonuniy ekanligi haqida rasmiy maktub yo’llab, ish bunaqa bo’lmasin deb talab qildik. Aksincha, birgalikda hamkor bo’lib ishlashga da’vat qildik. Bu siyosiy masala ekanligi kundek ravshan”, - deydi u.

Nohiyadagi binosi xarob holga kelgan kinoteatr direktori voqeaga sharh berarkan, har ikki tomondan ham xatolik o’tganini tan oladi. Mahalliy hukumat va Islom partiyasi faollari o’rtasidagi tortishuvdan uning ham asablari taranglashgan.

“Shartnomani imzolagan vaqtimizda ish boshqacha edi. Hozir qonun boshqacha talab qiladi. Bino ijaraga berilishi haqida konkurs e’lon qilinishi kerak. Biz nohiyada bunaqa vakolatga ega emasmiz, boring boshimni qotirmang, qayerga borsangiz boravering”, - deydi direktor.

Boshqa bir partiyaning keksa faoli aslida partiya xаlq ichida bo’ladi, ularni xalqdan ayirish mantiqsizlik, nima ish bo’layotgani hammaga tushunarli-ku, deydi.

Islom partiyasi yigit-qizlari sarflagan pullari va mehnatlariga kuyib qo’lishni istamasdan, taniqli huquqshunos Fayziniso Vohidovani himoyachilikka yollashgan. Advokat bino ijarasi haqidagi qonun buzilmaganligini e’tirof etarkan, hukumat bu bilan ikki maqsadni ko’zlamoqda, deydi.

“Tojikiston jumhuriyatining ijara haqidagi qonuni bor. Bu qonunda biron bir cheklovlar yo’q, hammasi o’zaro kelishilgan shartnoma asosida bo’ladi. Hukumat bu ish bilan ikki maqsadga yetmoqchi: birichidan, Islom partiyasi faoliyatini rayonda kuchsizlantirish bo’lsa, ikkinchidan, bu yo’l bilan ular o’zlaricha aholining Islom partiyasi atrofida jipslashishiga to’sqinlik qilmoqchilar. Lekin obro’larini to’kishmoqda, masala haqiqatdan ham siyosiy”.

Safarmahmad Abdulloyev hukmron partiya rahbariyati istagan joyda, istagan binosida joylashganliklarini misol keltirarkan, nega ularga mumkin-u, bizlarga mumkin emas deb kuyinadi. U haqlari uchun kurashib konstitutsion sudga, kerak bo’lsa xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishlarini aytadi.

“Xalq demokratik partiyasining o’zi Dushanbeda “Jomiy” nomidagi jumhuriyat madaniyat qasrining ikkinchi qavatini to’la egallab olgan. Shaharlarda ham eng yaxshi joylar ularniki. Biz ham endi jim o’tirmaymiz, xalqaro sudgacha beramiz. Biz ofis qilamiz deb qarib 20 ming somon sarfladik, lekin gap faqat puldamas, masala siyosiy tus olib bo’ldi. Bizning faoliyatimiz kuchayib borayotganidan, yanagi yil keladigan saylovlardan cho’chishmoqda ular”, - deydi faol.

2010-yildagi mahalliy saylovda Islom partiyasi faollari faqatgina Spitamen nohiyasida barcha saylov uchastkalarida o’z nomzodlarini qo’yishgan va qattiq qarshilikka uchrashgandi.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, saylovga bir yildan kamroq vaqt qolarkan, mana shunday yo’l bilan hukumat muxollif partiya targ’ibotini kamaytirishga erishmoqchi.
XS
SM
MD
LG